Koreya O‘zbekistonni "qizil hudud"dagi davlatlar ro‘yxatidan chiqardi

Koreya O‘zbekistonni

O‘zbekiston Respublikasida epidemiologik vaziyat barqarorlashgani inobatga olinib, Koreya Respublikasi tomonidan O‘zbekiston "qizil hudud"dagi davlatlar ro‘yxatidan chiqarildi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati xabar qilgan.

Shu munosabat bilan, shartnomasi mavjud hamda viza tasdiqnomalarining amal qilish muddati tugamagan fuqarolarni pandemiya davrida Koreya Respublikasiga tashkiliy tarzda jo‘natish tartibini kelishib olish bo‘yicha Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan mazkur davlatning tegishli idoralari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Bugungi kunda fuqarolarni tashkiliy tarzda jo‘natishning aniq sanalari noma’lumligi sababli, shartnomasi kelgan va viza tasdiqnomalari mavjud fuqarolarning Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga taqdim qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlarni tayyorlab qo‘yishlari tavsiya qilinadi. Sudlanmaganlik to‘g‘risidagi va tibbiy ma’lumotnomalarning amal qilish muddati berilgan kundan boshlab 3 oy ekanini eslatib o‘tamiz.

Janubiy Koreyaga fuqarolarni tashkiliy tarzda jo‘natish bo‘yicha yangilik bo‘lgan takdirda, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining rasmiy axborot kanallari orqali e’lon qilib boriladi.

Xorijga chiqish pasportiga ega bo‘lmagan fuqarolardan esa zudlik bilan xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish so‘raladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar