2020 yil 1 yanvardan dorixonalarga litsenziya beruvchi vakolatli organ o‘zgaradi

2020 yil 1 yanvardan dorixonalarga litsenziya beruvchi vakolatli organ o‘zgaradi

Prezidentimizning 2019 yil 9 dekabrdagi “Byurokratik to‘siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori davlat tomonidan tartibga solish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yanada takomillashtirish, ma’muriy tartib-taomillarni qisqartirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Hujjatga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvardan boshlab mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining alohida funksiya va vakolatlari tegishli davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalariga berilmoqda. Jumladan, dori vositalari va tibbiyot buyumlarining chakana savdosini amalga oshirishga litsenziya berish Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, mazkur qarorda 2020 yil 1 yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 28 turdagi hujjatlarni fuqarolardan talab qilinishi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan ularning berilishiga yo‘l qo‘yilmasligi ham belgilangan. 2021 yil 1 yanvardan boshlab esa davlat organlari va tashkilotlari, ularning tarkibiy bo‘linmalari o‘rtasida hujjat aylanishi va hisobotlarni yuritish faqat elektron ko‘rinishda shakllantiriladi va amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentimizning 2019 yil 6 sentyabrda qabul qilingan “Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarori bilan dori vositalari noqonuniy savdosining oldini olish, shifokor retsepti bo‘yicha beriladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar, shu jumladan, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan dori vositalarining chakana savdosini tartibga solish, dorixonalarning faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qator muhim vazifalar belgilangan edi. Xususan, 2020 yil 1 yanvardan boshlab qishloq oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlari hududida joylashgan dorixonalar va ularning filiallaridan tashqari barcha dorixonalarda dori vositalari va tibbiy buyumlarning realizatsiya (berish) jarayonini uzluksiz ravishda videoga yozib olish va bir oy davomida videoyozuvlarni saqlash tartibi joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar