O‘zbekistonda aholi sonining yuqori sur’atlarda o‘sishi mehnat bozoriga ham katta bosim o‘tkazib, ish bilan bandlik masalasini yanada keskin qilib qo‘ymoqda.
Yurtimizda 2021 yil 1 avgust holatiga doimiy aholi soni 35 mln. kishini tashkil qilib, tahlillarga ko‘ra, 2030 yilda mamlakat aholisi 41 million kishidan oshadi. 2020 yilda mamlakatimizda 841 ming kishi tug‘ilgan (24,6 promille) bo‘lib, har yili mehnat bozoriga 500 mingdan ko‘proq yoshlar kirib kelishi aholining ish bilan bandlik masalasini muhim ustuvor masala qilib qo‘ymoqda.
Afsuski, yaqin vaqtga qadar aholi bandligi va mehnat bozoriga oid ko‘rsatkichlar mehnat bozoridagi real holatni aks ettirmas va hisobot uchun raqamlarni “soxtalashtirish” holatlarini kuzatish mumkin edi. Mamlakatimizda yaqin vaqtgacha mehnat va bandlik sohasidagi ilmiy izlanishlarni amalga oshiruvchi, muvofiqlashtiruvchi yagona ilmiy-tadqiqot instituti mavjud emasligi ushbu sohaga jiddiy e’tibor berilmaganligini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 31 dekabrdagi “Malakalarni baholash tizimini tubdan takomillashtirish va mehnat bozorini malakali kadrlar bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4939-son qarori bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida Mehnat bozori tadqiqotlari instituti tashkil etilganligi aholining ish bilan bandligi masalasi davlat siyosatining muhim ustuvor ahamiyatga ega ekanligini bildiradi.
Mehnat institutiga vazirlikning “aql markazi” sifatida mehnat bozori, mehnat muhofazasi, mehnat migratsiyasi, milliy malaka tizimi va kasbiy standartlarni takomillashtirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy-amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish va soha oldida turgan dolzarb muammolarni hal etish vazifasi qo‘yilganligi vazirlik va Institutga katta mas’uliyat yuklaydi. Ushbu vazifani hal etish esa mehnat sohasida amaliy tajribaga ega ilmiy darajali, yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilishni va mazkur sohada amalga oshirilayotgan ilmiy ishlarning natijalarini amaliyotga jadal joriy etilishini talab qiladi.
Bandlik siyosatining passiv choralaridan (ishsizlik nafaqalarini to‘lash) aholi bandligiga ko‘maklashishga qaratilgan faol chora-tadbirlar doirasini kengaytirmoqda. Ayniqsa, yoshlar, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va kam ta’minlangan oilalarga mikrokreditlar, issiqxona o‘rnatish, urug‘liklar, ko‘chatlar, parrandalar ajratish, ularni kasbga, shu jumladan, tadbirkorlikka o‘qitish, tayyorlash orqali ularning ish bilan band bo‘lishlari va daromad olishlariga qaratilgan barcha zarur choralar faol amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonda 2021 yil 1 oktyabr holatiga mehnat resurslari 19,3 mln. kishi, jami ish bilan bandlar 13,6 mln. kishi, shu jumladan iqtisodiyotning rasmiy sektorida 6,1 mln. kishi (40,7 %), iqtisodiyotning norasmiy sektorida 5,9 mln. kishi (39,6%), iqtisodiy nofaol aholi 4,3 mln. kishi, chet elda ishlash uchun ketganlar 1,6 mln. kishi va ishga joylashtirishga muhtoj shaxslar 1,4 mln. kishini (9,4%) tashkil qilgan.
Mamlakatimizda jami ish o‘rinlarining 90 foizi xususiy sektordla yaratilishini hisobga olsak, mamlakatda qulay biznes muhitini shakllantirish, davlat korxonalarini xususiylashtirishni jadallashtirish, xususiy mulk himoyasini ta’minlash, byurokratiya va korrupsiya illatlarini barataraf etish va faqat tadbirkorlikni rivojlantirish orqali iqtisodiy rivojlanishga erishish mumkinligini xalqimiz ongiga singdirish muhim ahamiyatga egadir.
Norasmiy bandlikning yuqori darajasi tabiiyki iqtisodiyotning qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri kelib, bu sohada band bo‘lganlarni rasmiylashtirish va ortiqcha ishchi kuchini esa boshqa sohalarga o‘tkazish bo‘yicha keng ishlarni amalga oshirishni taqozo etadi (1-rasm).
1-rasm. Norasmiy bandlarning iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha strukturasi, %
Norasmiy bandlikni legallashtirish maqsadida, ayniqsa, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni ro‘yxatga olish va ularning mehnat stajini hisoblash uchun BHMning 1 baravari miqdorida (270 ming so‘m) ijtimoiy soliq to‘lashlari belgilandi. Eng muhimi esa ularning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlari jismoniy shaxslar jami daromadlari tarkibiga kiritilmasligi katta imtiyoz bo‘lib, bu rasmiy mehnat faoliyatining norasmiylikdan afzal ekanligini ta’minlaydi.
O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar uchun 68 faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari tasdiqlangan bo‘lib, ularni yanada kengaytirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Natijada, 2021 yil 1 iyul holatiga 852,4 ming nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi (shundan 310,1 ming nafarini 30 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar tashkil etadi) va yil yakunida ularning soni 1 mln. kishilan oshishi kutilmoqda.
So‘nggi yillarda norasmiy bandlik darajasini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida uning ulushining qisqarish tendensiyasi kuzatilmoqda (2-rasm). Mamlakatimizda o‘zini o‘zi band qilishni mehnat resurslarini boshqarish va aholi bandligini ta’minlashning ustuvor yo‘nalishi sifatida rivojlantirish lozim va uning potensialidan hali to‘la foydalanilmagan. Mehnat bozorida inklyuzivlikni ta’minlash, aholining barcha qatlamlarini mehnat faoliyatiga jalb qilish, jumladan, yoshlar, ayollar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning ish bilan bandligiga ko‘maklashish bandlik siyosatining muhim qismi hisoblanadi.
2-rasm. Iqtisodiyotning rasmiy sektorida bandlar sonining o‘zgarishi dinamikasi, ming kishi
Ular uchun alohida dastur va chora-dasturlar qabul qilinishi natijasida aholining ushbu guruhlarini mehnat faoliyatiga faol jalb etishga erishilmoqda. 2021 yilning 1-yarim yilligi bo‘yicha jami ish bilan bandlikda yoshlarning ulushi 31,3 foizni, ishsizlik ulushi esa 15,2 foizni tashkil qilib, o‘rtacha ishsizlik darajasidan 1,55 marta ko‘pligini ko‘rsatmoqda. (3-rasm).
3-rasm. Yoshlarning bandlik va ishsizlik ko‘rsatkichi dinamikasi
2021 yilda mehnat bozori, professional standartlar, tarmoq malakalar doiralari va malaka talablarining ishlab chiqilishi hamda yangilab borilishi, malaka va bilimlarni baholash milliy tizimining xalqaro miqyosda tan olinishini ta’minlash maqsadida Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq va hududiy kengashlar tashkil etildi.
COVID-19 pandemiyasining iqtisodiyotga salbiy ta’siriga qaramay, iqtisodiyotning barqaror faoliyat yuritishi, aholining daromad manbai bo‘lgan ish bilan bandligini saqlab turish, ommaviy ishdan bo‘shatilishlarni oldini olish, xodimlarni masoviy ish usulida bandligini ta’minlash va boshqa keng chora-tadbirlar asosida ishsizlik darajasining oshib ketmasligiga erishildi (4-rasm).
Aholini kasb-hunarga o‘qitish va qayta tayyorlashning uch bosqichli tizimini shakllantirish bo‘yicha:
1) band bo‘lmagan aholiga xizmat ko‘rsatuvchi hududiy «Ishga marhamat» monomarkazlari;
2) mamlakatning barcha hududlarida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufida tuman va shahar kasb-hunarga o‘qitish markazlari;
3) mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari tashkil etildi.
Raqamli iqtisodiyotning mehnat sohasiga keng joriy etilishi natijasida xohlagan odam hech qanday ortiqcha sarf-xarajat va vaqtni tejagan holda http://ish.mehnat.uz/ sayti orqali viloyat, tuman (shahar) kesimida o‘z soha yo‘nalishi, kasb, ta’lim darajasi bo‘yicha hamda istalgan maosh hajmi doirasida vakant ish joylari haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘lishi va ishga joylashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
4-rasm. Ishsizlik darajasining o‘zgarishi dinamikasi
Yangi texnologiyalar elektron ro‘yxatga olish, integratsiyalashgan va avtomatlashgan holda xizmat ko‘rsatish sifatida inson omili, uning ishtirokini imkon darajada kamaytirib, iqtisodiy birliklarning transaksion xarajatlarini kamaytirishga, iqtisodiy faoliyatni rasmiylashtirish imkonini beradi.
O‘zbekistonda ishchi kuchining profitsiti mehnat bozoridagi vaziyatni yumshatish va iqtisodiy rivojlanishning dastlabki davrida tashqi mehnat migratsiyasining muhim ahamiyatga ega ekanligi barchaga ayon. Tashqi mehnat migratsiyasining dinamikasi turli ichki va tashqi iqtisodiy omillarga bog‘liq holda o‘zgarib turishini 5-rasmda ko‘rish mumkin.
5-rasm. Tashqi mehnat migratsiyasining dinamikasi
2020 yilda COVID-19 pandemiyasiga qaramay, mehnat migrantlari bank orqali 6 mlrd. AQSh dollaridan ortiq pul jo‘natmalarini (Jahon bankining prognoziga ko‘ra, 2021 yilda 7,6 mlrd.) o‘tkazishgan. Bundan tashqari mehnat migrantlarini mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun potensial investor, malakali mutaxassis, yangi ish joylari yaratuvchi tadbirkor sifatida qabul qilish lozim. So‘rovlarga ko‘ra, tashqi mehnat migrantlarining 20 foizi chet elga ishga ketish sababi deb, o‘z biznesini ochishga, tadbirkorlik uchun dastlabki sarmoyani jamg‘arish deb ma’lum qilgan.
Xulosa sifatida aytish joizki, mehnat sohasidagi islohotlarning asosiy maqsadi aholining munosib mehnat va munosib ish haqini shakllantirish, inson kapitalini rivojlantirish, uzluksiz kasbiy malaka va mehnat unumdorligini oshirish va tadbirkorlik ruhini yaratish hisoblanadi.
Bu esa o‘z navbatida ma’muriy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni ijobiy amalga oshirish natijasida, iqtisodiyotning boshqa soha xodimlarining ham ish haqilarining oshishiga, ularning ham ichki, ham tashqi mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lishlarini belgilaydi.
Mehnat bozorida amalga oshirilayotgan faol bandlik siyosati – bu nafaqat aholining qonuniy, munosib va barqaror bandliga (daromadga ega bo‘lish) ko‘maklashishga shart-sharoitlar yaratish, inklyuzivilikni ta’minlash balki inson kapitalini rivojlantirish, talab va taklif asosida o‘z bilim, ko‘nikma, kasbiy malakalarini, raqobatbardoshliklarini oshirish, o‘zgarishlarga moslashish, o‘zini o‘zi band qilish va tadbirkorlikka jalb qilish hamda o‘z salohiyat va qobiliyatlarini namoyon qilish va ulardan to‘la foydalanishga barcha imkoniyatlarni yaratishni o‘z ichiga oladi.
Tagayev Behzod i.f.d
Matrasulov Dilmurod
Ismatov Ibrohimjon
Mehnat bozori tadqiqotlari instituti
Izoh qoldirish