Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi “O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga va Jahon savdo tashkilotiga ehtimoliy a’zo bo‘lishini baholash” mavzusida so‘rovnoma o‘tkazdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi “O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga va Jahon savdo tashkilotiga ehtimoliy a’zo bo‘lishini baholash” mavzusida so‘rovnoma o‘tkazdi.

Joriy yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi fuqarolar o‘rtasida “O‘zbekistonning YeOII va JSTga ehtimoliy a’zo bo‘lishi ta’sirini baholash” bo‘yicha anonim so‘rov o‘tkazdi. So‘rovda tadqiqotchilar, olimlar, davlat xizmatchilari, xususiy sektor vakillari, o‘qituvchi va talabalar ishtirok etishdi.

Avval xabar qilinganidek, yanvar oyida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari tomonidan O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy Ittifoqiga (YeOII) a’zo bo‘lgan taqdirda mamlakat iqtisodiyotining asosiy tarmoqlariga ta’siri bo‘yicha tadqiqot ishlarini yakunladilar. Ayni paytda Markaz ekspertlari O‘zbekistonning jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishi iqtisodiyot tarmoqlariga ta’siri haqida tadqiqotlarni olib borishmoqda.

Tadqiqotning natijalari bilan infografika va joriy tadqiqotlar bo‘yicha tahliliy maqolalar joylashtirilgan “Iqtisodiy tahlil“ jurnalining saytida tanishishingiz mumkin.

“O‘zbekistonning YeOIIga ehtimoliy a’zo bo‘lishi ta’sirini baholash” mavzusidagi tadqiqot natijalaridan jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida 2020 yil 8-11 yanvar. respublikamizning 14 ta yetakchi oliy ta’lim muassasalarida pedagog xodimlar, talabalar, OAV vakillari va bloggerlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Ushbu taqdimotlar natijasida jamoatchilik fikrini yanada kengroq o‘rganishga qaratilgan so‘rov o‘tkazildi.

So‘rovnoma shakli xorijdagi yetakchi aqliy markazlar tajribasidan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan. So‘rovnoma 10 ta savoldan iborat bo‘lib, ular quyidagicha tuzilgan: birinchidan, YeOIIga a’zo bo‘lishi ta’sirini baholash bo‘yicha savollar keltirilgan, keyin O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi bo‘yicha jamoatchilik fikri o‘rganishga qaratilgan savollar berilgan.

So‘rovnomada barcha hududlardan 1 300 nafardan ortiq kishi ishtirok etdi. Tadqiqot ishtirokchilarining gender tarkibi quyidagicha bo‘ldi:

So‘rovnoma ishtirokchilarining aksariyat qismi — 1037 kishi (79%) – erkaklar va ayollar esa — 271 kishi (21%)ni tashkil etdi.

So‘rovnoma ishtirokchilari orasida ko‘pchiligi talabalar — 479 (37%), ikkinchi o‘rinda xususiy sektor vakillari – 356 (27%), davlat xizmatchilari – 252 (19%), o‘qituvchilar – 155 (12%), olimlar/tadqiqotchilar – 53 (4%), boshqa kasblar – 13 (1%).

YeOII

So‘rov natijalari shuni ko‘rsatadiki, respondentlarning 74 % O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlaydi. Respondentlarning 16 % qarshi, 4% neytral ovoz berishgan bo‘lsa 6% javob berishga qiynalishdi.

Tadqiqot davomida hududlar kesimida Jizzax, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari respondentlarining YeOIIga eng ko‘p (90% dan ortiq) qo‘shilishni qo‘llab-quvvatlashliklari aniqlandi.

Integratsion birlashmaga qo‘shilishga qarshi bo‘lganlarning ulushi Andijon viloyatida ustun (32%), ikkinchi o‘rinni Toshkent shahri (26%), undan keyin Farg‘ona viloyati (21%) egallaydi.

Ittifoqqa qo‘shilish tarafdorlari ayollar o‘rtasida erkaklarga nisbatan ko‘proq (82% va 73%). Shu bilan birga, yoshlar – 20 yoshdan yoshroq va 40 yoshdan kattaroqlar orasida qo‘shilish tarafdorlari ko‘p bo‘lgan (80%).

O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlamaydiganlarning ulushi 30-39 yoshdagi (23%) fuqarolar orasida yuqoridir. Shu bilan birga, tahlillar shuni ko‘rsatdiki, qo‘shilishni qo‘llab-quvvatlovchi fuqarolar soni o‘qituvchilar, talabalar va xususiy sektor vakillari orasida (76%) tadqiqotchilar va davlat sektori xodimlariga nisbatan (66%) yuqori.

Respondentlarning 45 %i qo‘shilish uchun asosiy xavf uchinchi mamlakatlardan (YeOIIdan tashqari) keladigan import mahsulotlarining Ittifoq mamlakatlari mahsulotlari bilan almashtirilishi deb ko‘rsatilgan. Respondentlarning 42 %ini tashqi raqobat oshgan sari ichki ishlab chiqarish va ish o‘rinlari kamayib ketishi tashvishga solgan. Aholi tomonidan eng kam tashvish uyg‘otadigan (13 %) masala davlat byudjeti daromadlarini kamayishi ehtimoli bo‘lgan.

Yevroosiyo iqtisodiy Ittifoqiga a’zo bo‘lishning eng asosiy afzalliklari sifatida tovarlar va xizmatlar narxlarining pasayishi, shuningdek raqobat kuchayishi natijasida mahsulot sifatining oshishini – respondentlarning 51 % tomonidan belgilangan.

Respondentlar tomonidan ijobiy baholangan keyingi dolzarb masala (24%) mahalliy mahsulotlar uchun eksport bozorlarini kengayishi natijasida yangi ish o‘rinlari yaratilishi bo‘ldi.

So‘rovnoma ishtirokchilarining 15 %i mehnat muhojirlarining sharoitlari yaxshilanishini inobatga olishgan. Shu bilan birga, respondentlarning 10 %i umumiy mehnat bozorining shakllanishi natijasida ishchi kuchining davlatlararo harakati yanada erkinroq bo‘ladi deb baholashgan.

Qayd yetish kerakki, so‘rovda qatnashgan 200 dan ortiq ishtirokchi YeOII qo‘shilish afzalliklari va xatarlari yuzasidan o‘z izohlarini qoldirishgan.

Joriy yilning 29 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida deputatlar tomonidan O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorligi masalasi ko‘rib chiqildi. Unda deputatlar YeOIIda O‘zbekiston kuzatuvchi sifatida ishtirok etishini ma’qulladilar. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi muovini Akmal Saidov o‘z nutqida ta’kidlaganidek, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan o‘tkazilgan sotsiologik so‘rov bu borada jamoatchilik fikrini ilmiy tadqiq etish uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

JST

Umuman olganda, so‘rovnoma ishtirokchilarining aksariyati (78 %) O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishini qo‘llab quvvatlashmoqda. Shu bilan birga, 8% qarshi ekanliklarini bildirishgan. Respondentlarning 7 %i neytral ya’ni javob berishda ikkilanishdi.

Hududlar kesimida Navoiy, Surxondaryo viloyatlarida, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasida (84-91%) JSTga a’zo bo‘lishni eng ko‘p qo‘llab-quvvatlanadi. O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishiga qarshi bo‘lganlar uchun Toshkent shahri (13%), Toshkent viloyati (18%) va Andijon viloyati (12%) yeng yuqori hisoblanadi.

So‘rov shuni ko‘rsatdiki, JSTga a’zo bo‘lishni qo‘llab-quvvatlovchi fuqarolarning ulushi ham ayollar, ham erkaklar o‘rtasida bir xil (78%). Shu bilan birga, qo‘shilish qo‘llab-quvvatlamaydiganlar orasida erkaklar soni ko‘proq (9% va 5%).

Yosh toifasiga ko‘ra, JSTga qo‘shilishni 20 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning aksariyati (86%) qo‘llab-quvvatlashgan bo‘lsa. 40 yoshli ishtirokchilar orasida nisbatan kam bo‘ldi (68%).

Shuningdek, JSTga qo‘shilishga eng ko‘p ovoz bergan o‘qituvchi va talabalar (84%) bo‘lsa, xususiy sektor vakillari orasida esa bu fikrni qo‘llab-quvvatlaganlar nisbatan kamroq bo‘lgan (70%).

Jahon savdo tashkilotiga a’zolikning fuqarolar orasida eng katta xavotirli tomoni iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari ustidan tashqi nazorat bo‘lib, uning natijasida mazkur sohalar xorijlik tadbirkorlarga o‘tishi mumkin. Respondentlarning 44%i ushbu masalada o‘z xavotirlarini bildirishgan.

Respondentlarning 42 %i tovarlar va xizmatlar importini oshib ketishi natijasida mahalliy korxonalar faoliyatiga salbiy ta’siri bo‘lishi mumkinligini e’tirof etishgan. Respondentlarning 14 %ini esa davlat daromadlarini kamayishi ehtimoli bezovta qilmoqda.

Respondentlarning 34 %i – JSTga qo‘shilishning asosiy afzalligi raqobat muhitining yaxshilanishi, tovarlar va xizmatlar narxlari pasayishi va ularning sifatiga ijobiy ta’sir qiladi deb hisoblashadi.

23 % respondentlar tomonidan O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishining ijobiy samarasi sifatida rivojlangan mamlakatlar bilan savdo aloqalarini yaxshilash, yuqori texnologiyali importning oshishi ijobiy baholangan.

Respondentlarning 16% milliy ishlab chiqarish va ish o‘rinlari xorijiy investitsiyalar oqimi va xorijiy korxonalar sonining ko‘payishi natijasida ko‘payadi deb hisoblaydi. Respondentlarning yana shunchasi eksport bozorlarini kengaytirish milliy ishlab chiqarishni ko‘paytirish va yangi ish o‘rinlari yaratish, degan fikrda.

So‘rovda ishtirok etganlarning 11 %i JSTga qo‘shilish O‘zbekistonning xalqaro imidjini yaxshilashini bildirishgan.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik aloqalar xizmati

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar