Xorazm viloyati hududlarini rivojlantirish bo‘yicha ilmiy asoslangan konsepsiyalar va «yo‘l xaritalari» ishlab chiqildi

Xorazm viloyati hududlarini rivojlantirish bo‘yicha ilmiy asoslangan konsepsiyalar va «yo‘l xaritalari» ishlab chiqildi

11 avgust kuni Xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining yigirma beshinchi sessiyasida viloyatning 13 ta shahar va tumanini rivojlantirish bo‘yicha Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy asoslangan konsepsiyalar va «yo‘l xaritalari» muhokama qilindi. Ularda hududlarning iqtisodiy imkoniyatlari va ichki zaxiralari aniqlanib, istiqbolli o‘sish yo‘nalishlari hamda 150 ga yaqin amaliy chora-tadbir belgilab berildi.

Mazkur ishlar davlat rahbari rahbarligida joriy yilning 25 iyun kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirildi. Yig‘ilishda hududlarni rivojlantirishda ilmiy yondashuvlarni keng qo‘llash, iqtisodiy imkoniyatlar va ichki zaxiralarni aniqlash vazifasi qo‘yilgan edi.

Prezident topshirig‘iga muvofiq, «Aql markazi – hokimlik – Xalq deputatlari Kengashi» tamoyili joriy etildi. Ushbu yondashuv asosida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Xorazm viloyatining har bir shahar va tumani bo‘yicha alohida rivojlanish konsepsiyasi va «yo‘l xaritasi»ni tayyorladi.

Har bir hudud ilmiy yondashuv asosida o‘rganildi

Tadqiqotlarni tashkil etish uchun Markazning 13 nafar ilmiy xodimi viloyatning har bir shahar va tumaniga doimiy asosda biriktirildi. Joylardagi ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida Xorazm viloyati hokimligida Shtab tashkil etildi.

Markaz mutaxassislari har bir hududda tarmoq va sohalar holati, tabiiy xomashyo salohiyati, geografik joylashuv va ekologik sharoit, infratuzilma imkoniyatlarini o‘rgandi. Tahlillar 20 dan ortiq ilmiy uslub va so‘rovnomalar asosida amalga oshirildi.

O‘rganishlar natijasida aniqlangan imkoniyatlar va istiqbolli yo‘nalishlar asosida shahar va tumanlarni rivojlantirishning ilmiy asoslangan konsepsiyalari hamda «yo‘l xaritalari» yagona uslubiy yondashuv asosida ishlab chiqildi.

Xorazm viloyatining 13 ta hududida belgilangan rivojlanish yo‘nalishlari bo‘yicha 150 ga yaqin amaliy chora-tadbir «yo‘l xaritalari»ga kiritildi. Shuningdek, yil yakuniga qadar chuqur o‘rganiladigan 10 tadan istiqbolli o‘sish yo‘nalishi har bir hudud bo‘yicha shakllantirildi.

Yangiariqda mehnat unumdorligi va mahalliy ixtisoslashuv imkoniyatlari o‘rganiladi

Yangiariq tumanida kam quvvat bilan ishlayotgan sanoat va xizmat ko‘rsatish korxonalarida mehnat unumdorligini oshirishning ichki zaxiralarini aniqlash nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, «One Village One Product» (OVOP) modeli asosida mahalla va qishloqlarning iqtisodiy ixtisoslashuvini rivojlantirish, industrial kooperatsiya va mahalliylashtirish (Local Supplier Development) tizimini kengaytirish bo‘yicha o‘rganishlar olib boriladi.

Ushbu yondashuv mahalliy resurslar va mavjud ishlab chiqarish bazasidan samarali foydalanish, korxonalar quvvatini oshirish hamda hududiy kooperatsiya imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Gurlanda sholichilik va chorvachilik qiymat zanjirlari rivojlantiriladi

Gurlan tumanida sholichilik va chorvachilik tarmoqlarida chuqur qayta ishlash zanjirlarini rivojlantirish orqali mavjud eksport salohiyatidan to‘liq foydalanish imkoniyatlari o‘rganildi.

Tumanning nisbiy ustunliklaridan kelib chiqib, chorvachilik va sholichilik qiymat zanjirlarini to‘liqlashtirish, xomashyodan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan bosqichlarni rivojlantirish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Gurlan–Qorao‘zak temir yo‘l tarmog‘i imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish orqali ishlab chiqarish va eksport logistikasini yaxshilash bo‘yicha ishlar olib boriladi.

Bog‘otda yangi turistik kompleks tashkil etish imkoniyati mavjud

Bog‘ot tumanida meva-sabzavotlarni chuqur qayta ishlash, turizmni rivojlantirish hamda suv, jumladan, kollektor suvlari bo‘yidagi yerlardan samarali foydalanish orqali baliq yetishtirish hajmini oshirish imkoniyatlari aniqlandi.

Tumanning geografik joylashuvi va «Qal’ajiq qal’a» atrofidagi qumli-cho‘l landshafti tuyada sayr qilish, kvadrotsiklda sayohat, baliq ovi va gastronomik turizmni yagona turistik mahsulotga birlashtirish imkonini beradi.

Hozirda ushbu resurslar yagona marshrutga birlashtirilmagan. Ekologik safari va sarguzasht turizmini yo‘lga qo‘yish hisobiga yangi turistik kompleks tashkil etish va unga yiliga 10 ming nafargacha xorijiy turist jalb qilish imkoniyati mavjud.

Tuproqqal’ada avtomobilsozlik, logistika va energiya sig‘imi yuqori sanoat loyihalari

Xorazm viloyati boy tarixiy-madaniy meros bilan birga sanoatni rivojlantirish uchun ham salmoqli imkoniyatlarga ega.

Tuproqqal’a tumanida Pitnak avtomobilsozlik bazasidan foydalanib sanoat zonalari samaradorligini oshirish, dual ta’lim tizimini joriy etish, transchegaraviy logistika va eksport salohiyatini kengaytirish choralari belgilandi.

Shuningdek, xalqaro magistral yo‘l bo‘yida xizmatlarni tashkil etish, To‘yamo‘yin GES, magistral elektr va gaz tarmoqlari imkoniyatlaridan foydalanib, energiya sig‘imi yuqori sanoat loyihalarini joylashtirish imkoniyatlari o‘rganildi.

«Hazorasp» erkin iqtisodiy zonasining tumandagi filiali hududidan samarali foydalanish ham Tuproqqal’aning sanoat salohiyatini oshirish yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.

«Yo‘l xaritalari» viloyat iqtisodiy o‘sishiga qo‘shimcha 0,5 foiz band qo‘shishi kutilmoqda

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Xorazm viloyatining 13 ta hududi bo‘yicha ishlab chiqilgan «yo‘l xaritalari»da belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish hisobiga birgina joriy yilning o‘zida 400 mlrd so‘mdan ortiq qo‘shimcha mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

Natijada joriy yilda viloyat yalpi hududiy mahsulotining o‘sish sur’atini qo‘shimcha 0,5 foiz bandga, ya’ni 8,4 foizdan 8,9 foizgacha tezlashtirish uchun iqtisodiy zamin yaratiladi.

Ishlab chiqilgan konsepsiyalar va «yo‘l xaritalari» hududlarning mavjud resurslari, nisbiy ustunliklari va ichki zaxiralarini aniq iqtisodiy natijalarga yo‘naltirishga xizmat qiladi. Keyingi bosqichda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda har bir hudud bo‘yicha shakllantirilgan istiqbolli o‘sish yo‘nalishlarini yil yakuniga qadar chuqur o‘rganish ishlari davom ettiriladi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar