Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov pandemiya davrida mamlakatimizning inqirozga kirib ketishidan qanday saqlab qolingani haqida gapirdi (+video)

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov pandemiya davrida mamlakatimizning inqirozga kirib ketishidan qanday saqlab qolingani haqida gapirdi (+video)

Keyingi 4-5 yilda aholi farovonligini oshirish, ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirish, tibbiyot, ta’lim, ilm-fan, madaniyat, san’at va barcha soha hamda tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Islohotlar ko‘lami kengayib bormoqda.

Murakkab pandemiya sharoitiga qaramasdan davlat tomonidan iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib kelmoqda. Iqtisodiy barqarorlik, ish o‘rinlari saqlab qolinmoqda.

Ma’lumot uchun, mamlakatimizda 1-chorakda YaIM 3 foizga, sanoat 3,8 foizga, qishloq xo‘jaligi 3,1 foizga o‘sdi. Davlat byudjeti daromadlari prognozga nisbatan qariyb 2 trln so‘mga ko‘paydi. Eksport hajmi yanvar-aprel oylarida 3,2 mlrd dollarni tashkil etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 12 may kuni hudud va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda xuddi shu yo‘nalishdagi masalalar tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov pandemiya davrida iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha olib borilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida «O‘zbekiston24» telekanalining "Tahlilnoma" ko‘rsatuviga intervyu berdi:

– O‘tkan yili pandemiya holati 16 martda e’lon qilingan bo‘lsa, O‘zbekistonda pandemiyaga qarshi birinchi choralar 19 martda ko‘rildi. 20 dan ortiq Farmon va Qarorlar qabul qilindi. Bundan tashqari 80 trln so‘m uzaytirilgan kreditlar, bu YaIMning 13% deydigan bo‘lsak, katta choralar qabul qilindi. Qabul qilingan chora-tadbirlar iqtisodiyotimizni chuqur inqirozga kirib ketishidan saqlab qoldi. O‘tgan yili iqtisodiyotimiz 1,6 foizga o‘sish bilan chiqdi.

Mana shu natijalardan kelib chiqqan holda davlatimiz rahbari tomonidan iqtisodiyotni kelgusida yanayam rivojlantirish uchun nima choralar ko‘rishimiz kerak va prognoz ko‘rsatkichlari 2021 yil uchun yetarli emas, biz yanada qo‘shimcha rezervlar topishimiz kerak, aholi farovonligini oshirish uchun qo‘shimcha ishlab chiqarish imkoniyatlarini yo‘lga qo‘yishimiz kerak, degan maqsadda katta selektr yig‘ilishi o‘tkazildi.

Iqtisodiy o‘sish bo‘layotgani yoki bo‘lmayotganini, uzoq muddatli tovarlarni oldi-sotdisida ko‘rish mumkin. Aholida ertangi kunga ishonch bo‘lsa, ular avtomobil yoki uy xarid qiladi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazimizda har oyda monitoring olib boriladi. 2021 yil aprel oyida birgina uylar xaridining o‘zi 2019 yilning apreliga nisbatan qariyb 28 foizga o‘sdi. Avtomobillar oldi-sotdisi ham xuddi shunday. Qariyb 19-20 foiz atrofida o‘sish bor. Bu degani aholining to‘lov qobiliyati o‘sayapti, mahsulot sotilganidan keyin, oylik berasiz, u oylik olganidan so‘ng yana iste’mol bo‘ladi. Mana shu iqtisodiyot degan katta bir g‘ildirakning ishlab ketishiga sabab bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari yig‘ilishda yoqilg‘i energetikasini ta’minlasak, albatta iqtisodiyotimiz barqaror bo‘ladi, deya ta’kidladilar. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov bunga nimalar hisobidan erishish mumkinligiga izoh berdi.

– Sanoat borki, bunga elektr energiya kerak. Iqtisodiyotda o‘rtacha elastiklik degan narsa bor. YaIMni har doim 1 foizga oshirmoqchi bo‘lsangiz, sizda kamida bir foiz energetika sohangiz o‘sishi kerak. Davlat rahbari tarafidan qo‘yilayotgan iqtisodiy o‘sish bo‘yicha marralarga yetish uchun qancha elektr energiya kerak, qancha tabiy gaz kerak, o‘sha narsalarning aniq hisob-kitoblari bizda bor. Demak bizga qo‘shimcha 9 mlrd kub tabiy gaz, 165 ming tonna suyultirilgan gaz, 15,5 mlrd kVt elektr energiyasi kerak bo‘ladi. Mana shu tabiy gaz, energetika resurslarini ta’minlab berish bo‘yicha har bir sohaga aniq ko‘rsatmalar berilgan.

Shuningdek, O.Hakimov bugungi pandemiya sharotida tarmoqlar va hududlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlovchi asosiy omillar nimalardan iborat ekanligi to‘g‘risida ham batafsil to‘xtalib o‘tdi.

– Iqtisodiyotda eng oldinda ketayotgan sohalarimiz bor. Shu bilan bir qatorda iqtisodiyotda bozor tamoyillari asosida ishlashni hali yo‘lga qo‘yolmagan va transformatsiya jarayonlarida orqada qolayotgan sohalar ham bor. Masalan, «Hududgazta’minot», «O‘zagrolizing», «O‘zdonmahsulot» kabi sohalarda qoloqliklarni davlat rahbari tomonidan qanday qilib bartaraf etish bo‘yicha, ushbu sohalarning hammasini bozor tamoyillari asosida ishlaydigan samarali sohalarga aylantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berib o‘tilgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar