Bojxona postlarida normadan ortiq tovarlarni vaqtincha saqlash tartibi belgilandi

Bojxona postlarida normadan ortiq tovarlarni vaqtincha saqlash tartibi belgilandi

Hukumat qarori (102-son, 25.02.2021 y.) bilan Jismoniy shaxslarning chegara bojxona postlari orqali notijorat maqsadlarda olib kirilayotgan belgilangan me’yorlardan ortiq bo‘lgan tovarlariga nisbatan amalga oshiriladigan tartib-taomillar to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, davlat bojxona xizmati organlari tomonidan vaqtincha saqlash uchun qabul qilingan barcha tovarlarning vazni va miqdori o‘lchovdan o‘tkazilishi shart.

Vaqtincha saqlash uchun qabul qilingan tovarlar va ularning hujjatlari ko‘pi bilan 30 kalendar kun, tez buziladigan tovarlar esa ko‘pi bilan 2 kalendar kun mobaynida saqlanadi.

Saqlash muddati ularni vaqtincha saqlash uchun qabul qilingan kunning keyingi kunidan hisoblanadi.

Fuqarolar tomonidan ma’lum qilingan tovarlarning bojxona qiymatini tasdiqlovchi tovar hujjatlari taqdim etilmagan taqdirda, davlat bojxona xizmati organi tovarlarning bojxona qiymatini mustaqil ravishda belgilaydi.

Chegara bojxona postlari tomonidan vaqtincha saqlash uchun qabul qilingan tovarlarni saqlaganlik uchun tovarlar vaqtincha saqlovga olingan kundan e’tiboran har 100 kg.gacha og‘irlikka (brutto) to‘liq va to‘liq bo‘lmagan har bir kalendar kun uchun:

- dastlabki 5 kunda BHMning 5 foizi (12 ming 250 so‘m) miqdorida, keyingi 10 kunda BHMning 7 foizi (17 ming 150 so‘m) miqdorida, qolgan kunlarda BHMning 10 foizi (24 ming 500 so‘m) miqdorida;

- tez buziladigan tovarlarni vaqtincha saqlaganlik uchun BHMning 15 foizi (36 ming 750 so‘m) miqdorida bojxona yig‘imi undiriladi.

Tovarlarni qaytarish, vakolatli shaxs (tovarlarning egasi) tomonidan dalolatnomaning bojxona organi tomonidan tasdiqlangan nusxasi va shaxsni tasdiqlovchi hujjatning aslini taqdim etish bilan amalga oshiriladi.

Tovarlar bojxona yig‘imi to‘langandan hamda hujjatlar rasmiylashtiruvi tugagandan keyin darhol qaytariladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar