Ijtimoiy nafaqalar oluvchi ehtiyojmand oilalar soni 2021 yilda 1,2 mln. oilaga oshiriladi

Ijtimoiy nafaqalar oluvchi ehtiyojmand oilalar soni 2021 yilda 1,2 mln. oilaga oshiriladi

2020 yil 7 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining kengaytirilgan majlisida senatorlar pandemiya davrida, avvalo, aholini kuchli ijtimoiy himoya qilish va sog‘lig‘ini ta’minlagan holda iqtisodiyotni qayta tiklash yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini e’tirof etdi.

Jumladan, ijtimoiy nafaqalar oluvchi ehtiyojmand oilalar soni 2021 yilda 1,2 mln. oilaga oshirilishi rejalashtirilganligini qayd etib, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga moddiy yordam berish, bolali oilalarga barcha turdagi ijtimoiy nafaqalarni to‘lash, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish, bolalikdan nogironlarga nafaqalar to‘lash bo‘yicha to‘lovlar 2021 yilda 10,2 trln. so‘m yoki 2020 yil tasdiqlangan parametrga nisbatan 56,3 foizga ko‘p mablag‘ ajratilishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, 2021 yilda aholini qo‘llab-quvvatlash, pul to‘lanadigan jamoatchilik ishlariga, tadbirkorlikka keng jalb etish asosida bandlikni ta’minlash maqsadida Jamoatchilik ishlari jamg‘armasi orqali 250 mlrd. so‘m, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi orqali 250 mlrd. so‘m, Xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi orqali 125 mlrd. so‘m ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar