Toshkent davlat stomatologiya instituti Ispaniyada o‘z filialini ochdi

Toshkent davlat stomatologiya instituti Ispaniyada o‘z filialini ochdi

Joriy yilning 30 oktyabr kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan «Mamlakatimiz ta’lim-tarbiya tizimini tubdan takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar» masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida respublikadagi oliy ta’lim muassasalariga bir qator vazifalar belgilangan edi. Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent davlat stomatologiya instituti yuqori malakali va raqobatbardosh tibbiyot kadrlarni tayyorlashda, ta’lim va fan sohalaridagi xorijiy ilg‘or tajribalarni o‘rganish va tatbiq etishda xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirishga katta e’tibor bermoqda.

Jumladan, O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining xalqaro nufuzini mustahkamlash va uni mintaqaviy ta’lim sifatida tanitishda, Ispaniyaning Balear universitetining ADEMA stomatologiya universitetida Toshkent davlat stomatologiya institutining filiali tashkil etildi. Bu haqda Toshkent davlat stomatologiya instituti axborot xizmati xabar qildi.

2020 yilning 18 dekabr kuni Ispaniyaning Palma de Mayorka provinsiyasi rahbariyati, Ispaniyaning sog‘liqni saqlash vazirligi, Balear universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda mazkur kelishuv imzolandi.

Onlayn konferensiya tarzida o‘tkazilgan muzokarada Ispaniya sog‘liqni saqlash vaziri P.Gomes, Palma de Mayorka shahri meri X.Xila, Balear universiteti Prezidenti D.Karassko, Ispaniyaning O‘zbekistondagi faxriy konsuli Karlos Martines ishtirok etishdi.

Ushbu hamkorlik doirasida har ikkala oliy ta’lim muassasasi tomonidan har yili 30 nafar pedagoglar dars mashg‘ulotlariga jalb etilishi, stomatologiyaning oltita yo‘nalishi bo‘yicha ispaniyalik mutaxassislarni qayta tayyorlash va malaka oshirishlari uchun kurslarda o‘qitishga kelishib olindi. Shuningdek, 2021 yildan 100 nafar ispaniyalik talaba stomatologiya yo‘nalishi bo‘yicha malaka kurslariga qabul qilinadi va ispaniyalik bemorlarga O‘zbekistondagi tibbiy turizm tizimi salohiyatidan foydalanishga sharoit yaratish kabi yo‘nalishlar belgilab olindi.

Ma’lumot o‘rnida: Ispaniyaning Balear universiteti 1978 tashkil etilgan bo‘lib, Balear xukumati tomonidan boshqariladi. Bugungi kunda 18.000 ziyod talabalar ijtimoiy-gumanitar, tibbiyot, stomatologiya, texnika, axborot texnologiyalari kabi yo‘nalishlarda ta’lim olishmoqda. Universitet qoshidagi 7 ilmiy laboratoriyalarida biologii, ekologiya, raqamli tibbiyot va genetika yo‘nalishlarda ilmiy-tadqiqot izlanishlar olib borilmoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar