2020 yil 29-30 iyul kunlari sektor rahbarlari boshchiligida Buxoro viloyatidagi kam ta’minlangan, nogironligi bor, yakka-yolg‘iz yashovchi va o‘zgalar madadiga muhtoj oilalarga xayriya mablag‘lari tarqatildi, deb xabar qilmoqda Buxoro viloyatidagi Xalq qabulxonasi axborot xizmati.
Buxoro viloyati bo‘yicha 13544 ta kam daromadli “temir daftar”ga kiritilgan, pandimeya sababli daromadidan ayrilgan, ehtiyojmand oilaning 50 ming nafar a’zosi uchun ajratilgan 200 ming so‘mdan, jami 10 mlrd. so‘m pul mablag‘lari sektor rahbarlari, korxona-tashkilot xodimlari va jamoatchilik vakillari ishtirokida manzilli ravishda tarqatildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 iyuldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6038-sonli Farmoniga asosan respublika miqyosida 400 ming ehtiyojmand oilalarning 1,7 mln. nafar a’zosiga 380 mlrd. so‘m pul mablag‘i tarqatilib, bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilishi belgilandi.
Ajratilgan mablag‘larning, ehtiyojmand oilalarga, o‘z vaqtida yetib borishi Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan nazoratga olindi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga moddiy yordam ajratilishi bilan bog‘liq muammolar yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlarni tezkorlik bilan ko‘rib chiqilishi tizimi yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Buxoro viloyati Xalq qabulxonasi nazoratida kelib tushgan murojaatlarning barchasi shu kunning o‘zida sektor rahbarlari va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda kӯrib chiqilib, moddiy yordam va zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish orqali ijobiy hal etilishi ta’minlandi.
Izoh qoldirish