Bahodir Yusupaliyev: “Sputnik V” sinovlari ijobiy o‘tsa, vaksina O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi mumkin

Bahodir Yusupaliyev: “Sputnik V” sinovlari ijobiy o‘tsa, vaksina O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi mumkin

“Sputnik V” sinovlari ijobiy o‘tsa, vaksina O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi mumkin, deb ma’lum qildi O‘zbekiston Cog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev.

Xorijdan O‘zbekistonga olib kelingan "COVID-19"ga qarshi vaksinalar va ularning sinov bosqichlari haqida ma’lumot berar ekan, Bahodir Yusupaliyev Yevropa davlatlari va AQShdagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga e’tibor qaratdi.

"O‘zbekistonda yana qaytadan kasallik avj olmasligi, vaziyat barqaror bo‘lishini ta’minlab berishimiz shart", deya ta’kidlagan.

SSV rahbari o‘rinbosarining fikricha, bunda eng asosiysi O‘zbekiston aholisini ushbu infeksiyaga qarshi emlash masalasidir.

"Dekabr oyi boshida Rossiya delegatsiyasi O‘zbekistonga keldi. Rossiya tomoni bilan "Sputnik V" klinik tadqiqotlar natijalarini oshkor qilmaslik to‘g‘risida kelishuv bor. Tegishli hujjatlar bizga taqdim etildi. Biz bu hujjatlarni o‘rganyapmiz. Uning natijalariga ko‘ra, vaksinaning 3-bosqich tadqiqotlarini o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilinadi", dedi Bahodir Yusupaliyev.

"Sputnik V" vektorli vaksina - u adenovirus asosida yaratilganiga e’tibor qaratdi.

"Buni o‘rganish asosida birinchi navbatda fuqarolarimizning xavfsizligi masalasi, ularda antitanachalar hosil bo‘lish-bo‘lmasligi o‘rganiladi", degan u. Ta’kidlanishicha, agar bu vaksina o‘zining yaxshi tomonlarini ko‘rsatsa, nafaqat uni sotib olish balki O‘zbekistonda ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etish masalasi qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, 4 dekabr kuni Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov O‘zbekistonga shaxsan COVID-19ga qarshi "Cputnik V" vaksinasi namunalarini olib keldi. Namunalar ular sinovlardan o‘tkazilishi uchun O‘zbekiston tomoniga topshirilgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar