«UzAuto Motors» byudjetga 582,6 mlrd so‘m yig‘im to‘lamagani aniqlandi

«UzAuto Motors» byudjetga 582,6 mlrd so‘m yig‘im to‘lamagani aniqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 460-moddasida avtotransport vositalarini sotib olganlik va (yoki) O‘zbekiston Respublikasi hududiga vaqtinchalik olib kirganlik uchun yig‘im mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilgan avtotransport vositalari sotib olinganda, yig‘im qonun hujjatlarida belgilangan tartibda avtotransport vositalarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan to‘lanishi belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 18 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi avtomobil sanoatini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4397-son qarorining 3-bandiga asosan 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab yurtimizda ishlab chiqarilgan yangi avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan to‘lanishi qayd etilgan.

Hisob palatasining ma’lum qilishicha, «O‘zavtosanoat» AJ tizimidagi avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan 2020 yil davomida yig‘im to‘lanmasdan kelinmoqda. Masalan, «UzAuto Motors» AJ tomonidan 2020 yilning yanvar-sentyabr oylarida 582,6 mlrd so‘m yig‘im to‘lanmagan.

Shu sababli Hisob palatasi «O‘zavtosanoat» AJ tizimidagi avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilarni yig‘im to‘lashdan ozod etishni belgilovchi imtiyozni qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqligini ta’kidlamoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar