2020 yil 7 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining kengaytirilgan majlisida 2021 yilda Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlikni tashkil etishda imtiyozli kreditlar berish uchun tijorat banklariga resurslar taqdim qilishga 100,0 mlrd. so‘m, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarni turar-joy bilan ta’minlashda boshlang‘ich badallarini qaytarilmaslik sharti bilan to‘lab berishga 36,8 mlrd. so‘m, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar va oilalarga, nogironligi bo‘lgan ayollarga moddiy yordam ko‘rsatishga 18,5 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi nazarda tutilganligini alohida e’tirof etdi.
Aholining muhtoj qatlamlarini arzon uy-joylar bilan ta’minlash uchun 2021 yilda qishloq joylarda va shaharlarda ko‘p kvartirali uylarni qurishni moliyalashtirish uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 2,4 trln. so‘m ajratish ko‘zda tutilgan.
Majlisda senatorlar pandemiya sharoitida ham Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining kelgusi davr uchun o‘z vaqtida, sifatli ijro etilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, buning uchun xalq deputatlari tegishli Kengashlari bilan hamkorlik qilish yuzasidan aniq vazifalarni belgilab olish zarurligini ta’kidladi. Qolaversa, Davlat byudjet va uni ijrosini ko‘rib chiqish jarayonlari bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘plab takliflar bildirildi.
Shuningdek, “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni yuzasidan Senat qo‘mitalarining qo‘shma qarori qabul qilindi.
Izoh qoldirish