Kripto-birja savdosini amalga oshirish qoidalari belgilandi

Kripto-birja savdosini amalga oshirish qoidalari belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining 2019 yil 6 dekabrdagi 172-son buyrug‘i (Adliya vazirligida 2019 yil 20 dekabrda 3127-3-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) bilan Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi, xususan, Kripto-birja savdosini amalga oshirish qoidalari (bundan keyin - Qoidalar) belgilandi.

Qoidalarda umumiy qoidalar va asosiy tushunchalar, mijozlar bilan munosabatlarni o‘rnatish tartibi, reklama va mijozlarga ma’lumot berish talablari, kripto-birjalar tomonidan kripto- birjalar savdosini tashkil etish jarayoni, kripto-birjada hisob-kitob va kliring operatsiyalari amalga oshirish tartibi va boshqalar belgilab berilgan.

Qoidalarning quyidagi muhim jihatlariga e’tibor qaratamiz:

- O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari kripto-birjalarda faqat kripto-aktivlarni sotish bo‘yicha bitimlar tuzish huquqiga ega;

- kripto-aktivlar bilan ilgari anonim tarzda tuzilgan bitimlar (operatsiyalar) bo‘lsa, kripto-birjalarda bunday kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish taqiqlanadi;

- kripto-aktivlar O‘zbekiston Respublikasi hududida to‘lov yoki to‘lovni qabul qilish vositasi sifatida ishlatilishi mumkin emas.

Ushbu hujjatni ishlab chiqishda, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash sohasidagi xalqaro standartlarga (FATF tavsiyalari va rahbarlik hujjatlari) rioya etishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Qoidalarga muvofiq, kripto-birja:

majburiy identifikatsiya qilish mexanizmlari joriy etilganidan keyin savdo ishtirokchilariga elektron savdo maydonchalari orqali operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat berishga;

18 yoshga to‘lmagan shaxslar bilan, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq terroristik faoliyatda yoki ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki gumon qilinayotgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan shaxslar bilan munosabatlarni o‘rnatmaslikka;

savdolar yakunlari bo‘yicha hisobotlar va qonun hujjatlari va Qoidalar buzilganligi aniqlangan faktlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni besh yildan kam bo‘lmagan muddatda saqlab turishga;

jinoyat belgilari aniqlangan taqdirda darhol bu haqda vakolatli organ va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yozma ravishda xabar berishga majburdir

Kripto-aktivlar qiymatining o‘zgaruvchanligini va shu sababli kripto-aktivlarga sarmoya kiritish bilan bog‘liq xavflarni hisobga olgan holda, reklama faoliyati va mijozlarni xabardor qilish bo‘yicha iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratiladi.

Qoidalar ma’lum darajada qattiq bo‘lsada, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi ushbu Qoidalarni belgilash O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va kripto-aktivlarning aylanmasi bilan bog‘liq faoliyatda muhim qadam deb hisoblaydi. Ushbu Qoidalarning o‘rnatilishi:

- O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishni ta’minlagan holda kripto-birja faoliyati tartibi va talablarini qat’iy belgilash;

- O‘zbekiston Respublikasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni, shuningdek, kripto-birjalar faoliyatiga xizmat ko‘rsatish orqali tijorat banklari uchun qo‘shimcha daromad manbalarini jalb qilishni ta’minlash;

- O‘zbekiston Respublikasi mayner-rezidentlari tomonidan kripto-aktivlarni qonuniy sotish mexanizmini joriy etish imkonini beradi

Hujjatning to‘liq matni bilan O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari milliy ma’lumotlar bazasida tanishishingiz mumkin.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar