Maktabgacha ta’lim vazirligining Ichki audit xizmati tomonidan 2019 yil va 2020 yilning birinchi yarmida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasi bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlariga qonuniy chora ko‘rish uchun 904 ta tekshirish hujjatlari yuborildi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
"Bugungi kunda 6 mingga yaqin davlat MTTlarida 223 ming xodim faoliyat yuritadi. MTV maktabgacha ta’lim tizimini bola haqqiga xiyonat qiladigan vijdonsiz insonlardan xalos etish borasida o‘z ishini davom ettirmoqda", deyiladi xabarda.
Maktabgacha ta’lim tizimi uzoq yillar davomida yetarli nazorat qilinmaganligi oqibatida tizimda qonunbuzarlik va suiiste’molliklar avj olgan. Bu kabi noxush vaziyatlarga qarshi kurashish maqsadida 2017 yilning 30 sentyabrida to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazirga bo‘ysunuvchi Ichki audit xizmati tashkil etildi.
2020 yilning boshida vazirlik 2018-2019 yillarda aniqlangan qonunbuzarliklarni tahlil qilib, hukumatga qator takliflarni kiritdi.Vazirlik tashabbusi bilan Hisob palatasi hamkorligida boshqa vazirlik va idoralarning mutaxassislari jalb qilingan holda byudjet mablag‘larining samarali ishlatilishi yuzasidan chuqur tahliliy o‘rganishlar o‘tkazildi. Hamkorlikda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 48,3 mlrd. so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi.
“MTV tashkil etilgan ilk kunidanoq tizimdagi korrupsiya va suiiste’molliklar bilan kurashib kelmoqda. Ichki audit xizmati tomonidan aniqlangan qonunbuzarliklar to‘g‘risida axborot muntazam ravishda e’lon qilinib kelinmoqda. O‘tgan yili MTV 680ta tashkilotlar bo‘yicha to‘plangan hujjatlarni huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etgan bo‘lsa, joriy yilda bu son 224tani tashkil etgan. Ushbu hujjatlar asosida prokuratura tomonidan bir qator jinoiy va ma’muriy ishlar qo‘zg‘atildi, vazirlik esa moliyaviy qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan mudira va hisobchilarni ishdan bo‘shatdi. Shu tariqa, aybdor deb topilgan shaxslardan byudjet hisobiga 2019 yilda 9,5 mlrd. so‘m, 2020 yilning birinchi yarmida esa 4,1 mlrd. so‘m undirib olindi”, deb, ma’lumot berdi MTVning Ichki audit xizmati boshlig‘i Dilshod Normatov.
2019 yilda vazirlikning Ichki audit xizmati 31,5 mlrd. so‘m moliyaviy qonunbuzarliklarni aniqladi. Shundan:
- Kamomad va noqonuniy xarajatlar— 19,3 mlrd. so‘m;
- Davlat xaridlari yo‘nalishidagi qonunbuzarliklar — 7,1 mlrd. so‘m;
- Boshqa turdagi moliyaviy kamchiliklar— 5,2 mlrd. so‘m.
“Kamomad va korrupsiya holatlarini aniqlanganda MTV mas’ul javobgar shaxslarni ishdan bo‘shatib, aniqlangan qonunbuzarliklar yuzasidan xujjatlarni huquqni muhofaza qilish organlariga yuboradi. Ammo ushbu shaxslar ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on xabarlar tarqatib, jamoat fikrini manipulyasiya qilishgacha bormoqdalar. Ba’zi blogelar va huquq himoyachilari ularga ishonib, mudiralarning “noqonuniy” ishdan bo‘shatilganliklari haqidagi ma’ulmotlarni yozmoqdalar. Masalan, yaqinda Andijon viloyatidagi mudiralarning “noqonuniy” ishdan bo‘shatilishi haqidagi xabarlar tarqatilgandi. Ushbu xabarlarda mudiralar “qiyin ahvolda yurganliklari”, “o‘ta og‘ir ruhiy siqilishlarga duch kelganlari” qayd etilgan. Ularning talqinida go‘yoki noqonuniy tarzda ishdan bo‘shatilganlar orasida Qo‘rg‘ontepa tumanining №2 MTM mudirasi (noqonuniy xarajat miqdori 39,9 mln. so‘m), Andijon shahridagi №25 MTM mudirasi (noqonuniy xarajat miqdori 32,7 mln so‘m) bor. Prokuratura ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atgan, ammo mudiralarning o‘z aybini tan olganligi va yetkazilgan zararni bartaraf etganligi sababli jinoyat ishi tugatilgan. Bu kabi sobiq mudiralar astoydil MTTlarga qaytishga harakat qilmoqdalar, ammo MTV tashabbusi bilan qonunbuzarlarning maktabgacha ta’lim tizimiga rahbar lavozimiga qayta olinmasligi qonun bilan chegaralangan”, deb, ta’kidladi Ichki audit xizmati boshlig‘i Dilshod Normatov.
2019 yil va 2020 yilning birinchi yarmida aniqlangan yirik moliyaviy qonunbuzarliklar:
- 900 mln. so‘m — Kattako‘rg‘on shahrining №10-son maxsus MTMdagi noqonuniy xarajatlar (Samarqand viloyati);
- 301 mln. so‘m — Olmozor tumanining №509–son MTTdagi moliyaviy qonunbuzarliklar (Toshkent sh);
- 202 mln. so‘m — Peshko‘ tumanining №22-son MTTdagi kamomad va oylik ish haqi to‘lov qaydnomalarining qalbakilashtirilishi (Buxoroviloyati);
- 150 mln. so‘m — Mirishkor tumanining №8-son MTTdagi oziq-ovqat va moddiy boyliklarning kamomadi, “o‘lik jonlar” va to‘lov qaydnomasidagi imzolarning qalbakilashtirilishi (Qashqadaryo viloyati);
- 101 mln. so‘m— Guliston tumanining №11-son MTTdagi ish haqi to‘lovlarning ortiqcha sarflanishi (Sirdaryo viloyati).
Maktabgacha ta’lim vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi bilan birgalikda moliyaviy qonunbuzarliklarni aniqlash, profilaktikasini ta’minlash va oldini olish bo‘yicha Yo‘l xaritasini ishlab chiqdi va ushbu hujjat 14ta vazirlik va idoralar bilan kelishildi. Shuningdek, Bosh prokuratura bilan ham maktabgacha ta’lim sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha Yo‘l xaritasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Izoh qoldirish