O‘zbekistonda Xotin-qizlar va oila ishlari qo‘mitasi tashkil etildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida deputatlar Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi Zulayho Mahkamovaning nomzodini bosh vazir o‘rinbosari — Xotin-qizlar va oila ishlari qo‘mitasi rahbarligiga ma’qullashdi. Bu haqda «Nigoh» Telegram kanali xabar qildi.
Zulayho Bahriddinovna Mahkamova 1968 yilda Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. U Namangan davlat pedagogik instituti va Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini bitirgan. Mutaxassisligi bo‘yicha — pedagog.
U 2020 yil 4 martdan beri To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi. Undan oldinroq Xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yil fevral oyida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etilganligi sababli, Xotin-qizlar qo‘mitasini tugatish haqida qaror qabul qilingandi.
2021 yil mart oyida Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi ham tashkil etilgan edi. Senat raisi Tanzila Narbayeva unga rahbarlik qiladi. Kengashning asosiy vazifalariga ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning ta’lim olishi, professional ko‘nikmalarni egallashi va ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish kiradi.
Izoh qoldirish