1 iyuldan boshlab qurilish sohasida nazorat mexanizmlari joriy etiladi

1 iyuldan boshlab qurilish sohasida nazorat mexanizmlari joriy etiladi

Prezidentning “Qurilish jarayoni ishtirokchilarining mas’uliyati va javobgarligini oshirish, qurilish sohasida nazoratni kuchaytirish va sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risi”da farmoni loyihasida keltirilishicha, 2021 yil 1 iyuldan boshlab qurilish sohasida quyidagi nazorat mexanizmlari joriy etiladi:

Qurilish vazirligi, Qurilishda nazorat inspeksiyasi, Qurilishda standartlashtirish respublika markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2017-2020 yillar davomida qurilgan va foydalanishga qabul qilingan hamda foydalanishga qabul qilish jarayonida bo‘lgan barcha binolarni 2021 yil davomida to‘liq qayta nazoratdan o‘tkazadi.

Qurilish ob’yektlari sifatini nazorat qilib borish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi:

- ikki qavatdan yuqori (sokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlar qurilishlarini amalga oshirishda uning har bir bosqichini nazorat qilib borish, har bir bosqichda qurilish ishlari yakunlangandan so‘ng qurilish qoidalari va talablariga rioya qilinganligini tekshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Qurilish ob’yektlarini zilzilaga bardoshliligini tekshirib borish yo‘lga qo‘yiladi:

- Yangi qurilgan va rekonstruksiya qilingan to‘rt qavatdan yuqori ob’yektlarni foydalanishga qabul qilinishidan oldin majburiy tartibda ob’yektning joylashuviga qarab mikroseysmorayonlashtirish xaritasiga asosan zilzilaga bardoshliligini maxsus uskunalar bilan tekshirish, ushbu talabga javob bergan taqdirda tegishli ob’yektni foydalanishga qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi (I toifa ob’yektlari bundan mustasno).

Ob’yektning zilzilaga bardoshliligini maxsus uskuna bilan tekshirish jarayonlari majburiy tartibda video tasvirga olinadi va Inspeksiyaning rasmiy veb-saytiga joylashtirib boriladi.

Qurilish ob’yektlaridan foydalanuvchilarning huquqlarini ta’minlash va raqobatbardoshlikni oshirish maqsadida:

Yangi qurilgan va foydalanishga topshirilganiga bir yildan oshmagan ko‘p qavatli uylarni (ularning birinchi qavatini ham) sifatini hamda qurilish qoidalariga rioya qilinganligini ushbu xonadon(joy)ga egalik qiluvchi yoki sotib olgan jismoniy va yuridik shaxslar o‘zlarining hisobidan akkreditatsiyadan o‘tgan tadbirkorlik sub’yektlariga tekshirtirish huquqiga ega.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar