O‘zbekiston jahon iqtisodiyoti trendlarida

O‘zbekiston jahon iqtisodiyoti trendlarida

Butunjahon urbanizatsiya forumidagi chiqish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 17-18 may kunlari amaliy tashrif bilan Boku shahrida bo‘ldi. Tashrif doirasida davlatimiz rahbari BMTning Aholi punktlari bo‘yicha dasturi shafeligida o‘tkazilgan Butunjahon urbanizatsiya forumi 13-sessiyasining Yetakchilar sammitida ishtirok etdi va nutq so‘zladi, shuningdek, xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi.

Forum mavzusi – “Barcha uchun uy-joy: xavfsiz va barqaror shaharlar hamda hamjamiyatlar”. Forum kun tartibidan shaharlarni barqaror rivojlantirish, aholini zamonaviy va arzon uy-joy bilan ta’minlash, shahar muhiti sifatini oshirish, iqlim barqarorligini mustahkamlash, ijtimoiy va transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda uy-joyni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari o‘rin oldi.

O‘zbekiston Prezidenti sammitda so‘zlagan nutqida shaharlarni barqaror rivojlantirish masalasi Yangi O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Yaqin 15 yil ichida mamlakatimiz aholisi 38 milliondan 50 million nafarga ko‘payishi, urbanizatsiya darajasi esa 51 foizdan 65 foizga yetishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan yurtimizda shahar infratuzilmasi va uy-joy qurilishini keng ko‘lamda rivojlantirish dasturi amalga oshirilmoqda. So‘nggi 10 yilda barpo etilayotgan uy-joylarning yillik soni o‘n baravarga ortdi. 2025 yilda 238 mingta uy-joy ob’yekti qurilgan bo‘lsa, 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich yana bir yarim baravarga oshadi. Aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash dasturlariga har yili byudjetdan qariyb 2 mlrd. dollar mablag‘ ajratilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida bir qator xalqaro tashabbuslarni ilgari surdi. Davlatimiz rahbari kichik va o‘rta shaharlarni uyg‘un rivojlantirish maqsadida “mutanosib urbanizatsiya” tamoyillarini keng joriy etishga chaqirdi. Shuningdek, Prezidentimiz xalqaro “Aqlli va xavfsiz shaharlar alyansi”ni tashkil etish tashabbusini bildirdi. U shahar boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish sohasida texnologiyalar, standartlar va eng yaxshi tajribalar bilan almashish uchun platforma vazifasini bajaradi.

Yoshlar va aholining ehtiyojmand qatlamlarini sifatli hamda arzon uy-joylar bilan ta’minlash maqsadida 2027 yilda Samarqand shahrida uy-joy qurilishiga moliya va investitsiyalarni jalb etishdagi yangicha yondashuvlar yuzasidan xalqaro forum o‘tkazish taklif qilindi. Ekologik barqaror shaharlarni rivojlantirishni rag‘batlantirish maqsadida BMT-Habitatning (BMTning Aholi punktlari bo‘yicha dasturi, ya’ni barqaror shaharsozlik, arzon uy-joylar, iqlim o‘zgarishiga chidamlilik va infratuzilmalarni rivojlantirish agentligi) “Yashil shahar” xalqaro mukofotini ta’sis etish yana bir muhim tashabbus bo‘ldi. Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi Butunjahon urbanizatsiya forumining 15-sessiyasini 2030 yilda Yangi Toshkent shahrida o‘tkazish va uning bosh mavzusini “Shaharlarning barqaror rivojlanishida mahalla institutining o‘rni” deb nomlashni taklif qildi.

Butunjahon urbanizatsiya forumi doirasida 18 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, BMTning Aholi punktlari bo‘yicha dasturi (BMT-Habitat) ijrochi direktori Anaklaudiya Rossbax bilan uchrashuv o‘tkazdi. BMT-Habitat bilan shaharlarni barqaror rivojlantirish, shahar infratuzilmasini takomillashtirish hamda shaharsozlik sohasida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. O‘tgan yili Samarqand iqlim forumi doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlar ijrosi ham ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Butunjahon urbanizatsiya forumida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

YeXHT bilan kelishuvlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 may kuni mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Feridun Sinirlio‘g‘luni qabul qildi. Ochiq va konstruktiv muloqot yuksak darajaga chiqqani, O‘zbekistonning YeXHT va uning tizimidagi institutlar bilan hamkorligi izchil mustahkamlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tashkilot rahbariyati O‘zbekistonga tashriflarni muntazam amalga oshirmoqda, YeXHT DIIHB (Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi) missiyalari mamlakatimizda saylov jarayonlarini monitoring qilishda faol ishtirok etmoqda. Transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish, sud-huquq tizimini isloh qilish, gender tenglikni ilgari surish, inson huquqlarini himoya qilish va OAVni rivojlantirish sohalarida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarning natijalari alohida qayd etildi.

Tomonlar kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, raqamlashtirish va sun’iy intellektni rivojlantirish, kadrlar malakasini oshirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda “yashil” kun tartibini ilgari surish kabi ustuvor yo‘nalishlarda ham hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligini ta’kidladilar. Hamkorlik bo‘yicha yangi “yo‘l xaritasi”ni tayyorlab, O‘zbekistonda va YeXHT doirasida bir qator qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

BAA bilan davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish borasida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 may kuni Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. O‘zbekiston-BAA o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, avvalo, davlat boshqaruvi tizimi samaradorligini oshirish va ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligini ta’minlash borasidagi ishlarni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlat xizmati mexanizmlarini takomillashtirishning 10 ta asosiy yo‘nalishi bo‘yicha hamkorlikni nazarda tutuvchi qo‘shma “yo‘l xaritasi” izchil amalga oshirilayotgani qayd etildi. BAAning byurokratiyani qisqartirish sohasidagi ilg‘or tajribasi joriy etilmoqda. Tegishli dastur doirasida loyiha ofisi ishga tushirildi. Hozirga qadar qamrovi bir milliondan oshgan “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” ta’lim dasturini amalga oshirish natijalari ham e’tirof etildi.

Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va kamol toptirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish, qo‘shma taraqqiyot forumlarini o‘tkazish hamda O‘zbekiston rivojiga xizmat qiluvchi strategik va konseptual hujjatlarni tayyorlashni ilgari surish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 may kuni Ostona shahrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etdi. Kun tartibidan ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, sheriklikning ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalari o‘rin oldi.

O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqi avvalida YeOII mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil ravishda kengaytirish va chuqurlashtirish mamlakatimiz tashqi iqtisodiy siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolayotganini ta’kidladi. YeOII davlatlari bilan o‘zaro hamkorlik kompleks iqtisodiy sheriklik tusini olgani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari ittifoq bilan sheriklikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon qildi. O‘zbekiston va birlashma davlatlari o‘rtasida to‘siqlarsiz savdoning yagona raqamli makonini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi. Raqamli tranzitni joriy etish, kuzatuv tizimlariga ulanish hamda o‘tkazish punktlarini modernizatsiya qilish orqali “aqlli” transport-bojxona yo‘laklarini yaratish ishlariga kirishish taklifi bildirildi.

O‘zbekiston va YeOII mamlakatlari o‘rtasida kooperatsiya dasturini tayyorlashda Toshkentda o‘tkaziladigan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasi salohiyatidan foydalanish taklif etildi. Davlatimiz rahbari O‘zbekiston kooperatsiya bo‘yicha “yagona darcha” formatida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan hamkorlikda sheriklarni tanlaydigan, erkin sanoat zonalar negizida yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydigan, moliyalashtirishni jalb etishga ko‘maklashadigan qo‘shma loyiha ofisini ochishga tayyorligini bildirdi. “YeOII davlatlaridan keladigan yuqori texnologiyali rezidentlar uchun qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi sharoitlarni ishlab chiqishga tayyormiz”, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Energiya samaradorligini oshirish, toza texnologiyalarni joriy etish va mahsulotlarning uglerod sig‘imini kamaytirishga qaratilgan Sanoatni “yashil” transformatsiya qilish qo‘shma dasturini qabul qilish bo‘yicha taklif ham ilgari surildi. Qo‘shma “yashil” loyihalar portfelini shakllantirish, moliyalashtirishning yangi vositalarini rivojlantirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash orqali sanoatning ustuvor tarmoqlarini modernizatsiya qilish amaliy chora-tadbirlar sifatida dasturdan o‘rin olishi mumkin.

Tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur sohadagi hamkorlikni milliy elektron bandlik xizmatlarini integratsiya qilish orqali sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish zarurligi ta’kidlandi. Gap fuqarolarning ishonchli bo‘sh ish o‘rinlari, ishga joylashish shartlari hamda migratsiya qonunchiligi normalari haqidagi ma’lumotlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanishini ta’minlaydigan qulay va yaxlit raqamli muhitni shakllantirish haqida ketmoqda.

Turizm sohasida O‘zbekiston tomonidan “Markaziy Osiyo turistik halqasi” tashabbusi ilgari surilgani qayd etildi. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari YeOII davlatlarini mazkur turizm yo‘nalishini ommabop raqamli platformalarda birgalikda ilgari surishga qo‘shilishga taklif qildi.

O‘zbekiston hududlarining Gonkong bilan hamkorligi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 iyun kuni Xitoy Xalq Respublikasi Syangan (Gonkong) maxsus ma’muriy hududi Administratsiyasi rahbari Li Szyachao boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. O‘zbekiston – Xitoy hamkorligini, shu jumladan, Gonkong bilan hududlararo almashinuvlar va amaliy hamkorlikni kengaytirish orqali yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Suhbat chog‘ida so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik va yangi davrdagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda. May oyida Pekin shahrida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va Sian shahrida uchinchi Hududlararo forum muvaffaqiyatli o‘tkazildi, Gonkongda iqtisodiy forum va sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, O‘zbekiston savdo uyi ochildi.

O‘zbekiston hududlarining Gonkong bilan iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish uchun mavjud salohiyatdan samarali foydalanish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi. Toshkent shahriga Gonkong ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat katta delegatsiya tashrif buyurgani ushbu yo‘nalishdagi sheriklikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi. Savdo-iqtisodiy va moliyaviy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish, ta’lim, turizm va ishbilarmonlik almashinuvlarini rivojlantirish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar va fuqarolarga konsullik xizmatlari ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutuvchi kompleks hamkorlik dasturini qabul qilish muhimligi ta’kidlandi.

“Yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi, biotexnologiyalar, raqamli iqtisodiyot, fintex, innovatsion startaplar, sun’iy intellekt va boshqalar ustuvor sohalar sifatida qayd etildi. Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish, shuningdek, Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish hamda yaqin fursatda Gonkong bilan ikki tomonlama asosda vizasiz tartibni joriy etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston Fitch baholashida

3 iyun kuni Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston Respublikasi uchun xorijiy valyutadagi emitentning uzoq muddatli defolt reytingini VV darajasida tasdiqladi va prognozni Barqarordan Ijobiyga ko‘tardi. “Fitch”ning rasmiy bayonotida ta’kidlanishicha, prognozning oshishi iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi izchil rivojlanishni, makroiqtisodiy barqarorlikning mustahkamlanishini hamda mamlakatning asosiy moliyaviy ko‘rsatkichlari yaxshilanganini aks ettiradi. Agentlik baholashicha, olib borilayotgan islohotlar o‘rta muddatli istiqbolda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish va iqtisodiyot barqarorligini yanada oshirish uchun zamin yaratmoqda.

Islohotlar iqtisodiyot salohiyatini oshirmoqda. Fitch tomonidan bozorlar samaradorligini oshirish, davlat moliyasi boshqaruvini takomillashtirish, raqobat muhitini rivojlantirish va xususiylashtirishga qaratilgan tarkibiy islohotlar izchil davom etayotgani qayd etilgan. 2021-2025 yillarda O‘zbekistonda qariyb 5,1 mlrd. dollarlik davlat aktivlari xususiylashtirildi, shundan deyarli 1,9 mlrd. dollar 2025 yilning o‘ziga to‘g‘ri keldi. 2026 yil 13 may kuni Xalqaro investitsiya fondining (UzNIF) xalqaro kapital bozorlaridagi ilk xalqaro IPOʹsi islohotlar muvaffaqiyatining yana bir tasdig‘i bo‘ldi. Joylashtirish hajmiga ko‘ra, ushbu bitim joriy yilda Yevropaning eng yirik IPOʹlari qatoridan joy oldi.

O‘zbekiston yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolmoqda. «Fitch» prognozlariga ko‘ra, 2026 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi qariyb 6 foizni tashkil etadi, 2027–2028 yillarda esa 6,4 foizgacha tezlashadi. Shu bilan birga, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning 1-choragida O‘zbekiston iqtisodiyotining real o‘sishi 8,7 foizga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan 1,9 foiz punktga yuqori bo‘lib, avval kutilgan maqsadli ko‘rsatkichlardan oshib ketdi va oxirgi bir yildagi eng yaxshi choraklik natija bo‘ldi. Qayd etilishicha, hatto jahon iqtisodiyotidagi noaniqlik va geosiyosiy keskinlik saqlanib qolayotgan bir sharoitda O‘zbekistonning kutilayotgan o‘sish sur’atlari “VV” reyting toifasidagi aksariyat mamlakatlarning o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan sezilarli darajada yuqoriligicha qolmoqda.

Byudjet intizomi mustahkamlanmoqda. Byudjet siyosatining yuqori samaradorligi prognoz ko‘rsatkichi oshirishining asosiy omillaridan biri bo‘ldi. “Fitch” ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi YaIMning 2,1 foizini tashkil etdi, bu esa YaIMning belgilangan 3 foizlik chegarasidan pastdir. Byudjet daromadlarining o‘sishi soliq tushumlarining ko‘payishi hamda xomashyo sektoridan olingan yuqori daromadlar hisobiga ta’minlandi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri va egri soliqlardan tushumlar rejadan 11 foizga, boshqa soliq va nosoliq daromadlar esa 35 foizga oshdi. Agentlik o‘rta muddatli istiqbolda byudjet taqchilligi YaIMning 3 foizi doirasida saqlanib qolishini kutmoqda.

Davlat qarzi qiyoslanayotgan mamlakatlar orasida eng pastlaridan biri bo‘lib qolmoqda. “Fitch” davlat qarzi YaIMning 32 foizidan 2027-2028 yillarga borib YaIMning qariyb 28 foizigacha bosqichma-bosqich kamayishini prognoz qilmoqda. Bu ko‘rsatkich “VV” reytingiga ega mamlakatlarning o‘rtacha darajasidan (YaIMning qariyb 53 foizi) deyarli ikki baravar pastdir. Qarz yukining past darajada ekani O‘zbekistonning asosiy ustuvorliklaridan biri va makroiqtisodiy barqarorlikning muhim omili bo‘lib qolayotgani qayd etilgan.

Zaxiralar rekord darajaga yetdi. Agentlik mamlakatning tashqi mavqei mustahkamlanayotganiga alohida e’tibor qaratgan. “Fitch” prognozlariga ko‘ra, O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 2024 yil yakunidagi 42 mlrd. dollar va 2025 yildagi 66 mlrd. dollarga nisbatan 71 mlrd. dollargacha ko‘payadi. Qayd etilishicha, zaxiralarning joriy hajmi tashqi to‘lovlarni taxminan 11 oy davomida qoplashni ta’minlaydi, bu esa “VV” reyting toifasidagi mamlakatlar uchun o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pdir.

Moliya tizimi yanada barqarorlashmoqda. “Fitch” iqtisodiyotda dollarlashuv darajasi pasayishda davom etayotganini qayd etadi. Valyutadagi depozitlar ulushi 2020 yildagi 40 foizga nisbatan qariyb 23 foizgacha kamaydi. Bank sektori yuqori darajadagi barqarorlikni saqlab qolmoqda. Kapitalning yetarlilik koeffitsiyenti 18,3 foizga yetdi, valyutadagi kreditlar ulushi esa 39,2 foizgacha kamaydi (2023 yil yakuni bo‘yicha 45 foiz). Imtiyozli kreditlash ko‘lami qisqarishda davom etayotgani hamda iqtisodiyotni moliyalashtirishning bozor mexanizmlari mustahkamlanayotgani ta’kidlanadi.

Inflyasiya pasayishda davom etmoqda. Agentlik baholashicha, 2026 yilning aprel oyida inflyasiya 7 foizni tashkil etib, Markaziy bankning 5 foizlik o‘rta muddatli maqsadi sari harakatlanishda davom etmoqda. Qayd etilishicha, dollarlashuv darajasining pasayishi va inflyasion targetlash rejimining izchil joriy etilishi pul-kredit siyosati samaradorligini oshirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratmoqda.

Xulosa. “Fitch”ning O‘zbekiston suveren reytingi bo‘yicha prognozini “Ijobiy” darajasiga ko‘tarish to‘g‘risidagi qarori xalqaro investorlarning olib borilayotgan islohotlarga hamda mamlakat iqtisodiyotining barqarorligiga bo‘lgan ishonchi ortib borayotganidan dalolat beradi. Reytingning “VV” darajasida tasdiqlanishi va ayni paytda uning prognozi yaxshilanishi makroiqtisodiy barqarorlik, davlat moliyasini boshqarish, bozor institutlarini rivojlantirish hamda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish sohalarida erishilgan yutuqlarni aks ettiradi.

O‘zbekistonda shamol energetikasi

Shamol energetikasi global kengashi (Global Wind Energy Council) tomonidan Butunjahon shamol energetikasi hisoboti 2026 ma’ruzasi chop etildi. Ma’ruzada global miqyosda o‘rnatilgan quvvatlar dinamikasi, tannarx borasidagi tendensiyalar, energiya tizimlariga integratsiyalashuv, energetik xavfsizlik hamda shamol energetikasi loyihalarining iqtisodiy samaradorligiga baho berilgan. Hisobot xulosalariga ko‘ra, O‘zbekiston shamol energetikasi bo‘yicha mintaqaviy yetakchiga va energiya eksport qiluvchi davlatga aylanish imkoniyatiga ega. Tadqiqotlar mamlakatning shamol energetikasi salohiyatini taxminan 520 GVt darajasida baholamoqda.

Umumiy quvvati 1,5 GVt bo‘lgan “Bosh”, “Jonkeldi” va “Zarafshon” shamol elektr stansiyalari yetakchi loyihalar hisoblanadi. 2025 yilda mamlakatda umumiy quvvati 4647 MVt bo‘lgan 42 ta yangi loyiha ishga tushirildi: 5 ta quyosh elektr stansiyasi, 4 ta shamol elektr stansiyasi, 10 ta energiya to‘plash tizimi, 1 ta IES va 2 ta kogeneratsiya bloki. 2025 yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish 6 foizga oshdi. 2026 yil yakuniga qadar qo‘shimcha 3 GVt quvvatga ega shamol elektr stansiyalari foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarish 2024 yilda taxminan 5 foizga, 2025 yilda esa 4 foizga o‘sdi.

O‘zbekiston 2030 yilga borib umumiy elektr energiyasi ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi manbalar ulushini qariyb 54 foizga yetkazishni maqsad qilgan. Ma’ruza mualliflarining fikricha, mamlakat dunyodagi eng yuqori shamol energetikasi salohiyatlaridan biriga (520 GVt) ega bo‘lishiga qaramay, real o‘rnatilgan quvvat hali ham past darajada qolmoqda. Ular ushbu nomutanosiblikni, asosan, tarmoq infratuzilmasining zaifligi, malakali kadrlar yetishmasligi va bozorni tartibga solishning murakkabligi bilan izohlashadi.

CASA-1000 (Central Asia – South Asia, ya’ni Markaziy Osiyo – Janubiy Osiyo) – Qirg‘iziston va Tojikistondan ortiqcha ekologik toza elektroenergiyani unga muhtoj Afg‘oniston va Pokistonga uzatish va sotish bo‘yicha xalqaro loyiha) va TUTAP (Turkmaniston, O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida energetika halqasini tashkil etish bo‘yicha xalqaro energetika loyihasi) energetika koridorlari orqali Afg‘oniston, Pokiston va Hindiston kabi janubiy yo‘nalishdagi mamlakatlar bozorlariga chiqish imkoniyati mavjud. CASA-1000 loyihasini 2026 yilning dekabr oyiga qadar yakunlash, 2027 yilning yanvaridan boshlab esa Pokistonga 1 000 MVt energiya uzatish rejalashtirilgan. Energiyaning mintaqaviy eksporti (CASA-1000, TUTAP) – O‘zbekiston uchun jozibador strategik yo‘nalishdir. Biroq ushbu loyihalarni amalga oshirish muddatlarining doimiy ravishda surilishi eksport daromadlariga tayanish bilan bog‘liq xavflarni oshiradi. Ma’ruza mualliflarining fikriga ko‘ra, bunday vaziyatda ichki bozorni rivojlantirish va janubiy yo‘nalishdagi eksportni bir vaqtda yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqdir.

"Iqtisodiy sharh" jurnali №5/2026

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar