“Ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 oktyabrdan qurilishi tugallangan va foydalanishga qabul qilingan ko‘p kvartirali uy-joyni boshqarish birinchi ikki yilda quruvchi tomonidan amalga oshiriladi hamda mazkur muddatga ko‘p kvartirali uy-joy ekspluatatsiyasining kafolat muddati joriy qilinadi.
Har bir ko‘p kvartirali uy-joyning kadastr pasportida ko‘p kvartirali uy-joyga tutash yer uchastkasi to‘g‘risida ma’lumotlar majburiy tartibda bo‘lishi shart.
2022 yil 1 yanvardan mulkdorlarning boshqaruvchi oldida qarzdorligi mavjud bo‘lgan taqdirda, uning miqdori uy-joylarga bo‘lgan mulk huquqini rasmiylashtirishda notarial idoralar tomonidan tegishli shartnomada aks ettiriladi va yangi mulkdor ushbu qarzdorlik haqida ogohlantiriladi.
Ko‘p kvartirali uy-joylarda yashovchi, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga majburiy badalni to‘lab berish uchun subsidiya ajratiladi.
Qarorga ko‘ra, quyidagi masalalar bo‘yicha umumiy yig‘ilishning qarori, agar uni yoqlab uy-joy mulkdorlari yoki ular vakillarining 80 foizidan ko‘prog‘i ovoz bersa, qabul qilingan deb hisoblanadi:
– ko‘p kvartirali uy-joyga tutash hududlarda yangi ob’yektlarni qurish;
– mulkdorlar amal qilishi majburiy bo‘lgan ko‘p kvartirali uy-joylarda umumiy mol-mulkni boshqarishning talab va qoidalarini tasdiqlash;
– ko‘p kvartirali uy-joy uchun qarz va kreditlarni jalb qilish.
2021 yil 1 avgustgacha loyiha doirasida biriktirilgan hududlar, 2022 yil 1 yanvarga qadar esa butun respublika hududlarida ko‘p kvartirali uy-joyga xizmat ko‘rsatish jarayoniga uy-joy mulkdorlarining jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami va ularning tegishli mol-mulki kadastr raqamidan foydalangan holda billing tizimi joriy qilinadi.
2021 yil 1 oktyabrgacha ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqaruvchilarning elektron reyestri ishga tushiriladi.
2021 yil 1 iyuldan ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish usuli shirkatlardan boshqaruvchi tashkilotlarga o‘tgan uy-joylar uchun jalb qilingan kreditlarning muddatini, mahalliy hokimliklar kafilligi asosida, uch yilgacha uzaytirish choralari ko‘riladi.
Izoh qoldirish