BAA O‘zbekistonda quyosh elektr stansiyasi quradigan bo‘ldi

BAA O‘zbekistonda quyosh elektr stansiyasi quradigan bo‘ldi

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Masdar kompaniyasi (BAA) o‘rtasida investitsiya bitimini imzolanishi bo‘lib o‘tdi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, Masdar kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Navoiy viloyatida umumiy quvvati 100 MVt bo‘lgan fotoelektr stansiyasini qurishga 100 million dollargacha sarmoya kiritadi.

2019 yil 4 oktyabr kuni Amirlikning Masdar kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi tarixida quyosh energiyasiga davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida investitsiyalarini jalb qilish bo‘yicha birinchi ochiq tender g‘olibi deb e’lon qilingan edi.

Masdar quyosh energiyasini rivojlanayotgan bozorlardagi eng past tariflarda – xar bir kilovatt-soat uchun atigi 2,679 AQSh sent hisobiga yetkazib berish taklifini bildirdi.

Kompaniya loyihani amalga oshirishning to‘liq davri (25 yil) mobaynida elektr stansiyasini loyihalashtirish, moliyalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilish ishlarini amalga oshiradi. Qurilish ishlari 2020 yilning birinchi choragida boshlanishi va fotoelektr stansiyasini foydalanishga topshirilishi 2021 yilning birinchi choragida amalga oshirilishi kutilmoqda.

Kelishuv bo‘yicha konsultant sifatida Xalqaro Moliya Korporatsiyasi (XMK) jalb qilinib, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga tegishli hujjatlarni ishlab chiqishda va xorijiy mamlakatlarning 40 dan ortiq kompaniyalari ishtirokida tender savdolarini o‘tkazishda ko‘maklashdi.

Eslatib o‘tish joizki, O‘zbekiston hukumati 18 oktyabr kuni Vashingtonda XMK bilan davlat-xususiy sheriklik (DXSh) loyihalari orqali 900 MVtgacha quyosh energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha tegishli mandatni imzolagan edi.

Ma’lumot uchun: Masdar kompaniyasi - Abu Dabi hukumati "Mubadala Investment Company" investitsiya xoldingining sho‘’ba korxonasi bo‘lib, dunyodagi qayta tiklanadigan energiya sohasida yetakchi kompaniyalardan biridir. Kompaniyaning amalga oshirilgan investitsiya loyihalari portfeli qayta tiklanadigan manbalardan elektr energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha 4000 MVt.dan ortiq o‘rnatilgan quvvatni o‘z ichiga oladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar