17-18 avgust kunlari Toshkentda tadbirkorlar bilan “Ochiq muloqot haftaligi” bo‘lib o‘tadi. Panel sessiyalari O‘zbekistonda xususiy sektorni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga bo‘lingan.
Xorijiy va mahalliy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga imtiyoz va preferensiyalar berish, xususiylashtirish va xususiy mulk daxlsizligini himoya qilish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, soliq va bojxona to‘lovlari, davlat xaridlari va qimmatli qog‘ozlar bozori masalalari shular jumlasidandir.
Tadbirda 9 ta sessiya tashkil qilingan bo‘lib, ularning har birida tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, tadbirkorlar ishtirok etmoqda:
- «Xorijiy investor, mahalliy tadbirkor va ishbilarmonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga imtiyoz, subsidiya va preferensiyalar taqdim etish hamda startap va innovatsion g‘oyalarni ko‘llab-quvvatlash»
- «Xususiylashtirish, bino ajratish, xususiy mulkni daxlsizligini himoya qilish»
- «Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish»
- «Soliq tizimi, bojxona, tarif va notarif masalalari hamda Mamlakatning xalqaro tuzilmalarga integratsiyalashuvi»
- «Davlat xaridlari, birja masalalari hamda tadbirkorlik sohasida raqamlashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish»
- «Hududlarda tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish borasida energetika, infratuzilma, qurilish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yanada takomillashtirish»
- «Biznesni moliyalashtirish, kreditlash hamda biznesni boshlash va sug‘urtalash, tegishli lizinglar ajratish hamda monopoliyaga qarshi kurashish»
Xaftalikda mamlakatimizning barcha hududlaridan tadbirkorlar ham onlayn, ham oflayn rejimda ishtirok etishmoqda. Hukumat va xususiy sektor o‘rtasidagi aloqaga mas’ul bo‘lgan davlat tuzilmalari vakillariga ko‘plab savollar kelib tushmoqda.
Misol uchun:
- bugungi kunda biznes vakillari subsidiyalar olish tartibini optimallashtirish va vaqtni qisqartirish zarurligi;
- biznes uchun onlayn platforma yaratish, u orqali barcha kerakli ma’lumotlar biznesni qo‘llab-quvvatlash tizimini taqdim etish;
- uzoq muddatli va raqobatbardosh moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatini oshirish;
- kichik sanoat zonalarini infratuzilma bilan ta’minlash;
- kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash kabi qator masalalar muhokama qilinmoqda.
Panel munozaralari davomida vazirlik va idoralar rahbarlari biznesni boshlashda startaplar va innovatsion g‘oyalarni ro‘yobga chiqarishda amaliy yordam ko‘rsatish, subsidiyalar berish orqali tadbirkorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, investitsiyaviy muhitni yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rish va boshqa shu kabi yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar haqida so‘zlab berishdi.
O‘z navbatida, biznes vakillari xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, yuqori texnologiyalarni joriy etish, elektron savdo maydonchalarini va umuman IT-tarmog‘ini rivojlantirish uchun mamlakatda yaratilgan imkoniyatlar haqida fikr almashdilar.
Bundan tashqari, muloqotning birinchi kunida ma’ruzachilar davlat xaridlari sohasidagi tendensiyalar, mamlakat qimmatli qog‘ozlar bozorining rivojlanishi, tadbirkorlik sohasida raqamlashtirish jarayoni sur’atlarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Muloqot vazirlik va idoralar rahbarlari, ekspertlar va ishbilarmon doiralar vakillarini bugungi kunda tadbirkorlarni qiziqtirgan eng dolzarb masalalar atrofida birlashtirdi.
Ma’lumki, 2021 yildan boshlab 20 avgust mamlakatda “Tadbirkorlar kuni” sifatida nishonlanib kelinadi. Biznes bilan uchrashuvlar an’anaviy tarzda o‘tkazilmoqda. Har yili ochiq muloqot shaklida eng dolzarb muammolar muhokama qilinadi, tadbirkorlik sohasidagi islohotlarning yangi yo‘nalishlari va noan’anaviy g‘oyalari ilgari suriladi.
Joriy yil Prezidentning tadbirkorlar bilan uchrashuvi 22 avgustda o‘tkazilishi mo‘ljallangan.
Bugun, 18 avgust kuni davom etayotgan panel sessiyalarida asosiy e’tibor energetika tarmoqlarini takomillashtirish, tadbirkorlik subektlarini moliyalashtirish va kreditlash, davlat organlari faoliyati va ularning iqtisodiyotga aralashuvi, ruxsatnomalar, litsenziyalar va sertifikatlar berish masalalariga qaratilmoqda.
Izoh qoldirish