Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 22 aprel kuni hududlarda xizmat ko‘rsatish sohasi yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Joylarda tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda yangi xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha murojaatlar, tashabbuslar ko‘p bo‘lmoqda. Ular asosida viloyat, tuman va shahar hokimliklari joriy yilda xizmatlar sohasida 59 trillion so‘mlik 42 mingta yangi loyihani amalga oshirish, 150 mingta doimiy ish o‘rni yaratish bo‘yicha rejalar belgilagan.
Yig‘ilishda Prezident har bir loyiha ijrosini nazoratga olib, tadbirkorlarga ko‘maklashish, shu bilan birga, yangi loyihalarni shakllantirib borish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
Har bir hududning o‘ziga xosligidan kelib chiqib, xizmatlarni kengaytirish, yangi xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish, ilg‘or tajribalar va namunaviy loyihalarni joriy etish bo‘yicha yangi metodologiya yaratish zarurligi ta’kidlandi. Buning uchun, O‘zbekiston milliy banki huzurida xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha loyiha-tahliliy markazi tashkil etiladi va barcha viloyatlardagi filiallarida uning bo‘limlari ochiladi. Ularda aholiga namunaviy tayyor biznes loyihalari taqdim etiladi, kasbga o‘qitishdan biznesni yo‘lga qo‘yishgacha bo‘lgan kompleks xizmatlar ko‘rsatiladi.
Davlatimiz rahbari loyihalarni moliyaviy ta’minlash masalasiga alohida to‘xtaldi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu yil xizmatlar sohasi uchun banklar tomonidan kamida 18 trillion so‘m kreditlar yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, davlat tomonidan tijorat banklari orqali qo‘shimcha 300 million dollar ajratiladi. Shundan 150 million dollari 1 iyulgacha joylarga yetib boradi.
Viloyat, tuman, shahar hokimlari, sektor rahbarlari, mahallaga biriktirilgan mas’ullar bilan birga “mahalla – tuman – bank” prinsipi asosida loyihalar ro‘yxatini shakllantiradi. Bunda, har bir mahallada kamida 20 turdagi, tuman va shaharda kamida 70 ta turdagi xizmatlar bo‘lishi nazarda tutiladi.
Shuningdek, Milliy bank tomonidan 28 ta yirik va o‘rta shaharlarda turizm, transport, tibbiyot, ta’lim xizmatlari hamda yirik savdo komplekslari tashkil etish uchun qo‘shimcha 200 million dollar mablag‘ jalb qilinadi.
Umuman aytganda, byudjetdan va Milliy bank tomonidan xizmat ko‘rsatish sohasiga jami 500 million dollar yoki 5,5 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
– Topshiriq berishdan oldin sharoit yaratayapmiz, pullar ajratayapmiz. Birgina xizmatlar sohasiga 500 million dollar beryapmiz. Buni agar halol-pok ishlatsak, necha ming ishchi joy paydo bo‘ladi. Har bir vazir vatanparvar bo‘lib, “o‘zining aravasini o‘zi tortib”, berilgan bir so‘m pulni qadrlab, joyiga yetkazsa, odamlar ishonadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish