Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2022 yilga bo‘lgan O‘zbekistonning YaIM istiqbolli ko‘rsatkichlarini ko‘tarilishi haqida ma’lum qildi. Buni hisoblashda o‘ta batafsil keng ko‘lamli ma’lumotlarga asoslangan «noukasting» yondashuvidan foydalanilgan.
«Noukasting» yondashuviga asoslangan istiqbol modeli Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2021 yildan beri qo‘llanilib kelinmoqda va Yalpi ichki mahsulotning choraklik ko‘rsatkichlarida aniqlab bo‘lmaydigan alohida jihatlarini ochib berishga imkon beradi.
2022 yilning uchinchi choragida haftalik YaIM dinamikasining o‘sish tendensiyasi davom etib kelmoqda. Bunday holat joriy yilning ikkinchi choragida ham kuzatilgandi. 2022 yil 3 va 4 choraklarida o‘sish tendensiyasining ortib borishi 1-yarim yillik ko‘rsatkichlariga nisbatan yillik hisobda YaIMning kamida 0,75%ga oshishiga olib kelishi kutilmoqda.
1-chorakdagi sezilarli pasayishdan keyin iqtisodiyotning tiklanishi tashqi savdo aylanmasi hajmining o‘sishi, xizmat ko‘rsatish sohasida ishbilarmonlik faolligi va davlat yordamining oshganligi bilan bog‘liq. Xususan, tovar va xizmatlar tashqi savdo aylanmasi avgust va sentyabr oylarida mos ravishda 14% va 12%ga oshdi. Xizmat ko‘rsatish sohasida ham faollik sezilarli darajada oshdi, buni “biznes va sanoat” (14,5%ga o‘sish) va “dam olish va hordiq” (9,7%) kabi toifalar bo‘yicha internet so‘rovlari ko‘paygani ko‘rsatmoqda.
Yuqoridagi omillarni hisobga olgan holda, 3-chorak yakuni bo‘yicha YaIM o‘sish prognozi 5,81%ni tashkil etmoqda (prognoz diapazoni 5,78%-5,83% darajasida belgilandi). Shu bilan birga, markaz prognoziga ko‘ra, qisqa muddatda iqtisodiy o‘sishda sezilarli tebranishlar kutilmayapti, chunki fundamental iqtisodiy omillar barqarorligicha qolmoqda.
4-chorakda O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish sur’atlari 2022 yilning 3-choragi darajasida saqlanib qolishi kutilmoqda. Joriy yilning avgust oyida 2022 yil uchun markaz tomonidan e’lon qilingan avvalgi YaIM o‘sishi prognozi 5,77% edi.
O‘zbekistonning YaIMi o‘sishining 2022 yildagi haftalik istiqbollari
Izoh qoldirish