Xorazm viloyati 2022 yil I yarim yilligida qaysi davlatlar bilan ko‘proq savdo qildi?

Xorazm viloyati 2022 yil I yarim yilligida qaysi davlatlar bilan ko‘proq savdo qildi?

Xorazm viloyati 2022 yil I yarim yilligida qaysi davlatlar bilan ko‘proq savdo qildi?

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan Xorazm viloyatining 2022 yil I yarim yilligi yakuni bo‘yicha tashqi savdo aylanmasi tahlil qilindi.

2022 yilning I yarim yilligida Xorazm viloyatining tashqi savdo aylanmasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21,6 foizga o‘sdi va 369,5 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. (Ma’lumot uchun: 2021 yilning I yarim yilligida viloyat tashqi savdo aylanmasi 294,5 mln. dollarni tashkil etgan). Bunda viloyat tashqi savdo aylanmasida MDH davlatlarining ulushi 34,8 foizni tashkil etgan.

Viloyat savdo balansida 116,9 mln. dollarlik salbiy saldo qayd etilganligiga qaramasdan, tahlil qilinayotgan davr mobaynida eksport hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,9 foizga o‘sdi va 126,3 mln. dollarni tashkil etdi. Import hajmi esa 243,2 mln. dollarni qayd etdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23,1 foizga oshdi.

2022 yilning I yarim yilligida Xorazm viloyati Turkiya (21,3%), Braziliya (21,1%), Rossiya (19,6%), Xitoy (14,5%), Qozog‘iston (7,4%), Qirg‘iziston (4,3%) va Turkmaniston (1,6%) bilan ko‘proq savdo qilgan.

Xorazm viloyatining 2022 yil I yarim yilligidagi tashqi savdo aylanmasida dunyo mamlakatlarining ulushi

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, 2022 yilning I yarim yilligida viloyat tashqi savdo aylanmasining 24,1 foizi To‘proqqal’a tumani hissasiga to‘g‘ri kelgan. Tashqi savdo aylanmasida eng katta ulush bilan keyingi o‘rinlarni Urganch shahri (19,2%), Yangiariq (13,8%), Urganch (7,2%), Shovot (6,1%) tumanlari egallagan. Qo‘shqo‘pir (2,78%), Xiva (2,77%) va Gurlan (2,2%) tumanlarining ulushi esa past bo‘lgan.

Xorazm viloyati shahar va tumanlarining 2022 yilning I yarim yilligidagi viloyat tashqi savdo aylanmasidagi ulushi

Eksport hajmida o‘sish sur’ati qayd etilgan

2022 yilning yanvar-iyun oylarida viloyat eksporti hajmi 126,3 mln. dollarni tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,9 foizga oshdi.

Xorazm viloyatidan eksport qilinadigan tovarlar nomenklaturasini oziq-ovqat mahsulotlari (31,4%), xizmatlar (7,0%), qora va rangli metallar (3,1%), energiya resurslari (1,5%), kimyo sanoati mahsulotlari (1,0%), paxta tolasi (0,1%), mashina va asbob-uskunalar (0,1%) va boshqa mahsulotlar (55,7%) tashkil etgan.

Xorazm viloyatining 2022 yil I yarim yilligidagi eksport tarkibi

Jahon mamlakatlari kesimida eksport hajmi tahlili shuni ko‘rsatdi, viloyatdan eksport qilingan mahsulotlarning asosiy iste’molchilari 40,9 mln. AQSh dollari miqdorida eksport hajmi bilan Rossiya (32,4%), Qozog‘iston – 25,2 mln. dollar (20,0%), Turkiya – 18,9 mln. dollar (15,0%), Qirg‘iziston – 15,8 mln. dollar (12,5%), Xitoy – 5,8 mln. dollar (4,6%), Pokiston – 2,9 mln. dollar (2,3%), Turkmaniston – 2,6 mln. dollar (2,0%) va Eron 1,6 mln. dollar (1,2%) bilan keyingi o‘rinlarni egallagan.

2022 yil I yarim yilligi uchun Xorazm viloyati eksportida dunyo mamlakatlarining ulushi

Hududning umumiy eksport hajmidagi eng katta ulush Xonqa tumaniga (11,8%) to‘g‘ri keldi. Keyingi o‘rinlarni Shovot (11,6%), Urgench shahri (10,9%), Bog‘ot (10,2%) va Urgench (9,1%) tumanlari egalladi. Shu bilan birga, Xiva shahri (5,0%), To‘proqqal’a (3,9%) va Gurlan (3,3%) tumanlari eng kam ulushga ega bo‘ldi.

2022 yil I yarim yilligi uchun Xorazm viloyati shahar va tumanlarining viloyat eksportidagi ulushlari

Import hajmida ham o‘sish kuzatildi

2022 yilning I yarim yilligida viloyat importi 2021 yilning mos davriga nisbatan 23,1 foizga oshdi va 243,2 mln. dollarni tashkil etdi.

Hudud umumiy importining 43,2 foizi mashina va asbob-uskunalar, 34,5 foizi oziq-ovqat mahsulotlari, 4,9 foizi qora va rangli metallar, 3,5 foizi kimyo sanoati mahsulotlari, 1,3 foizi energiya resurslari va 12,6 foizi boshqa mahsulotlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Xorazm viloyatining 2022 yil I yarim yilligidagi import tarkibi

Importning sezilarli o‘sishi qora va rangli metallar importi 6,1 barobarga, mashina va asbob-uskunalar importi 94,6 foizga, energiya resurslari importi 46,6 foizga va oziq-ovqat mahsulotlar importining 23,1 foizga oshishi bilan bog‘liq.

2022 yilning I yarim yilligida Xorazm viloyatiga eng ko‘p tovar va xizmatlar Braziliya (32,0%), Turkiya (24,6%), Xitoy (19,6%), Rossiya (12,9%), Germaniya (1,6%) va Turkmanistondan (1,4%) import qilingan.

Quyida 2022 yil I yarim yilligida viloyat importida eng ko‘p ulushga ega asosiy savdo hamkor mamlakatlar ko‘rsatilgan.

2022 yil I yarim yilligi bo‘yicha Xorazm viloyati importida dunyo mamlakatlarining ulushi

Import hajmining tumanlar (shaharlar) bo‘yicha tahlili shuni ko‘rsatdiki, viloyat importining eng katta ulushi To‘proqqal’a tumani (34,6%), Urganch shahri (23,6%), Yangiariq (18,0%), Urganch (6,2%) tumanlariga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, viloyat importida Yangibozor (1,1%), Qo‘shko‘pir (0,8%) va Xiva (0,6%) tumanlarining ulushi kam.

Yangiariq (3,5 barobar), Urganch (31,0%) tumanlari va Urganch shahri (73,2%) tumanlari importi keskin oshgan.

2022 yil I yarim yilligi bo‘yicha Xorazm viloyati shahar va tumanlarining viloyat importidagi ulushi

Yusup Jumabayev
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialining yetakchi ilmiy xodimi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar