O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida "Umumiy muvozanatning amaliy modellari va O‘zbekistonning JSTga va YeOII a’zo bo‘lishi ta’sirini baholash" mavzusida seminar tashkil etildi.
Seminarda Berlin Economics mustaqil konsalting kompaniyasi eksperti va O‘zbekistondagi Germaniya iqtisodiy guruhi a’zosi (GET Uzbekistan) Veronika Movchan ishtirok etdi.
Mazkur seminar O‘zbekistondagi Germaniya iqtisodiy guruhi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi o‘rtasidagi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi hukumatiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shma deklaratsiyaga muvofiq tashkil etilgan. Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida 2019 yil 21 yanvarda imzolangan memorandum bo‘yicha hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri bu: qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, ekspertlar fikrlari va qo‘shma seminarlarni tashkil etishdir.
Seminar davomida Veronika Movchan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlariga O‘zbekistonning YeOIIga a’zo bo‘lishining iqtisodiy sohalarga ta’sirini baholash uchun O‘zbekiston sharoitida yaratilgan umumiy muvozanat modelining dastlabki natijalariga to‘xtalib o‘tdi.
Umumiy muvozanat modelining hususiyatlari va tashqi kuchlarning iqtisodiyotga ta’sirini baholash uchun uni qo‘llash imkoniyatlarini muhokama qilish bilan birgalikda seminar qatnashchilari Yevrosiyo integratsiyasi tendensiyalari to‘g‘risidagi chuqur bilimlari bilan o‘rtoqlashdilar.
O‘z navbatida, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilish oqibatlarini baholashning muqobil modellari asosida o‘z ekspert baholarini taqdim etdilar. Muhokamalar davomida ekspertlar O‘zbekiston uchun umumiy muvozanat modelini ishlab chiqish bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini bildirganini ta’kidlash joiz.
Muhokama natijalariga ko‘ra iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha O‘zbekiston uchun modelni kengaytirish va to‘ldirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Aytilgan fikr va takliflar, shubhasiz, yuqori sifatli modellashtirish natijalarini olishga xizmat qiladi va kelajakda iqtisodiy siyosatning to‘g‘ri yo‘nalishlarini ishlab chiqishga yordam beradi.
Tomonlar iqtisodiy siyosatning asosiy yo‘nalishlarini belgilab oldilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida kelgusida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati
Izoh qoldirish