Jizzax viloyatida 553 ta umumta’lim maktablari faoliyat yuritadi. Viloyatdagi mavjud 229 ming nafar o‘quvchilarining eng ko‘p qismi Sh.Rashidov tumani (38 985 nafar), Jizzax shahri (35 321), Zomin (32 427), G‘allaorol (32 427) va Baxmal (31 058) tumanlarida.
Umumta’lim maktablari bitirayotgan o‘quvchilarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi ko‘rsatkichlari bo‘yicha viloyatdagi maktablar “yashil”, “sariq” va “qizil” ranglar bilan darajalarga bo‘lindi.
Unga ko‘ra, jami maktablarning 60,4 foizi “yashil”, 36 foizi “sariq” va 3,6 foizi “qizil” darajadagi maktablar ekanligi aniqlandi.
Jizzax viloyatining umumta’lim maktablarida ma’naviy ma’rifiy yo‘nalishda 2021-2022 o‘quv yilining 1-yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar baholandi. Bunda o‘quvchilarning fan va turli to‘garaklarga jalb etilishi, maktabning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida har oyda axborot joylashtirib borish holati, o‘quvchilarning ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi viloyat va Respublika tadbirlarida erishgan yutuqlari, taniqli shoir, yozuvchi, olim va tadbirkorlar ishtirokida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, o‘quvchilar tomonidan sodir etilgan jinoyatchilik, erta tug‘riq, suitsid va huquqbuzarlik holatlari, muntazam ravishda maktabga kelmaydigan o‘quvchilarning soni kabi kriteriyalar bo‘yicha maktablar baholanib, ularning reytinggi tuzildi. Reytingga ko‘ra, Jizzax shahridagi “Umid” IDUM, 22-IDUM, G‘allaorol tumanidagi 56-maktab, Arnasoy tumanidagi 22, 11-maktablar yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan.
2022 yil Jizzax viloyatining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlar dasturiga asosan, 2022 yilda Jizzax viloyatida 6 ta yangi maktab qurilib, qo‘shimcha 6382 ta o‘quvchi o‘rni tashkil etiladi. 15 ta maktab rekonstruksiya qilinib, 10 ta maktab mukammal ta’mirlanadi.
Feruz Raximov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jizzax filiali bosh ilmiy xodimi
Izoh qoldirish