Timur Ishmetov: QQS bo‘yicha joriy yil yanvar-iyun oylarida tushumlar 2 trln. so‘mga kamaydi

Timur Ishmetov: QQS bo‘yicha joriy yil yanvar-iyun oylarida tushumlar 2 trln. so‘mga kamaydi

2020 yil 25 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Tadbirda koronavirus pandemiyasi davrida vujudga kelgan muammolardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy sohaga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

“2020 yil I yarim yillikda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti daromadlari 58,2 trln. so‘mni tashkil etib o‘tgan yil mos davriga nisbatan 7,5 trln. so‘mga ko‘p mablag‘lar undirildi. Mart oyining uchinchi dekadasidan karantin bo‘yicha qat’iy cheklovlar kiritilishi ayrim yo‘nalishdagi tadbirkorlik faoliyatining to‘xtashi yoki faolligining qisqarishi tufayli hamda berilgan soliq imtiyozlarini ham inobatga olgan holda, II chorakda soliq daromadlari I chorakga nisbatan -1,7 trn. so‘m yoki 7 foizga pasaydi.

Umuman olganda, 2020 yil 1 iyul holatiga soliq tushumlari 45,9 trln. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yil mos davriga nisbatan 6,8 trln. so‘mga (17,2 foiz) ko‘p mablag‘lar undirilgan.

Tushumlarni asosiy soliqlar kesimida qisqacha tahlil qiladigan bo‘lsak, qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha joriy yil yanvar-iyun oylarida tushumlar 14,3 trln. so‘mni tashkil etdi va bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 trln. so‘mga kamayib, yillik prognozga (44,2 mlrd. so‘m) nisbatan esa 32 foizni tashkil etdi.

Joriy yilning I yarim yilligida qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha tushumlarning kamayishiga qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasining 2019 yil 1 oktyabrdan 20 dan 15 foizga kamaytirilishi va tadbirkorlik sub’yektlari iqtisodiy faolligining pasayishi kabi omillar ta’sir qildi.

Sotib olingan asosiy vositalar bo‘yicha QQS 12/36 oy davomida teng ulushlarda emas, balki bir yo‘la qoplanmoqda. 2020 yil I yarim yilligida soliq to‘lovchilarga qoplab berilgan QQS summasi 1,6 trln. so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 barobardan ko‘proqqa o‘sib, korxonalar aylanma mablag‘larining qaytarilishini ta’minladi”, dedi majlisda so‘zga chiqqan Moliya vaziri Timur Ishmetov.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar