10 oy davomida 46 ming tonna shakar birja orqali sotildi

10 oy davomida 46 ming tonna shakar birja orqali sotildi

2019 yil yanvar-oktyabr oylarida birja savdolariga jami 48,1 ming tonna shakar sotuvga qo‘yilgan va shundan 46,8 ming tonnasi yoki 97 foizi sotilgan.

Respublika tovar-xom ashyo birjasi xabariga ko‘ra, shakarning sotuvga qo‘yish va sotish hajmlari joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida 2018 yilning xuddi shu davriga nisbatan 42 baravarga oshgan.

2019 yil yanvar-oktyabr davrida birja savdolarida sotilgan 46,8 ming tonna shakarning 22,9 ming tonnasi yoki 49 foizi “XORAZM SHAKAR” AJ va 23,8 ming tonnasi yoki 51 foizi “ANGREN SHAKAR” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan.

2019 yil yanvar-oktyabr davrida shakar oyma-oy bir maromda sotilmagan. Eng ko‘p hajmlarda fevral (8,8 ming tonna) va iyun (5,2 ming tonna) oylarida sotilgan bo‘lsa, eng kam hajmda yanvarda (1,6 ming tonna) va martda (3,6 ming tonna) sotilgan. Shakarning savdolarga qo‘yilish va sotilish hajmlari may oyidan boshlab barqarorlashgan. Ushbu davrda (may-oktyabr) shakarning o‘rtacha oylik sotilish hajmi 4,8 ming tonnani tashkil qilgan.

Bir tonna shakarning o‘rtacha boshlang‘ich narxi o‘rganish davrida bir tonna uchun 4 584 500 so‘mga, o‘rtacha sotilish narxi bir tonna uchun 4 694 200 so‘mga teng bo‘lgan. O‘rganish va taqqoslash davridagi o‘rtacha boshlang‘ich va sotilish narxlar o‘rtasida katta farqlanish mavjud emas.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2019 yil 8 oktyabrdagi PQ-4484-sonli qaroriga muvofiq 2020 yil 1 yanvardan respublikada ishlab chiqarilgan shakarning kamida 90 foizi faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida barcha toifadagi xaridorlarga sotiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar