2021 yilning 10 mart kuni AQSh Kongressining tadqiqotlar markazi “COVID-19”ning global iqtisodiy ta’siri” nomli 159 sahifadan iborat ma’ruzasini e’lon qildi. Ma’ruza joriy yilning 9 iyulida qayta yangilangan holda, omma e’tiboriga havola qilindi. Unga “Covid-19” pandemiyasiga javoban dunyoning yirik mamlakatlari va katta iqtisodiy salohiyatga ega bo‘lgan moliyaviy institutlari tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlarga doir qo‘shimcha manba va ma’lumotlar ilova qilingan. Mazkur material dunyo mamlakatlari bo‘yicha xronologik tartibda guruhlangan bo‘lib, pandemiyaning dunyo mamlakatlari iqtisodiyotiga ta’sirini o‘rganish borasida har tomonlama qulay hisoblanadi, deydi texnika fanlari doktori, professor Muxsin Xodjiyev
2020 yilning 11 martida “Covid-19” deb nom olgan yangi virusli kasallikning avj olishi butun dunyoda rasman “pandemiya” sifatida tan olindi. Virusli infeksiya mamlakatlar o‘rtasida tez tarqalgani va dunyo hamjamiyatiga birdek ta’sir ko‘rsatgani holda, global iqtsiodiyotning o‘zaro bog‘liqlik tavsifiga ega ekanligini yana bir bor namoyish qildi. 2020 yilning mart oyi boshida infeksiya markazi Xitoydan Yevropaga ko‘chgani holda, ayniqsa, Italiyaga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.
Ammo 2020 yilning aprel oyida infeksiya markazi AQShga ko‘chdi. 2021 yilning aprel oyining o‘zidayoq, Braziliya va Hindistonda yangi kasallanish o‘choqlari paydo bo‘lgani holda, mazkur mamlakatlarda kunlik kasallanish va o‘lim holatlari rekord darajaga yetdi.
Birinchi bosqichda pandemiya oqibatlariga qarshi iqtisodiy choralar moliya bozorlarini barqarorlashtirish va iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur bo‘lgan kreditlar oqimini ta’minlashga qaratilgan pul-kredit siyosati bilan bog‘liq bo‘ldi.
Ikkinchi bosqichda asosiy e’tibor byudjet chora-tadbirlari orqali iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.
Uchinchi bosqichda vaksina yaratish, uni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va ommaviy emlashni amalga oshirish davlat siyosatining asosiy diqqat markazida bo‘lgani holda, mazkur bosqich hozirgi kunda ham davom etib kelmoqda. Barchani voqelar rivoji kelgusida qanday tus olishi haqidagi savol birdek o‘ylantirishi tabiiy holdir.
2021 yilning iyul oyi boshida dunyo miqyosida 184 milliondan oshiqroq kishi kasallangan bo‘lsa, 4 milliondan oshiqroq kishi mazkur kasallikdan vafot qilganligi qayd etilgan. 2021 yilning iyul oyi boshiga AQShda 33,6 million kishi kasallangan bo‘lsa, 603 ming kishi kasallikdan vafot etgan. Ayni paytda, dunyoning 80dan ortiq mamlakatlari chegaralarni yopishlari, karantin cheklovlarini joriy qilishlari oqibatida, butun dunyoda qariyb 1,5 milliardga yaqin bolalar maktabga qatnab an’anaviy ta’lim olishdan bebahra qolishdi.
Butun jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining qariyb yarmidan ko‘p aholisi (230 million kishi) cheklovlar va o‘z-o‘zini yakkalash sharoitida kun kechirishdi, shu bilan bir qatorda 26 million yevropaliklar koronovirus bilan kasallangani holda, ularning 580 mingdan ortig‘i ushbu kasallikdan vafot etdi.
Pandemiya dunyo miqyosida iqtisodiy o‘sish sur’atlariga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, koronovirus tufayli 2020 yilda dunyo iqtisodiyotining o‘sishi 4,5 foizdan 6,0 foizgacha pasaygan. Shu bilan bir qatorda jahon iqtisodiyotining o‘sishi 2021 yilda 2,5%dan 5,2%gacha o‘sishi bashorat qilinmoqda.
Iqtisodiy o‘sishning hozirgi dinamikasida jahon iqtisodiy faolligining qariyb 60 foizi to‘g‘ri keluvchi rivojlangan iqtisodiyotga ega bo‘lgan mamlakatlar kamida 2024 yilgacha bo‘lgan muddatda o‘z imkoniyatlari darajasida faoliyat ko‘rsata olmaydilar.
2020 yilning birinchi yarmi va yilning uchinchi choragida global iqtisodiy inqirozdan so‘ng, dunyo iqtisodiyotida jonlanish holatlari kuzatildi. AQSh va Yevropa iqtisodiyoti 2020 yilning uchinchi choragida tiklanish alomatlari sezila boshladi, xususan AQSh iqtisodiyotida yillik hisobda 5,0, Yevrohududda esa uchinchi chorakda 12,5% o‘sish kuzatildi. 2020 yilning 25 noyabrida Yaponiya hukumati mamlakat YaIMi uchinchi chorakda 4,7% ga o‘sganligini ma’lum qildi.
2020 yilning 24 noyabrida AQShning Dow Jones birja indeksi 2020 yilning 14 fevralida qayd qilingan maksimal qiymatdan oshiqroq qiymatni qayd qildi.
Biroq 2020 yilning sentyabr oyidan boshlab Yevropa va AQShda koronovirusning yangi to‘lqini avj olishi asnosida yangi cheklovlar joriy qilindi. Bu o‘z navbatida 2021 yilning kamida uchinchi choragi yakuniga qadar iqtisodiyotning barqaror sur’atlarda tiklanishini shubha ostiga qo‘yadi.
Ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 100 milliondan 110 milliongacha odam kambag‘allik chegarasidan pastda turmush ko‘rishga majbur bo‘ladilar. Bundan tashqari, hisob-kitoblarga ko‘ra, global savdo 2020 yilda 9% gacha pasayganligini ta’kidlashimiz mumkin. Pandemiyaning iqtisodiy oqibatlari 1930 yillarning Buyuk depressiyasidan beri kuzatilmagan yuqori ishsizlik darajasi bilan tavsiflanuvchi bandlikka, shuningdek, muttasil tarzda o‘sib boruvchi qarzdorlik darajasiga ta’sir ko‘rsatadi. Koronavirusga qarshi kurash choralari tufayli ish o‘rinlari yo‘qotilishining eng katta ulushi xizmat ko‘rsatish sohasiga to‘g‘ri keladi.
Xalqaro mehnat tashkilotining baholashlariga ko‘ra, 2020 yilda 93 foiz ishchi va xodimlar u yoki bu cheklashlar sharoitida mehnat faoliyatini olib borishga majbur bo‘lganlar, buning natijasida global pandemiya tufayli 2020 yilda ish vaqtining salkam 9 foizi yo‘qotilgan. Koronovirus tufayli 2020 yilda 2019 yilga nisbatan yo‘qotilgan ish soatlarining umumiy miqdori Yevropada (14,6%) va Shimoliy va Janubiy Amerikada (13,7%) ni tashkil qilgan, bu o‘z navbatida mazkur mamlakatlar va mintaqalarda karantin cheklovlarining qat’iy va uzoq muddatli amal qilganligi bilan izohlanadi.
Xalqaro mehnat tashkilotining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2019 yilga nisbatan 2020 yilda global miqyosda ish o‘rinlarining yo‘qotilishi 114 million ish o‘rnini tashkil qilgan. Yuqori ishsizlik darajasi tufayli yo‘qotilgan ish soatlarining eng katta ulushi Yevropa (6,0%), Amerika (2,7%) va arab davlatlarida (1,7%)ga to‘g‘ri kelgan.
Bir qator iqtisodchilar va mutaxassislarning fikricha, pandemiya tufayli mehnat bozorida yuzaga kelgan nomutanosibliklar rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiyoti uchun katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Koronovirus pandemiyasining jahon iqtisodiyotiga ta’siri borasida XVF quyidagi xulosalarni ilgari suradi:
1)aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi daromad hajmi bir necha yil davomida o‘zining pandemiyadan oldingi darajasidan past bo‘ladi, bu esa o‘z navbatida joriy unumdorlik darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi;
2)pandemiyaga qarshi kurashish borasida milliy sog‘liqni saqlash tizimlariga qo‘yiladigan talablar boshqa kasalliklarni samarali davolashga salbiy ta’sir ko‘rsatadi;
3)korxonalarning bankrotligi milliy va global darajada unumdorlikning pasayishiga olib keladi;
4)qarz darajasining oshishi potensial qarz olish imkoniyatlari va investitsiyalar oqimining cheklanishiga sabab bo‘ladi.
XVJ bashoratlariga ko‘ra, pandemiya natijasida 2020 yildan 2025 yilgacha bo‘lgan davrda global iqtisodiy ishlab chiqarishning yo‘qotilishi 28 trln. dollarni tashkil etadi. Birgina turizm sohasida 120 milliondan ziyod ish o‘rnini yangidan tiklashning imkoni butunlay yo‘qqa chiqadi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) bankrotlik tufayli 40 foiz bank aktivlari xavf ostida qolishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.
Masofadan turib ishni tashkil qilish hisobiga bunday xodimlarning ulushi rivojlangan mamlakatlarda 20 foizdan 25 foizgachani, rivojlanayotgan mamlakatlarda esa 20 foizgachani tashkil qiladi, bu o‘z navbatida jamoat transporti, umumiy ovqatlanish korxonalari va chakana savdo shahobchalariga talabning qisqarishiga olib kelishi mumkin.
Elektron tijoratning jadal rivojlanishi do‘kon va restoranalarda kam haq to‘lanuvchi ish o‘rinlarining qisqarishiga olib kelgani holda, onlayn-savdo va xizmat ko‘rsatish markazlarida yangi ishchi o‘rinlariga talabning oshishiga olib keladi.
Qo‘yilgan cheklovlarning mehnat bozoriga ta’siri ishchilarni robotototexnika bilan almashtirishga undaydi.
“Covid-19” pandemiyasi bilan bog‘liq inqirozning tezkor rivojlanish tavsifiga ega ekanligi bir qator oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan muammolarni paydo qilmoqdaki, buning natijasida ehtimolli yo‘qotishlarni baholash favqulodda mushkul vazifa hisoblanadi.
Mazkur muammolar bilan bog‘liq bo‘lgan holda paydo bo‘luvchi bir qancha savollarga javob izlab topish talab qilinadi, xususan:
- Covid-19 bilan bog‘liq bo‘lgan inqiroz qancha davom etadi;
- qancha ish o‘rinlari vaqtinchalik cheklovlarga duch keladi yoki butunlay yopiladi;
- virusning yangi shtammlari bilan dunyo mamlakatlarining yana qancha qismi zararlanadi, buning natijasida iqtisodiy faollik qay darajada pasayadi, iqtisodiy tiklanish sur’atlari qanchalik sekinlashadi;
- koronovirus tufayli salbiy iqtisodiy samara o‘zining eng past nuqtasiga qachon yetadi;
- kasallikning yanada avj olishi tufayli kelgusida iqtisodiy faollik qay darajada bo‘ladi;
- inqirozdan chiqish borasida milliy va global darajada pul-kredit va fiskal siyosatning qaysi shakl va usullaridan foydalangan ma’qul;
- inqirozning biznesga vaqtinchalik va doimiy ta’siri qanday bo‘ladi;
- cheklovlar sharoitida ishlab chiqarishni qay tarzda tashkil etish maqbul sanaladi;
- iqtisodiyotning barqarorligini ta’minlash va virus tarqalishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda iqtisodiy siyosat va sog‘liqni saqlash borasida ilgari suriluvchi talab va ehtiyojlar o‘rtasidagi nisbat qay darajada bo‘lmog‘i lozim?
Tan olib aytishimiz lozimki, bugungi kunda dunyo iqtisodiyoti mavhumlik sharoitida rivojlanmoqda. Amerikalik iqtisodchilarning fikriga ko‘ra, pandemiya sharoitida iqtisodiy pasayishning asosiy omili bu iqtisodiy noaniqlik bilan bog‘liqdir. Iqtisodiyotda davlat tomonidan amalga oshirilayotgan iqtisodiy siyosatning qay darajada aniqligini belgilash borasida iqtisodiy siyosatning noaniqlik indeksi – Economic Policy Uncertainty (EPU) dan foydalaniladi.
Agar 1997 yildan to 2017 yilgacha bo‘lgan davr oralig‘ida EPU indeksini tahlil qilsak, dunyo yalpi ichki mahsulotining uchdan ikki qismini ishlab chiqaruvchi dunyoning 18 ta mamlakatida iqtisodiy siyosatning noaniqlik indeksi 150- 300 oralig‘ida o‘zgarganligini ko‘rishimiz mumkin. Ammo, tahlilchilar pandemiya tufayli iqtisodiy siyosatning noaniqlik indeksi keyingi bir yarim yil ichida 450 punktdan pastga tushmayotganligini aytishmoqda.
Mana shunday noaniqlik hukm surayotgan bir paytda dunyo hamjamiyati mamlakatlari barqaror iqtisodiy taraqqiyotga erishish borasida o‘z dastur va rejalarini ishlab chiqib, hayotga izchil joriy qilishga intilmoqdalar.
Bugungi kunda dunyo mamlakatlari tajribasini o‘rganish asosida pandemiyadan keyingi davrda mamlakat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish uchun quyidagi yo‘nalishlarda hatti-harakatlarni jamlashimiz lozim, degan xulosaga kelamiz:
- barcha hatti-harakatlarimizni bilimlar asosiga qurish. Bugungi kunda “bilimlar iqtisodiyoti”ga asoslangan milliy iqtisodiyotlarning taraqqiyotning cho‘qqisiga erishganligi hech kimga sir emas.
- mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar pirovard natijada aholi farovonligiga, bir so‘z bilan aytganda inson kapitali sifatini yaxshilashga xizmat qilishi lozim;
- butun dunyo mamlakatlari uchun ekologik xatarlar, yerlarning cho‘llanishi, tabiiy resurslar miqdorining keskin kamayib ketishi xavf solayotgan bir paytda “yashil iqtisodiyot” unsurlarini hayotga izchil joriy qilish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi;
- hech kimga sir emaski, hozirda dunyo tobora raqamlashib bormoqda, raqamli texnologiyalar, raqamli iqtisodiyot kundalik hayotimizga yanada chuqur kirib keldi, shundan kelib chiqqan holda, aytishimiz mumkinki, istiqbolda mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi raqamli iqtisodiyot unsurlarining qanchalik izchil joriy etilishiga bog‘liqdir;
- iqtisodiy taraqqiyotga erishish sanoatlashtirishsiz amalga oshishi mushkul ekanligini bugungi hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi, shu bois taraqqiyotga erishishni istagan mamlakat sanoat ishlab chiqarishini jadal rivojlantirishga har tomonlama intilishi lozim;
- iqtisodiy taraqqiyotga erishishning yana bir muhim shart jadal integratsiyalashuv hisoblanadi. Bu borada keyingi yillarda mamlakatimiz rahbariyati tomonidan olib borilayotgan faol ochiqlik siyosatini olqishlash lozim.
Ilmiy hamkorlik, informatsion resurslardan birgalikda foydalanish, tinchlik va barqarorlik yo‘lida siyosiy va iqtisodiy intilishlarni birlashtirish orqaligina pandemiyadan eson-omon chiqib olishimiz mumkin-deb yozadi Hindistonning “Tanderberd” xalqaro menejment maktabi dekani Sandjiv Xagram (Sanjeev Khagram).
1972 yilda biolog olimlar Stiven Djeyey Gould va Naylz Eldrejlar tomonidan uzluksiz muvozanat nazariyasi ilgari surilgan edi. Mazkur nazariyaga ko‘ra, dunyoda tirik organizmlar populyasiyasi tarixan qisqa, ammo murakkab sharoitlarda sezilarli darajada evolyusion o‘zgarishlarga uchraydi. Yuqorida nomlari zikr etilgan olimlarning ta’kidlashlaricha, tirik organizmlarning evolyusiyasi barqaror va davomli jarayon hisoblanmaydi, aksincha u biologik turlar yuqori bosim, xususan inqiroz sharoitiga tushib qolganida jadallashadi.
Hozirgi “COVID-19” koronovirus infeksiyasi pandemiyasi sharoitida insoniyat huddi shunday murakkab vaziyatni o‘z boshidan kechirmoqda. Insonlar, jamiyat va tashkilotlar ushbu inqiroz sharoitida sezilarli qiyinchiliklarga duch kelmoqdalarki, bu holat biologik va raqamli dunyo chegaralarini birlashtirgani holda, to‘rtinchi sanoat inqilobini tezlashtiradi.
Pandemiya bizni XXI asr texnologiyalari-sun’iy intellekt, internet buyumlar, ijtimoiy media, raqamli o‘qitish platformalari, vritual reallik, uchuvchisiz uchish apparatlari va shu kabilarga qanchalik bog‘lanib qolganligimizni his etishga majbur qiladi. Bundan tashqari, bunday misli ko‘rilmagan shart-sharoit va imkoniyatlar bizni raqamli, biologik va jismoniy texnologiyalarga ko‘proq tayanishga va bu istiqbolli texnologiyalarning yangi qadriyatlarni yaratish uchun qanday foydalanish mumkinligi haqida ko‘proq bosh qotirishga undaydi.
To‘rtinchi sanoat inqilobi (Industry 4.0) sanoatda axborot texnologiyalarini ommaviy joriy etish, biznes-jarayonlarni keng miqyosda avtomatlashtirish va sun’iy intellektni keng joriy qilishga asoslangan ishlab chiqarishga yangicha yondashuvni o‘z ichiga oladi. To‘rtinchi sanoat inqilobi (Industry 4.0) tushunchasini ilmiy muomalaga dastlab 2016 yil Daos butunjahon iqtisodiy forumida nemis iqtisodchisi Klaus Shvab olib kirgan. Uning fikricha avvalgi inqiloblarda bo‘lgani kabi, to‘rtinchi sanoat inqilobi ham ishlab chiqarishga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirib yuboradi. Sun’iy intellekt, robotlashtirish, uch o‘lchamli chop qilish, internet buyumlar, bulutli texnologiyalar, virtual reallik, big-data, bio va neyrotexnologiyalar bizning kundalik hayotimizning ajralmas qisimga aylanib boradi.
Bugungi kunda dunyoda 7 milliarddan ortiqroq insonlar o‘z-o‘zini cheklash sharoitida kun kechirib kelmoqda. Bundan bir necha oy oldin tasavvurimizga sig‘dirishimiz qiyin bo‘lgan masofadan turib ishni tashkil qilish, masofaviy o‘qitishni yo‘lga qo‘yish bugungi kunda yangilik bo‘lmay qoldi. Hozirda dunyoda 1,5 mlrd. talaba masofaviy tahsil olmoqda. Iqtisodiyotning turli sektor va sohalarida faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotlar va biznes tuzilmalar o‘zlarining biznes modellarini raqamli texnologiyalar asosida qayta qurishga intilmoqdalar.
Shuni ta’kidlash lozimki, muzonatli holatning keskin izdan chiqishi kuzatiluvchi tarixiy vaziyatlarda, iqtisodiyot hamisha yashab qolish uchun bor kuchi bilan intiladi. Aynan, mana shunday intilishlar natijasida jamiyat hayotini tubdan o‘zgartirib yuborishga qodir bo‘lgan yangiliklar va ixtirolar yaratiladi. Bugungi davrni olimlar “Antropotsen” deb atashadi, chunonchi insoniyat sayyoramiz ekotizimini shakllantirish borasida yetakchilik qiluvchi kuch sanaladi. Shu sababli, o‘zgarishlarni his qilgan jamiyat hamisha dunyo hamjamiyatida yetakchilik qilib keladi, o‘zgarishlarni vaqtida ilg‘ay olmagan va bunday o‘zgarishlarga moslasha olmagan jamiyatning kelajagi yo‘q.
Muxsin Xodjiyev
Guliston davlat universiteti rektori,
texnika fanlari doktori, professor
Izoh qoldirish