O‘zbekiston va Rossiya o‘zaro savdo aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazmoqchi (+foto)

O‘zbekiston va Rossiya o‘zaro savdo aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazmoqchi (+foto)

Joriy yil 22 iyun kuni Moskva shahrida O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiyaning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin raisligida o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari aniq amaliy mazmun bilan boyitilgani ta’kidlandi.

Oliy darajadagi uchrashuvlar yakunida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi izchil ta’minlanayotgani qayd etildi. Vazirlik va idoralar o‘rtasida faol muloqot olib borilmoqda, o‘zaro tashriflar tashkil etilib, hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlari aniqlanmoqda.

Ushbu munosabatlar faolligi O‘zbekiston prezidentining Rossiyaga kutilayotgan davlat tashrifi kun tartibining amaliy mazmuniga ham hissa qo‘shishi alohida ta’kidlandi.

Hukumatlar rahbarlarining fikricha, O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik barqaror rivojlanib kelmoqda.

Pandemiyaga qaramay, yil boshidan buyon o‘zaro savdo o‘sishi ta’minlandi. Joriy yilning o‘tgan davrida savdo aylanmasi 2020 yilning shu davriga nisbatan 15 foizga oshdi.

Ikki mamlakat prezidentlari hukumatlar rahbarlariga yaqin kelajakda savdo aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazish vazifasini qo‘yganligi qayd etildi.

Bunday natijaga faqat o‘zaro savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish hamda Rossiya va O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarining ikki mamlakat bozorlariga chiqishiga ko‘maklashish bo‘yicha izchil amaliy choralarni ko‘rish orqali erishish mumkin.

Tadbirda, shuningdek, transport, ta’lim, tibbiyot, tashqi mehnat migratsiyasi hamda madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama sheriklikni izchil rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan 10dan ortiq hujjatlar imzolandi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar