2021 yil yakuni bo‘yicha Surxondaryo viloyatining tashqi savdo aylanmasi

2021 yil yakuni bo‘yicha Surxondaryo viloyatining tashqi savdo aylanmasi

2021 yilda Surxondaryo viloyatining tashqi savdo aylanmasi 443,1 mln. dollarni (2020 yilga nisbatan 106,2 foiz), tashqi savdo aylanmasi tarkibida eksport hajmi 235,3 mln. dollarni (53,1 foiz) va respublika jami eksportidagi ulushining 1,4 foizini, import hajmi 207,8 mln dollarni (46,9 foiz) va respublika jami importidagi ulushining 0,8 foizini tashkil qilgan.

Viloyat tashqi savdo aylanmasining respublika jami tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 1,1%ni tashkil qilgan holda, hududlar orasida oxirgi o‘rinni egallagan. Shu bilan birga, Surxondaryo viloyati tashqi savdo balansida ijobiy saldoga erishgan kam sonli hududlardan biridir.

Tashqi savdo aylanmasi bo‘yicha Xitoy Xalq Respublikasi (35,7%), Qozog‘iston (14,7%), Rossiya (10,8%), Pokiston (10,4%), Turkiya (7,3%), Afg‘oniston (5,0%) viloyatning eng yuqori ulushga ega hamkor davlatlari hisoblanadi.

1-rasm. 2021 yil yakuni bo‘yicha Surxondaryo viloyati tashqi savdo aylanmasida ulushi eng yuqori bo‘lgan davlatlar

Termiz tumani (15,3%), Termiz shahri (10,7%), Sherobod (10,4%) va Denov tumani (9,3%) viloyat tashqi savdo aylanmasida eng ko‘p ulushga ega. Bu jihatdan eng kam ulushni tashkil etuvchi hududlar - Oltinsoy (2,6%), Sho‘rchi (2,2%), Boysun (1,8%) va Bandixon (0,9%) tumanlari hisoblanadi.

Eksport. 2021 yil davomida viloyatda eksport hajmi 2020 yilga nisbatan 110,2 foizga oshgan. Eksport tarkibida oziq-ovqat mahsulotlarining ulushi – 47,6%, xizmatlar sohasi – 2,1%, to‘qimachilik mahsulotlari – 1,8%, rangli va qora metallar– 0,8%, mashina va uskunalar - 0,5%, kimyoviy mahsulotlar ulushi – 0,07%, energetika va neft mahsulotlari – 0,03%, boshqa mahsulotlar – 47,1% ni tashkil qilgan.

2021 yil davomida alohida tovar belgilari bo‘yicha meva va yong‘oqlar, quruq meva eksporti - 3 barobarga, xizmatlar sohasi - 1,7 barobar, to‘qimachilik mahsulotlari - 1,4 barobarga oshgan.

Eksport tarkibida ulushi eng yuqori hududlar Sherobod (18,8%), Termiz (14,1%), Denov (11,6%), Jarqo‘rg‘on (10,8%) tumanlari hisoblanadi. Oltinsoy (2,8%), Sho‘rchi (2,8%), Bandixon (1,2%), Qiziriq (1,1%) tumanlari ulushi eng past hududlar sanaladi.

2-rasm. 2021 yil yakuni bo‘yicha Surxondaryo viloyati eksportida tuman (shahar)lar ulushi (%)

Import. 2021 yil davomida Surxondaryo viloyatida amalga oshirilgan import hajmi 207,7 mln AQSh dollarini tashkil qilib, 2020 yilga nisbatan 102,1% ga oshgan.

Import tarkibidagi mashina va uskunalarning ulushi - 44,4%, rangli va qora metalllar – 25,6%, oziq-ovqat mahsulotlari – 12,2%, kimyoviy mahsulotlar – 3,4%, energetika va neft mahsulotlari – 0,8%, xizmatlar - 0,1%, boshqa mahsulotlar – 13,5% ni tashkil qilgan.

2021 yil davomida alohida tovar belgilari bo‘yicha meva-sabzavotlar importi – 33,5 barobar, elektr mashinalar va jihozlar - 3,4 barobar, chorva hayvonlari – 2,8 barobar, qora metaldan tayyorlangan mahsulotlar - 1,6 barobar oshgan.

Import tarkibida ulushi eng yuqori hududlar - Termiz shahri (21,9%), Termiz (19,1%), Muzrabot (16,3%), Qiziriq (8,8%), Denov (7,9%), Sariosiyo(7,7%) tumanlari hisoblanadi. Angor (1,6%), Sherobod (1,4%), Boysun (1,3%), Uzun (0,8%) va Bandixon (0,6%), tumanlari import ulushi eng past hududlar sanaladi.

3-rasm. 2021 yil yakuni bo‘yicha Surxondaryo viloyati importida tuman (shahar)lar ulushi (%)

Viloyat bo‘yicha aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha eksport hajmi 86,8 mln. dollarni, import hajmi esa 76,6 mln. dollarni tashkil qilgan.

Termiz (411,8 dollar), Sherobod (217,9 dollar), Angor (114 dollar), Jarqo‘rg‘on (111,5 dollar), Uzun (102,7 dollar) tumanlarida aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi eksport hajmi yuqori bo‘lsa, Qiziriq (22,8 dollar), Sho‘rchi (29,7 dollar), Bandixon (36,3 dollar), Oltinsoy (36,4 dollar) tumanlari va Termiz (39,5 dollar) shaharlarida past ko‘rsatkichga ega bo‘lgan.

Jon boshiga to‘g‘ri keladigan import hajmi bo‘yicha qaraydigan bo‘lsak, Termiz tumani (438,6 dollar), Termiz shahri (214,5 dollar), Muzrabot (203,6 dollar), Qiziriq (133,8 dollar) tumanlarida yuqori o‘sishda taminlangan bo‘lsa, Uzun (8,5 dollar), Sherobod (12,6 dollar), Bandixon (13,8 dollar), Qumqo‘rg‘on (18,4 dollar), Boysun (19,2 dollar) tumanlari past ko‘rsatkichni tashkil qilgan.

Furqat Islomov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

yetakchi ilmiy xodimi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar