Hozirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qo‘mitalari, siyosiy partiyalar fraksiyalari va ekspertlar tomonidan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasi qizg‘in muhokama etilmoqda.
Shu vaqtga qadar amaliyotda tovarlar va xizmatlarni sotib oluvchilar tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari hisoblanmaydigan yetkazib beruvchilardan olingan hisob-fakturalar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olish holatlari uchramoqda. Ya’ni qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lmaganlar korxonalar tomonidan soxta hisob-fakturalar rasmiylashtirilmoqda.
Misol uchun, “A” korxona tomonidan 2019 yilning sentyabr oyi uchun taqdim etilgan QQS hisobotlarida QQS to‘lovchisi bo‘lmagan va guvohnomaga ega bo‘lmagan “B” korxonadan xarid qilingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha 29,3 mln. so‘mlik QQS summasini hisobga olinganligi aniqlangan.
Holat yuzasidan amalga oshirilgan nazorat tadbirlari natijasida “A” korxona tomonidan asossiz hisobga olingan QQS summasini chiqarib tashlagan holda qayta hisobot taqdim etilgan.
Bu kabi holatlarni oldini olish maqsadida yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasida soliq munosabatlarida soliq to‘lovchilar tomonidan kontragentlarni tanlash chog‘ida “lozim darajada ehtiyotkorlik” tushunchasi qo‘shilmoqda.
Unga ko‘ra, soliq to‘lovchi tomonidan uning oldidagi o‘z majburiyatlarini bajarmagan shaxslar bilan tuzilgan bitimlar bo‘yicha amalga oshirilgan xarajatlar (ko‘rilgan zararlar), agar ushbu soliq to‘lovchi tomonidan lozim darajada ehtiyotkorlik qilinmagan bo‘lsa, soliq solish maqsadida e’tirof etilmaydi.
Kontragentlarni tanlashda coliq to‘lovchilar sifatida hisobga qo‘yilganligini tekshirish, ishlab chiqarish bazasini o‘rganish, moliyaviy holatini tekshirish talab etiladi.
Izoh qoldirish