Geodeziya va kartografiya faoliyatiga litsenziya olish soddalashtirildi

Geodeziya va kartografiya faoliyatiga litsenziya olish soddalashtirildi

Geodeziya va kartografiya faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomga tegishli tuzatishlar kiritildi (21.11.2019 yildagi 927-son VMQga qarang).

Birinchidan, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning tegishli ma’lumotlarga ega bo‘lgan shtatdagi xodimlariga nisbatan litsenziya talablariga tuzatishlar kiritildi. Endi litsenziyada ko‘rsatilgan faoliyat turi bo‘yicha ularning eng kam staji uch yil emas, ikki yilni tashkil qiladi. Eslatib o‘tamiz, litsenziat shtatida kamida bitta shunday xodim bo‘lishi lozim.

Ikkinchidan, litsenziyani rasmiylashtirishning yakuniy bosqichi muddati qisqartirildi. Litsenziya talabgori tomonidan davlat boji to‘langandan va litsenziya bitimi imzolangandan keyin avvalgidek uch kun muddatda emas, balki bir kun ichida litsenziya beriladi. Litsenziyalash tartib-taomili 5 bosqichdan iborat bo‘lib, zarur hujjatlarni tayyorlash hamda ularni Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasiga topshirishdan boshlanadi.

Uchinchidan, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining vakolatlari jumlasidan litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlari buzilganligidan dalolat beruvchi holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda litsenziatlarni rejadan tashqari tekshirish chiqarib tashlandi. Litsenziyalovchi organ qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rejadagi tekshiruvlarni amalga oshirishga haqlidir.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil 1 yanvardan tadbirkorlik sub’yektlarini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari bekor qilingan, yuridik shaxslar tugatilayotganida, shuningdek, qonunchilik buzilganligi holatlari bo‘yicha o‘tkaziladigan qisqa muddatli tekshiruvlar bundan mustasno (5.10.2016 yildagi PF-4848-son Farmonga qarang).

Manba: norma.uz

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar