Antimonopoliya qo‘mitasi shakar narxini asossiz oshirgan tadbirkorlarni javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirdi

Antimonopoliya qo‘mitasi shakar narxini asossiz oshirgan tadbirkorlarni javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirdi

Bugungi kunda ichki bozorlardagi shakar mahsuloti narxining asossiz keskin oshishi kuzatilmoqda. Rossiya va Ukraina davlatlari tomonidan shakar eksporti to‘xtatilganligining O‘zbekistonga hech qanday ta’siri yo‘q, deyiladi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi xabarida.

Ta’kidlanishicha, Rossiya va Ukraina davlatlarining ichki bozordagi ulushi bor-yo‘g‘i 2%ni tashkil etadi. Bugungi kunda mahalliy shakar zavodlari shakar xomashyosini jaxon birja kotirovkalariga nisbatan arzon narxlarda Braziliya davlatidan xarid qilishmoqda.

"O‘zbekistonda ikkita – «Xorazm shakar» va «Angren shakar» mas’uliyati cheklangan jamiyatlarida joriy yil 15 mart holatiga 260 ming tn shakar mahsuloti resurslari mavjud. Shundan, omborda 40 ming tn tayyor shakar va 32 ming tn xomashyo, iyun oyiga qadar 178 ming tn xomashyo yetkazib beriladi. Shunday bo‘lsa ham qo‘shimcha qulayliklar yaratish, shuningdek, ichki bozorni shakar mahsuloti bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan birja savdolariga kunlik qo‘yiladigan hajm o‘rtacha 30 foizga oshirilmoqda. Bundan tashqari respublika aholisiga shakar mahsuloti yetarli miqdorda va maqbul narxlarda yetkazib berish maqsadida Hukumat tomonidan zarur choralar ko‘rilmoqda hamda barcha hududlardagi bozorlarda “Elga xizmat” rastalarida maqbul narxda shakar sotish topshiriqlari berilmoqda. Shakarga bo‘lgan narx asossiz oshirilishi natijasida vahimaga berilmasligingizni so‘raymiz", deyiladi xabarda.

Qo‘mita tadbirkorlardan shakarga bo‘lgan narx-navoni asossiz oshirmaslikni va iste’molchilarga noqulaylik tug‘dirmasligikni so‘ramoqda. Shuningdek, asossiz oshirilgan narx-navo bo‘yicha Qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish mumkinligi yuzasidan ogohlantirmoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar