Ijtimoiy sug‘urta modellari: jahon tajribasi va O‘zbekiston amaliyoti

Ijtimoiy sug‘urta modellari: jahon tajribasi va O‘zbekiston amaliyoti

Ijtimoiy sug‘urta va ijtimoiy ta’minot masalalari har qanday davlatning ijtimoiy siyosatida eng dolzarb masalalardan biridir. Ayniqsa, bugungi pandemiya sharoitida davlat tomonidan aholini ijtimoiy himoya qilinishi yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 29 dekabrda Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida “Yangi yilda iqtisodiy islohotlarning pirovard maqsadi – kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishdan iborat bo‘ladi. Ushbu strategik maqsadlarga hamma uchun teng imkoniyat yaratadigan yuqori iqtisodiy o‘sish hisobiga erishiladi” deya ta’kidlagani bejiz emas, albatta. Kambag‘allikni qisqartirish uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar davomida aholining ehtiyojmand qismi manzilli qo‘llab-quvvatlanadi, zaruriy ijtimoiy ta’minot bilan qamrab olinadi.

2021 yildan boshlab vaqtincha ishsizlik nafaqasi 3 barobar oshirilishi va bunda 6 ta hujjat talab etiladigan eski byurokratik tartibning bekor qilinishi ijtimoiy himoyani yanada kuchaytirishga e’tibor qaratilayotganining yaqqol misollaridan biridir. Rivojlangan mamlakatlarda ijtimoiy himoyani tashkil qilishda ijtimoiy sug‘urta tizimlari muhim rollardan biri sifatida qaraladi.

Har bir mamlakatda fuqarolarning ijtimoiy sug‘urtasi o‘zining shakllanishi va rivojlanishining tarixiy yo‘lidan o‘tdi, ammo ularning rivojlanishi uchun qo‘yilgan vazifalarning barcha o‘xshashligi bilan ularni hal qilish usullari va yondashuvlari sezilarli darajada farq qiladi. Ijtimoiy sug‘urta davlat ijtimoiy siyosatining asosiy qismidir. Mamlakatda rivojlangan ijtimoiy sug‘urta tizimi fuqarolarga samarali himoya mexanizmlarini taqdim etadi va shu bilan birgalikda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlaydi va jamiyatda ijtimoiy birdamlik muhitini yaratadi. Bugungi kunda bir-biridan tuzilishi bilan ham, moliyalashtirishning turli usullari bilan ham farq qiluvchi turli xil ijtimoiy sug‘urta tizimlari mavjud.

O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy sug‘urta munosabatlari “O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi” hamda boshqa tegishli qonun va qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinadi.

O‘zbekiston Respublikasida hududida barcha xodimlar davlat yo‘li bilan ijtimoiy sug‘urta qilinadi. Davlat ijtimoiy sug‘urtasi uchun ish beruvchilar, shuningdek, sug‘urta qilingan xodimlarning o‘zlari badal to‘laydilar. Agar ish beruvchilar tomonidan davlat ijtimoiy sug‘urtasi uchun badal to‘lamagan bo‘lsa, sug‘urta qilingan xodim davlat ijtimoiy sug‘urtasi mablag‘lari hisobidan ta’minlanish huquqidan mahrum bo‘lmaydi.

Davlat ijtimoiy sug‘urtasi hisobidan beriladigan ta’minot turlariga quyidagilar kiradi:

- vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqalari. Ayollar uchun bundan tashqari, homiladorlik va tug‘ish nafaqalari;

- bola tug‘ilganda beriladigan nafaqalar;

- davlat tomonidan beriladigan yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalari;

- qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlar bilan ta’minlanadilar.

Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi ishchi xodim kasal bo‘lganda, mehnatda mayib bo‘lgan yoki boshqacha tarzda shikastlanganda, shu jumladan, turmushda jarohatlanganda, oilaning betob a’zosini parvarish qilganda, karantin e’lon qilinganda, sanatoriy-kurortda davolanganda va protez qilinganda to‘lanadi.

Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi mehnatda mayib bo‘lgan va kasb kasalligiga chalinganda ish haqining to‘liq miqdorida, boshqa hollarda esa, xodimning davlat ijtimoiy sug‘urtasi badallarini to‘lagan muddatiga (umumiy ish stajiga), qaramog‘idagi voyaga yetmagan bolalarining soni va boshqa holatlarga qarab, ish haqining oltmish foizidan yuz foizigacha miqdorda to‘lanadi. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasining eng kam miqdori qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 35,2 foizidan oz bo‘lmasligi va nafaqa hisoblab chiqariladigan ish haqi miqdoridan ortib ketmasligi lozim.

Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi homiladorlik va tug‘ish ta’tilining butun davrida to‘liq ish haqi miqdorida to‘lanadi.

Bola tug‘ilganda bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘lanadi. Har bir tug‘ilgan bola uchun beriladigan nafaqaning miqdori va uni to‘lash tartibi qonun hujjatlari bilan belgilab qo‘yilgan.

Sug‘urta qilingan xodim yoki uning oila a’zosi vafot etganda qonun hujjatlarida belgilab qo‘yiladigan miqdor va tartibda dafn etish marosimi uchun nafaqa to‘lanadi.

Ijtimoiy sug‘urta modellarining jahon tajribasi

Ijtimoiy sug‘urta tizimi zamonaviy jamiyatning muhim tarkibiy qismlaridan biridir. Belgilangan vazifalarning barcha o‘xshashligi bilan har bir mamlakatda ijtimoiy sug‘urtaning rivojlanishi o‘ziga xos tarixiy noyob yo‘lni bosib o‘tdi. Davlat hukumati ijtimoiy siyosatini mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va iqlim xususiyatlarini hisobga olgan holda olib boradi. Xorijiy mamlakatlarda ijtimoiy himoya asosiy 3 ta model xususiyatlariga moslab qurilgan: Bismark (kontinental, konservativ), Beveridj (anglosakson, liberal) modeli va xususiy-korporativ (aralash, skandinaviya) modeli.

Kontinental model

Bismark modeli ijtimoiy sug‘urta mexanizmiga asoslangan bo‘lib, u mehnat qobiliyati yo‘qolishi bilan sug‘urtalanuvchilarga to‘liq yoki qisman kompensatsiya beriladi. Ijtimoiy ta’minot byudjet badallari, ishchi va ish beruvchining sug‘urta badallari hisobidan moliyalashtiriladi. Germaniya, Fransiya, Avstriya kabi mamlakatlar ushbu model asosida ish olib borishadi. Ijtimoiy sug‘urtaning Bismark modelining afzalligi ish stajiga va daromad miqdoriga qarab ijtimoiy nafaqalarning o‘sishi va bu orqali fuqarolarning mehnat faoliyati rag‘batlantiriladi. Bo‘sh mablag‘larni qo‘shimcha ravishda ijtimoiy sug‘urta fondlariga jalb qilish orqali, ijtimoiy to‘lovlar miqdorini ko‘paytirish mumkin. Ushbu modeldan foydalanishda ijtimoiy xarajatlarni davlat tomonidan moliyalashtirishning qoldiq tamoyiliga amal qilinadi. Bismark modelining kamchiligi ishchilar soni va ijtimoiy sug‘urta to‘lovlari miqdoriga bog‘liqligidadir. Ishchilar sonining kamayishi bilan ijtimoiy to‘lovlar darajasi pasayadi yoki ijtimoiy ajratmalar miqdori oshadi.

Kontinental model quyidagi uch asosiy xususiyatdan iborat:

  1. Ushbu model insonning kasbiy faoliyati davomiyligi va ijtimoiy ta’minot darajasi o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlikni tavsiflaydi.
  2. Asosiy tamoyil sifatida bozor va davlat nazorati ostida ijtimoiy sug‘urta tamoyiliga e’tibor qaratiladi.
  3. Jamoat tashkilotlari va xayriya fondlari fuqarolarning ijtimoiy ta’minotida juda faol hisoblanadi.

Germaniya kontinental modelning barcha tamoyillarini amaliyotga to‘liq joriy eta olgani bilan ajralib turadi. Bu davlatda sug‘urta qonunchiligining asoschilaridan bo‘lib, mamlakat hayotida muhim siyosiy rol o‘ynagan kansler Otto fon Bismark hisoblanadi. U birinchi bo‘lib mamlakat aholisiga ma’lum ijtimoiy kafolatlar beradigan bir qator qonunlarni qabul qildi. Ulardan asosiylari “Sanoat xodimlarining kasalligini sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonun (1884), “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalardan sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonun (1885) hamda “Nogironlik va qarilikni sug‘urtalash to‘g‘risida”gi qonun (1891).

Ishonch bilan aytish mumkinki, ushbu qonunlar orqali shaxsning o‘z mustaqilligi, jamoatchilikning qo‘llab-quvvatlanishi va hukumatning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi uch tomon o‘rtasida o‘zaro manfaatli kelishuvlar yuzaga kelishiga olib keldi.

Hozirgi kunda Germaniyada ijtimoiy sug‘urtaning 4 ta turi amal qiladi: pensiya sug‘urtasi, majburiy tibbiy sug‘urta, ishsizlik sug‘urtasi, baxtsiz hodisalardan sug‘urta. Ijtimoiy ta’minot tizimi shuningdek, bolalarga nafaqa (bola tug‘ilganda bir martalik to‘lovlar, kam ta’minlangan oilalarga va ko‘p bolali oilalarga dotatsiyalar), qochqinlarga yordam, ta’lim uchun nafaqalar, davolanish uchun nafaqalar, pensiya subsidiyalari, urush qurbonlariga, nogironlarga yordam, kam ta’minlangan fuqarolarga ijtimoiy yordam shaklida ajratilgan davlat mablag‘larini qamrab oladi. Germaniya sug‘urta tizimida birinchi o‘rinda mehnatga layoqatli aholi uchun yaxshi va mos iqtisodiy sharoitlar yaratishga urg‘u beradi. Ijtimoiy siyosatning ushbu shakli muvaffaqiyatli bo‘ldi. Lekin undagi muhim bir kamchilik – davlat byudjeti xarajatlarining asosiy qismi ijtimoiy himoyaga sarflanadi. Ushbu xarajatlarni qoplash uchun ishlayotganlardan olinadigan soliqlarni doimiy ravishda oshirishga to‘g‘ri kelmoqda. Soliqlarning ko‘pligi tufayli odamlar ishlash uchun rag‘batni yo‘qotadilar. Chunki odamlarning soliqlardan ajratib qolgan mablag‘i ishga yaroqsiz odam oladigan ijtimoiy himoya mablag‘iga teng bo‘lib qoladi. Ushbu masalani ijobiy hal qilish uchun hozirgi vaqtda siyosiy jihatdan ham bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda, ulardan asosiysi sifatida ijtimoiy yordam oluvchilarni ijtimoiy ishlab chiqarishga jalb qilishni tashkil etilayotganini aytib o‘tish mumkin.

Anglosakson modeli

Davlatning ijtimoiy ta’minlashning anglosakson (liberal) modeli yuqorida tavsiflangan kontinental modeldan sezilarli darajada farq qiladi. Ushbu model asoschisi 1941-1942 yillarda Buyuk Britaniyada ijtimoiy sug‘urta islohotlari bo‘yicha ishchi guruhni boshqargan ingliz iqtisodchisi Uilyam Beveridj hisoblanadi. Beveridj ijtimoiy sug‘urta tizimiga badallarning yagona miqdorini va ijtimoiy ta’minotning har xil turlari uchun to‘lovlarning bir xil miqdorini belgilashni taklif qildi. Olingan badallar va to‘lovlar miqdori oluvchining ijtimoiy sug‘urta tizimidagi ishtiroki va u tomonidan o‘tkazilgan badallar miqdoridan qat’i nazar, ma’lum bir guruhga mansubligi asosida belgilandi. Yashash minimumi belgilash taklif qilindi. Agar fuqaro o‘zini yashash minimum bilan ta’minlay olmaydigan bo‘lsa, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

O‘sha davrdagi aksariyat mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Beveridj modeli urushdan keyin iqtisodiy va ijtimoiy farovonlikni tiklashga, mehnat unumdorligini va umuman iqtisodiyotni tiklash uchun sharoit yaratishga imkon berdi. Bundan tashqari, ob’yektiv sabablarga ko‘ra (homiladorlik, nogironlik va hokazo) sug‘urta badallarini to‘lay olmaganlar uchun ijtimoiy ta’minot olish imkoniyatini saqlab qolishga imkon berdi. Beveridj modeli dolzarbligi sababli mamlakat tashqarisida ham faol qo‘llab-quvvatlandi. Bu modelning muvaffaqiyatli tarzdagi amaliyotga tatbig‘ini AQSh, Fransiya, Yaponiya, Shveysariya kabi mamlakatlarida ko‘rish mumkin.

Anglosakson modelining ba’zi bir asosiy xususiyatlari quyidagilar:

- ijtimoiy xizmatlar “umumiylik” tamoyiliga asoslanadi va bir xil miqdordagi nafaqalar beriladi (hamma sug‘urta badali to‘laganlarga teng miqdordagi nafaqa beriladi);

- hukumat faqat aholi daromadlarining minimal miqdorini saqlash va zaif qatlamlar farovonligi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi, shu orqali ijtimoiy sohada minimal ishtirok etadi;

- ushbu model aniq sug‘urta dasturlari uchun alohida sug‘urta mukofotlarini hisobga olmaydi. Yagona ijtimoiy to‘lovlar yordamida daromadlar yig‘iladi va ma’lum ijtimoiy ta’minot sohasining zarur ehtiyojlariga taqsimlanadi;

- ijtimoiy dasturlarni amalga oshirishning moliyaviy asosi bo‘lib birinchi navbatda davlat byudjeti emas, balki xususiy sug‘urta badallari hisoblanadi.

Buyuk Britaniyada zamonaviy ijtimoiy sug‘urta tizimida ikkita tarmoq mavjud:

a) milliy ijtimoiy sug‘urta, unga pensiya sug‘urtasi dasturlari, nogironlarni sug‘urtalash, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalardan sug‘urta qilish, onalikni qo‘llab-quvvatlash, kasallik uchun nafaqalar;

b) mamlakat rezidentlariga, shuningdek, Angliyada uzoq vaqt yashagan chet elliklarga tibbiy xizmat ko‘rsatadigan milliy sog‘liqni saqlash tizimi.

Dastlab AQShda ijtimoiy sug‘urta to‘g‘risidagi qonuni 1935 yil 14 avgustda qabul qilingan edi. Vaqt o‘tishi bilan ushbu qonun ijtimoiy sug‘urtaning yangi qoidalari bilan to‘ldirildi va qo‘shimchalar qilindi. Qo‘shma Shtatlarda yagona, umummilliy, markazlashgan ijtimoiy ta’minot tizimi mavjud emas. U federal qonun yoki shtat qonuni bilan tartibga solinadigan har xil dasturlardan tashkil topgan. Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi davlat ijtimoiy ta’minoti tizimi aniq ikki sohaga bo‘linadi: ijtimoiy sug‘urta (to‘lovlar ishchilardan olinadigan ijtimoiy sug‘urta badallaridan hosil bo‘lgan sug‘urta mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi) va ijtimoiy yordam (to‘lovlar byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Bu federal yoki shtat byudjeti bo‘lishi mumkin). Shuningdek, bugungi kunda AQShda tibbiy sug‘urtadan tashqari ijtimoiy sug‘urta tizimi ham ancha rivojlangan bo‘lib, ijtimoiy sug‘urta orqali ishsizlik, mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik, boquvchisini yo‘qotganlik, qarilik kabi sug‘urta hodisalari sug‘urta qilinadi.

Tizimning tashkil qilinishiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, har bir fuqaro ijtimoiy sug‘urtalanish huquqiga egaligini tasdiqlovchi muhim hujjat – “Social security number” ga ega. Shuningdek, u fuqarolarning hisob kartochkasi bo‘lib xizmat qiladi. Sug‘urta hodisasi sodir bo‘lgan paytda, nafaqa miqdori ish stajga, daromadga va hokazolarga bog‘liq holda hisoblab chiqiladi. Shu bilan birga sug‘urta bilan bog‘liq bo‘lmagan kambag‘allarga, yetim va boshqa ehtiyojmandlarga davlat tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy ta’minot mablag‘lari (masalan, ayrim toifalarga maktabda bepul ovqatlanish, uy-joy va boshqalar beriladi) alohida hisoblanadi.

Boquvchisini yo‘qotganligi bo‘yicha ijtimoiy sug‘urta. Boquvchisini yo‘qotish bilan bog‘liq sug‘urta hodisasi yuz berganda, agar vafot etgan shaxs sug‘urta qilingan bo‘lib, uning asosiy ish faoliyatidan kelayotgan daromadi orqali oilasi ta’minlanayotgan bo‘lsa, oila asosiy daromad manbaini yo‘qotgan hisoblanadi va qo‘shimcha moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan taqdirda marhuming oila a’zolariga (odatda turmush o‘rtog‘i) nafaqa to‘lanadi.

Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha ijtimoiy sug‘urta. Bunda ishlayotgan xodimning bajarayotgan mehnatiga bog‘liq bo‘lmagan ravishda vaqtinchalik mehnat qobiliyatini yo‘qotishi natijasida sug‘urta hodisasi yuz beradi. Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasini olish uchun xodimning besh yillik ish staji va ish beruvchi tomonidan belgilangan sug‘urta badallarining to‘lovi talab qilinadi.

Ishsizlik nafaqasi bo‘yicha sug‘urta. Bunda sug‘urta badallari yillik daromadning 6,2 foizini tashkil qiladi, lekin bu raqamni korrektirovka qilishda shtatlar tomonidan o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin. Umumiy qoida bo‘yicha, ular ish beruvchilar tomonidan to‘lanadi. Ushbu badallarni to‘lash sug‘urtalangan shaxslarga ishsizlik holatida, tegishli nafaqalarni to‘lashda kafolat berishga imkon beradi.

Skandinaviya modeli

Shvetsiya, Daniya, Norvegiya singari shimoliy mamlakatlarda davlat ijtimoiy siyosatining skandinaviya modelidan foydalaniladi. Bugungi kunda aynan zamonaviy, yetuk va rivojlangan ijtimoiy tizimga ega davlat sifatida aynan skandinaviya modelidan foydalangan mamlakatlar misol qilib ko‘rsatiladi. Bu model o‘zida bismark va Beveridj modellarining elementlarini jamlaydi.

Ushbu model quyidagi xususiyatlarga ega:

- ijtimoiy ehtiyojlar uchun xarajatlarni amalga oshirishda yetakchi rol mamlakat hukumatiga tegishli bo‘lib, barcha ijtimoiy dasturlar davlat byudjetidan moliyalashtiriladi;

- hukumat ishsizlikka qarshi faol kurash olib boradi, uning oldini olish uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda;

- skandinaviya modeli aholining turli qatlamlari o‘rtasida ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun sharoitlarning tengligi bilan tavsiflanadi;

- mamlakat aholisi uchun turli xil hayotiy vaziyatlarda turli xil ijtimoiy kafolatlar beriladi.

Ijtimoiy siyosatni tartibga solishning eng yorqin, skandinaviya modeliga misol - Shvetsiya. Bugungi kunda u ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan biri hisoblanadi. Shvetsiya aholisining ijtimoiy ta’minoti butun mamlakat aholisini ijtimoiy himoya qilishda davlat kafolati asosida amalga oshiriladi. U soliq va transfert siyosati orqali amalga oshiriladigan aholining barcha qatlamlari daromadlarini qayta taqsimlashga qaratilgan.

Shved modelining asosiy xususiyatlari inson hayotining barcha sohalarida doimiy ijtimoiy himoya va 100 foiz bandlikka erishish, kambag‘allar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarning yo‘qligi, yuqori siyosiy va ijtimoiy barqarorlikdir. O‘tgan asrning 80-90 yillarida og‘ir iqtisodiy vaziyatga qaramasdan skandinaviya modelidan foydalanayotgan hech bir davlat o‘z tanlagan yo‘lidan voz kechmadi. Biroq, umumiy farovonlikka erishish va yuqori darajada ta’minlangan ijtimoiy kafolatlar mavjudligi davlat byudjetidan katta xarajatlarni talab qiladi. Shuning uchun ushbu davlatlarda soliqlar yuqori foizligi bilan ajralib turadi. Hozirgi paytda hukumatlar tomonidan munisipal byudjetda katta miqdordagi mablag‘larni to‘plash imkoniyatini beradigan zamonaviy soliq konsepsiyalari ishlab chiqilmoqda, shu orqali mablag‘larni to‘plash va samarali sarflash yo‘lga qo‘yilmoqda.

Yuqoridagi jadval orqali ayrim xorijiy davlatlardagi ijtimoiy tizim mexanizmlari bilan qisman tanishib chiqdik. Ko‘rishimiz mumkinki, yuqoridagi davlatlarda ham asosiy daromadini yo‘qotgan aholi qismiga maxsus tizimlar orqali e’tibor qaratilmoqda.

Xulosa

Xulosa qiladigan bo‘lsak, barcha ijtimoiy sug‘urta modellarida va yuqorida ko‘rgan barcha davlatlarimizda ijtimoiy nafaqalarning to‘lanishi asosiy qismi daromadini yo‘qotgan fuqarolarning ijtimoiy ta’minlashga yo‘naltirilganligini ko‘rish mumkin. Lekin bunda hamma tizimlar o‘z xarakterli xususiyatlariga ega. Ijtimoiy sug‘urta tizimini tashkil qilayotganda mamlakatdagi mavjud iqtisodiy vaziyatni, xalqning iqtisodiy mentalitetini inobatga olish kerak. Amalda qo‘llanilayotgan moliyaviy-iqtisodiy infratuzilmaning afzal tomonlaridan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Sh. Mahkamova, A. Mamanov,

Byudjet-soliq tadqiqotlari instituti

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar