Joriy yilning sentyabr oyidan boshlab UZTELECOM Xalqaro Paket Kommutatsiya Markazi (XPKM) orqali operator va provayderlarga taqdim etiladigan kanallar narxi har 1 Mbit/s uchun 30 ming so‘mgacha tushirildi, bu o‘tgan yilning sentyabriga nisbatan 46,4% ni tashkil etadi. Umuman olganda, 2018 yil boshidan boshlab xizmatlar narxi 8 barobardan ziyodga arzonlashtirildi, deyiladi kompaniya axborot xizmati xabarida.
2020 yilning oxirida UZTELECOM «Magistral va multiservisli ma’lumotlar uzatish tarmoqlarini kengaytirish» loyihasi doirasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirdi. Buning natijasida viloyat va tuman markazlarigacha transport tarmog‘ining o‘tkazuvchanligi to‘rt barobargacha oshdi.
Shu munosabat bilan joriy yilda transport kanallari ijarasi bo‘yicha xizmatlar narxi ikki marotaba, yanvarda 50 % ga, may oyida esa yana 30 % ga arzonlashtirildi.
Internet xizmatlari va hududlararo transport kanallar uchun narxning pasayishi, ayniqsa, O‘zbekistonning chekka hududlarida operatorlar va provayderlar faoliyatining rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi va bu O‘zbekiston iqtisodiyotini raqamli transformatsiyalash uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Belgilangan yillik rejaga muvofiq telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida 2021 yil yakuniga qadar respublika bo‘yicha 50 ming km optik tolali aloqa liniyalari qurilishi nazarda tutilgan.
Qolaversa, qo‘shimcha keng polosali portlar o‘rnatilishi natijasida 2,9 mln uy xo‘jaliklari, ijtimoiy soha obektlari va tadbirkorlik subektlarining keng polosali Internetga ulanishiga imkoniyat yaratilgan.
Izoh qoldirish