Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi respublika bo‘ylab tadbirkorlar o‘rtasida har oy o‘tkaziladigan so‘rovlar asosida biznes muhiti tahlili natijalarini taqdim etdi.
Olingan ma’lumotlar asosida biznes muhitining joriy holati va kelgusi uch oylik kutilmalarni ifodalovchi jamlanma indikator shakllantirildi.
O‘zbekistonda jamlanma biznes muhiti dinamikasi
2026 yil fevral oyi yakunlariga ko‘ra, jamlanma biznes muhiti indeksi (-100 dan +100 gacha bo‘lgan shkalada) 65 bandni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11 bandga yuqori bo‘lgan.

Biznes muhitining yaxshilanishi asosan tadbirkorlarning kutilmalar indeksi oshgani hisobiga ta’minlandi. Ushbu ko‘rsatkich 13 bandga o‘sib, 81 bandga yetdi. Shuningdek, biznesning joriy holatiga berilayotgan baholar ham yaxshilanib, 51 bandni tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 10 bandga yuqori.
So‘rov natijalari ishbilarmonlik faolligining asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rsatmoqda. Joriy biznes holatini yaxshi deb baholagan tadbirkorlar ulushi 44 foizni tashkil etdi (o‘tgan yil fevral oyida — 38 foiz).
Xodimlar sonini oshirgan korxonalar ulushi 12 foizdan 19 foizgacha ko‘paydi. So‘nggi uch oyda biznes holati yaxshilanganini 34 foiz tadbirkor qayd etdi (o‘tgan yili — 28 foiz).
Shuningdek, mahsulotga bo‘lgan talab oshganini ma’lum qilgan tabdirkorlar ulushi 39 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davridagi 22 foizga nisbatan ancha yuqori bo‘ldi.
Biznes muhiti indeksida sohalar kesimidagi dinamika
Tarmoqlar kesimida o‘tgan yilga nisbatan barcha asosiy iqtisodiyot sohalarida biznes muhiti yaxshilandi.

Eng katta o‘sish qishloq xo‘jaligida kuzatilib, indeks 29 bandga oshib, 73 bandga yetdi. Bu o‘sish ham joriy holatning yaxshilanishi, ham kutilmalarning sezilarli oshishi hisobiga ta’minlandi.
Biznes holatini yaxshi deb baholagan tadbirkorlar ulushi 41 foizdan 56 foizgacha oshdi. Talab o‘sganligini bildirganlar 52 foizni (35 foiz), so‘nggi uch oyda biznes holati yaxshilanganini qayd etganlar esa 49 foizni (32 foiz) tashkil etdi.
Xizmatlar sohasida biznes muhiti indeksi 8 bandga yaxshilanib, 61 bandga yetdi. Joriy holat baholari nisbatan barqaror saqlangan bo‘lsa-da, kutilmalar yaxshilangan.
Sohadagi tabdirkorlarning 72 foizi (o‘tgan yili 71 foiz) kelgusi 3 oyda mahsulotga talab ortishini kutmoqda. Shu bilan birga, bandlikda ham o‘sish kuzatilib, ishchilar sonini oshirgan korxonalar ulushi 12 foizdan 16 foizgacha oshdi.
Qurilish tarmog‘ida biznes muhiti 8 bandga o‘sib, 69 bandni tashkil etdi. Ijobiy o‘zgarishlar ham joriy holat indeksida, ham kutilmalar indeksida kuzatildi. Tadbirkorlar bandlik oshgani va talab ortib borayotganini ko‘proq qayd etmoqda, bu esa tarmoqda barqaror o‘sish saqlanayotganini ko‘rsatadi.
So‘nggi uch oyda biznes muhiti yaxshilanganini qayd etganlar ulushi 26 foizdan 34 foizgacha oshdi. Ishchilar soni ko‘payganini bildirganlar 15 foizdan 27 foizgacha oshdi. Shuningdek, tadbirkorlarning 80 foizi yaqin uch oyda mahsulotga talab oshishini kutmoqda (77 foiz).
Sanoat sohasida umumiy biznes muhiti o‘sishi nisbatan mo‘’tadil bo‘lib, 2 bandga oshib, 67 bandga yetdi. Shu bilan birga, istiqboldagi kutilmalar yuqori darajada saqlanmoqda. Tarmoqda talabning o‘sishi va bandlikning bosqichma-bosqich ortishi davom etmoqda..
So‘nggi uch oyda talab oshganini 32 foiz tadbirkor qayd etdi (o‘tgan yili 29 foiz). Ishchilar soni oshganini bildirganlar ulushi 13 foizdan 22 foizgacha ko‘paydi. Shu bilan birga, respondentlarning 77 foizi kelgusi 3 oyda mahsulotga talab yanada oshishini kutmoqda, bu ham o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan yuqori.
Tadbirkorlik faoliyatidagi asosiy muammolar
So‘rov natijalariga ko‘ra, tadbirkorlarning 61 foizi o‘z faoliyatida hech qanday to‘siqlarga duch kelmayotganini bildirgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan (57 foiz) yuqori bo‘lib, biznes yuritish sharoitlari umumiy yaxshilanganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, o‘tgan oyga nisbatan kredit olish, elektr ta’minoti, shuningdek transport va logistika bilan bog‘liq muammolarni qayd etgan respondentlar ulushi kamaydi. Ayni vaqtda yer olish, kommunal to‘lovlar qimmatligi va soliq stavkalari yuqoriligi bilan bog‘liq ayrim masalalarni ko‘rsatgan tadbirkorlar ulushi biroz oshdi.
Iqtisodiyot tarmoqlari raqobatbardoshligi va investitsion faollikni o‘rganish sho‘’basi: (78) 150 02 02 (441)
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar sho‘’basi: (78) 150 02 02 (417)
Izoh qoldirish