AQSh Eksimbanki va Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi rahbariyati bilan uchrashuv
16 iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi tadbirlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh Eksimbanki prezidenti va raisi Jon Yovanovich hamda Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida mazkur institutlarning O‘zbekistonda infratuzilmani rivojlantirish, muhim minerallarni o‘zlashtirish, energetika, sun’iy intellektni joriy etish hamda raqamlashtirish kabi yuqori texnologiyali strategik loyihalarni moliyalashtirishda ishtirok etishi bilan bog‘liq masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
AQSh Eksimbanki bilan hamkorlik yo‘nalishida energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi. Mahalliy tadbirkorlarning ustuvor sohalardagi tashabbuslari uchun eksport kreditlarini taqdim etishni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. DFC korporatsiyasining sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, energetika tarmog‘i va infratuzilmani modernizatsiya qilishga qaratilgan qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirish bo‘yicha tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.
Toshkentda yangi xalqaro aeroportni qurish, Farg‘ona viloyatida zamonaviy tibbiyot majmuasini tashkil etish, raqamli bankni ishga tushirish, data-markazlar va quruq portlarni barpo qilish kabi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishning amaliy bosqichiga o‘tish zarurligi ta’kidlandi. Uchrashuv yakunida muhokama qilingan investitsiyaviy va texnologik loyihalarni ilgari surish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.
AQShning yetakchi kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv
16 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev V Toshkent xalqaro investitsiya forumi arafasida AQShning yetakchi kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda AQSh Eksimbanki prezidenti va raisi Jon Yovanovich, Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blek, AQSh – O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, shuningdek, Air Products, Cove Capital, Templeton Global Investments, Boeing, 77 Construction, Black Rock, FLS, Visa, JP Morgan, Meta, GULF korporatsiyalari rahbarlari va yana bir qator kompaniyalar vakillari ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari mazkur uchrashuv oxirgi yillarda vujudga kelgan yaxshi an’ananing davomi, AQSh ishbilarmonlarining O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishga qiziqishi ortib borayotganining tasdig‘i ekanini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Uchrashuvda iqtisodiy kun tartibi O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklikning asosiy tayanch nuqtalaridan biri ekani alohida ta’kidlandi. Mamlakatimiz yetakchisi ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan bir qator dolzarb yo‘nalishlarni belgilab berdi. Muhim minerallarni o‘zlashtirish va qayta ishlash, energetika, metallurgiya, moliya, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va boshqa ko‘plab sohalarda aniq loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
AQShning yirik kompaniyalari rahbarlari investorlar samarali faoliyat yuritishiga yaratilgan qulay sharoitlar uchun O‘zbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildirib, o‘zlarining aniq taklif va rejalarini bayon etdilar. Davra suhbati yakunida AQShning yetakchi kompaniyalari bilan ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Air Products rahbariyati bilan uchrashuv
16 iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Air Products kompaniyasi bosh ijrochi direktori Eduardo Menezesni qabul qildi. Mamlakatimizda yuqori texnologiyali sanoat korxonalarini barpo etishga faol investitsiya kiritayotgan AQShning mazkur kompaniyasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Air Products sanoat gazlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha jahonning yetakchi kompaniyalaridan biri bo‘lib, uning bozor kapitallashuvi 60 mlrd. dollardan oshgan. Kompaniya har yili 50 dan ortiq mamlakatda 200 mln. tonna sanoat gazlarini ishlab chiqarib, 750 ga yaqin ishlab chiqarish ob’yektini o‘z ichiga olgan tarmoqni boshqaradi.
Ayni paytda kompaniyaning yurtimizga yo‘naltirgan investitsiyalarining umumiy hajmi 1 mlrd. dollardan oshgan. “GTL Uzbekistan” zavodida sanoat gazlarini qayta ishlash, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida vodorod ishlab chiqarish hamda “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida suyuq uglerod dioksidi ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar hamda Toshkent va Qarshi shaharlarida ta’lim dasturlari amalga oshirilgan. Uchrashuv yakunida kompaniya ishtirokidagi yangi loyihalarni amalga oshirishni “yo‘l xaritasi” asosida jadallashtirish yuzasidan kelishib olindi.
Rossiya hukumati raisi bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 iyun kuni V Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Mixail Mishustinni qabul qildi. O‘zbekiston – Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tovar ayirboshlash barqaror o‘sib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil boshidan buyon uning hajmi 20 foizga oshdi. Energetika, metallurgiya va iqtisodiyotning boshqa ustuvor tarmoqlarida yirik loyihalarni amalga oshirish davom etmoqda. Savdo-iqtisodiy hamkorlikning rivojlanish sur’atini saqlab qolishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish hamda sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston yetakchisi hududlar darajasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish hamda madaniy va ta’lim almashinuvi dasturlarini ilgari surish muhimligini ta’kidladi.
Malayziya Bosh vaziri bilan uchrashuv
16 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizda to‘xtab o‘tgan Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim bilan uchrashuv o‘tkazdi. Samimiy muloqotda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, ularni amaliy mazmun bilan boyitish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Oliy darajadagi o‘zaro tashriflar natijasida mamlakatlarimiz hamkorligi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga o‘sdi, qo‘shma korxonalar soni esa 50 taga yetdi. Turli darajalarda faol muloqotlar davom etmoqda.
Davlatimiz rahbari ayni kunlarda O‘zbekistonda bo‘lib turgan Malayziyaning Petronas korporatsiyasi delegatsiyasi bilan muzokaralarning ahamiyatiga to‘xtalib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida strategik loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish zarurligini qayd etdi. Jumladan, neft-kimyo, yuqori texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika va boshqa ustuvor sohalardagi loyihalarni ilgari surishga e’tibor qaratildi.
Muloqot davomida islom moliyasi, hududlararo aloqalar, ziyorat turizmi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar sonini oshirish hamda madaniyat almashinuvlari yo‘nalishlaridagi hamkorlik istiqbollariga ham to‘xtalib o‘tildi. Xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.
Xitoyning yetakchi kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev XXR Milliy energetika boshqarmasi rahbari Van Xunchji boshchiligidagi ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari delegatsiyasini qabul qildi. Uchrashuvda China Energy Engineering Corporation, China Datang, Sinoma Energy Conservation, China Southern Power Grid, CAMCE, CNNC, State Nuclear Uranium Resource Development kompaniyalari rahbarlari hamda The Export-Import Bank of China va Bank of China vakillari ishtirok etdi. Energetika va geologiya sohalarida o‘zaro manfaatli yuqori texnologik loyihalarni ilgari surish, bank-moliya borasida amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston – Xitoy hamkorligi savdo-iqtisodiyot va investitsiya yo‘nalishlarida jadal sur’at bilan rivojlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi. Yilning o‘tgan davrida tovar ayirboshlash hajmi 6 mlrd. dollardan oshdi, Xitoydan 8 mlrd. dollardan ziyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar o‘zlashtirildi. Mamlakatimizda qariyb 6 mingta qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
“Yashil” energetika sohasidagi loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi. Xitoyning yetakchi kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari hamda energiyani saqlash tizimlari qurilmoqda. Ushbu loyihalarni tezlashtirish hamda fotoelektr stansiyalar quvvatini kengaytirish, agrovoltaikani joriy etish va elektr uzatish liniyalarini qurish kabi yangi tashabbuslarni boshlash rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Chiqindilarni qayta ishlash hisobiga energiya ishlab chiqarish, data-markazlar va boshqa zamonaviy texnologik yechimlarni rivojlantirish sohasidagi aloqalarga alohida e’tibor qaratildi.
Tog‘-kon va geologiya sohalaridagi hamkorlik istiqbollari bo‘yicha fikr almashildi. Bu borada konlarda birgalikda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va ularni o‘zlashtirish, muhim xomashyoni yetkazib berish sohasida uzoq muddatli sheriklikni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilmoqda.
Muzokaralarda Xitoyning yirik banklari bilan moliyaviy hamkorlikni kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratildi. Infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirish, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan avtomobil yo‘llari va gidroelektrostansiyalarini barpo etish, qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berish, shuningdek, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Germaniya Prezidentining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi
17 iyun kuni “Ko‘ksaroy” qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston – Germaniya hamkorligini yanada rivojlantirish, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalar va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirishning asosiy masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Prezidenti Germaniya Prezidentining o‘z mamlakati va Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarini izchil rivojlantirishga hamda o‘zaro manfaatli mintaqalararo hamkorlikni ilgari surishga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida e’tirof etdi.
Ikki tomonlama muloqot jadal tus olib, mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar yuksak darajaga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Savdo-investitsiya sohasidagi hamkorlikda barqaror ijobiy sur’at kuzatilmoqda. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi 1,4 mlrd. dollardan ortib, joriy yilning o‘tgan davrida yana 5 foizga ko‘paydi. Germaniyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari hajmi 2025 yilda 2 mlrd. dollarga yetdi. May oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Germaniya iqtisodiyoti kunlari hamda Germaniya – O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi 10-yig‘ilishining ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Tadbirlar yakunida 1 mlrd. dollarlik yangi investitsiya va savdo kelishuvlari to‘plami imzolandi.
Madaniy-gumanitar aloqalar izchil mustahkamlanmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda 400 mingdan ziyod yoshlar nemis tilini o‘rganmoqda, 2 mingdan ziyod talabalar Germaniyaning yetakchi universitetlarida tahsil olmoqda. O‘tgan yili ilk bor ikki mamlakat universitetlarining forumi bo‘lib o‘tdi. O‘tgan hafta nemis universitetlari konsorsiumi bilan Samarqandda O‘zbekiston – Germaniya amaliy fanlar universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolangani ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi.
Davlat rahbarlari sanoat, energetika va “yashil iqtisodiyot”, transport va logistika, tog‘-kon, to‘qimachilik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanini qayd etdilar. Yetakchilar avtomobilsozlik, maishiy kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarish, logistika va malakali kadrlar tayyorlash sohalarida yangi qo‘shma loyiha va dasturlar ishga tushirilayotganini olqishladilar. Toshkentda ikkinchi Universitetlar forumi hamda uchinchi O‘zbekiston – Germaniya tibbiyot forumining o‘tkazilishi qo‘llab-quvvatlandi.
Tomonlar mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashib, ko‘p tomonlama maydonlarda, shu jumladan, “Markaziy Osiyo – Germaniya” formati doirasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Germaniya Federal Prezidentining ushbu tashrifi ikki tomonlama munosabatlar rivojida yangi bosqichni boshlab berishi hamda ikki tomonlama munosabatlarning barcha jabhalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer o‘tkazilgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilib, ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga intilishlarini tasdiqladilar. Ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonda shaharlarni barqaror rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni bajarish uchun grant mablag‘lari ajratish va imtiyozli moliyalashtirishni nazarda tutuvchi moliyaviy hamkorlik sohasidagi kelishuvlar imzolandi.
Ikki mamlakat yetakchilari huzurida bir qator qo‘shma investitsiya va ta’lim loyihalariga start berildi. Toshkent shahrida “Volkswagen” avtomobillarini yirik uzelli yig‘ishni tashkil etish, Andijon viloyatida logistika markazini barpo etish, suyuq maishiy yuvish vositalarini ishlab chiqarish, temir yo‘l sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash hamda zamonaviy imtihon markazlarini ochish kabi loyihalar shular jumlasidan.
YeTTB delegatsiyasi bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 iyun kuni Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. YeTTB bilan Yangi O‘zbekistonda islohotlar dasturini amalga oshirish doirasida amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish va keng ko‘lamli sheriklikni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Ushbu yetakchi ko‘p tomonlama moliyaviy institut bilan strategik sheriklik bugungi kunda har qachongidan ham yuqori darajada ekani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugun O‘zbekiston YeTTBning mintaqadagi eng yirik hamkori hisoblanadi. Ustuvor yo‘nalishlardagi loyihalarning umumiy portfeli 7 mlrd. dollardan oshdi. Investitsiyalarning katta qismi xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Ekologik transportni rivojlantirish, temir yo‘l infratuzilmasini raqamlashtirish, tadbirkorlik, ipoteka bozori va mamlakat startaplar ekotizimini qo‘llab-quvvatlash sohalarida yangi kelishuvlar imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Joriy yilda kichik va o‘rta biznesni kreditlash ko‘lamini kengaytirish, jumladan, eksportni moliyalashtirish, ayollar va yoshlarni biznes yuritishga o‘qitish dasturlarini amalga oshirish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish hamda bank-moliya sektorini transformatsiya qilish jarayonlarida ishtirok etish va boshqa yo‘nalishlar ustuvor etib belgilandi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash va transport infratuzilmasi sohalarida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ilgari surish bo‘yicha rejalar qo‘llab-quvvatlandi. Loyihalarni tayyorlash mexanizmlarini takomillashtirish hamda ularni amalga oshirish samaradorligini yaxshilash maqsadida YeTTB ekspertlarini jalb etishdan manfaatdorlik bildirildi.
Jahon banki delegatsiyasi bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 iyun kuni Jahon banki ta’sischi davlatlarining “Shveysariya guruhi” yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizda bo‘lib turgan bankning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Jahon banki guruhi bilan strategik hamkorlikni Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan tarkibiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha keng miqyosda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut bilan ikki tomonlama aloqalar va konstruktiv sheriklik misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Qo‘shma loyihalar portfeli 15 mlrd. dollardan oshdi. Toshkent shahrida Jahon bankining mintaqaviy ofisi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Moliyalashtirishning yangi mexanizmlari samarali joriy etilmoqda. Joriy yilda bo‘lib o‘tadigan Jahon banki oliy rahbariyatining tashriflari va qo‘shma tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.
Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning eng asosiy yo‘nalishlarini qamrab oluvchi yangi uzoq muddatli Mamlakat dasturini ishlab chiqish rejalari qo‘llab-quvvatlandi. Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlarini amalga oshirish, davlat korxonalarini xususiylashtirish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni ilgari surish hamda iqtisodiyot tarmoqlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishda Jahon banki guruhining moliyaviy vositalaridan foydalanishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Suv xo‘jaligi sohasini moliyalashtirish, inson kapitalini rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashga ko‘maklashish masalalarida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ham ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etildi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi rahbariyati bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 iyun kuni Xalqaro valyuta jamg‘armasi “Shveysariya guruhi”ning navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan jamg‘arma boshqaruvchi direktorining o‘rinbosari Bo Lini qabul qildi. Global moliya bozorlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi. Ushbu nufuzli xalqaro institut bilan amaliy hamkorlikni, eng avvalo, o‘tgan yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida XVJ rahbari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlar doirasida yanada mustahkamlashning asosiy jihatlari ko‘rib chiqildi.
Yurtimizda pul-kredit, valyuta va fiskal siyosatni takomillashtirish kabi yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda Jamg‘arma muhim o‘rin tutishi qayd etildi. Makroiqtisodiy siyosat strategiyasi va raqamli to‘lovlar tizimini rivojlantirish, kapital harakatini liberallashtirish, milliy statistika metodologiyasi va davlat daromadlarini boshqarishni takomillashtirish hamda erkin valyuta ayirboshlash kursini qo‘llab-quvvatlash masalalarida ekspertlik va texnik ko‘makni yanada kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Mamlakatimiz iqtisodiy idoralari uchun kadrlar tayyorlash dasturlarini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Iordaniya delegatsiyasi bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 iyul kuni Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar va muhojirlar masalalari bo‘yicha vaziri Ayman Husayn Safadiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Iordaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. O‘tgan yili Samarqandda oliy darajada o‘tgan sermahsul muzokaralar ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Erishilgan kelishuvlar doirasida joriy yilda parlamentlararo do‘stlik guruhlari tuzildi, Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning ilk yig‘ilishi o‘tkazilib, Ishbilarmonlar kengashi ta’sis qilindi, shuningdek, havo qatnovlari yo‘lga qo‘yildi. Kelgusida siyosiy muloqotlarni faollashtirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalarda qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Italiyaning Toskana viloyati delegatsiyasi bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 iyul kuni mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Italiyaning Toskana viloyati gubernatori Eujenio Jani boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. O‘zbekiston – Italiya strategik sherikligini, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalarda yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Hududlararo hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Barcha darajalarda ikki tomonlama muloqotlar faollashgani va hamkorlikning asosiy ko‘rsatkichlari izchil o‘sib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil boshidan buyon o‘zaro savdo hajmi 25 foizga oshdi. O‘zbekistonda metallurgiya, energetika, qishloq xo‘jaligi, kimyo sanoati hamda iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida Italiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston va Toskanani ko‘p asrlik tarixiy va madaniy aloqalar bog‘lab turishi ta’kidlandi. Jumladan, Florensiya bilan O‘zbekistonning qadimiy shaharlari o‘rtasida faol savdo-sotiq qilingan, florensiyalik savdogar va diplomatlar esa Amir Temur saroyida qabul qilingan.
Bugungi kunda Toshkent shahrida Piza universitetining filiali muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda mazkur filial ilk bitiruvchilarni chiqaradi. Prato shahrida mamlakatimizning to‘qimachilik mahsulotlari savdo uyi ishlamoqda. 2024 yilda Florensiyadagi Uffitsi galereyasida yurtimizning avangard san’ati asarlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Toskana viloyati bilan to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat va zargarlik sanoati, qurilish hamda ta’lim, madaniyat va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish katta salohiyatga ega ekanligi ta’kidlandi. Toskana va Buxoro viloyati o‘rtasida sheriklik aloqalarining rivojlanayotgani hamda hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangani yuksak baholandi.
Uchrashuv yakunida Toskana bilan mamlakatimiz hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan yangi loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni tayyorlash va qabul qilish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
"Iqtisodiy sharh" jurnali №7/2026
Izoh qoldirish