Davlat soliq qo‘mitasida Xitoy Xalq Respublikasining soliq sohasiga ilg‘or dasturiy ta’minotlarni ishlab chiquvchi “Huawei” va “CEIEC” kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston soliq tizimiga raqamli texnologiyalarni joriy etish va davlat soliq xizmati organlari uchun yagona axborot platformasini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, soliq sohasida avtomatlashtirilgan xizmatlarning joriy etilishi soliq to‘lovchilar uchun qulayliklar yaratib, soliq hisobotlarini to‘g‘ri to‘ldirish, soliq to‘lovlarini o‘z muddatidan kechikmay amalga oshirish va shaffof soliqqa tortish tizimidan foydalanish imkonini beradi.
Shu bilan birga, soliq to‘lovchilarning soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, daromadlarni yashirish va korrupsiya holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Mehmonlar XXR soliq tizimi uchun “Huawei” va “CEIEC” kompaniyalari hamkorligida amaliyotga joriy qilingan “Golden tax” yagona axborot platformasining afzalliklari bilan birgalikda, o‘tgan yillar davomida duch kelingan kamchiliklar va Xitoy tajribasi asosida ularni bartaraf etish yo‘llari xususida ma’lumot berishdi.
Uchrashuv davomida “Golden tax” tizimining ishlash mexanizmiga doir taqdimot namoyish etildi. Ma’lum bo‘lishicha, 35 mln. yuridik shaxs va 500 mln. jismoniy shaxslarni o‘z ichiga olgan ulkan Xitoy soliq tizimi uchun 2 ta yirik va 36 ta hududiy ma’lumotlar markazi tomonidan avtomatlashtirilgan turli elektron xizmatlar ko‘rsatiladi.
Soliq to‘lovchilar uchun soliq organlariga bormagan holda, o‘zlariga qulay bo‘lgan vaqtda, onlayn usulda maxsus qurilmalar va mobil ilovalar yordamida soliqlarni to‘lash imkoniyati yaratilgan.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, davlat soliq xizmati organlarida mavjud dasturiy ta’minotni tahlil qilib, zamonaviy talablarga javob bera oladigan yagona axborot platformasini joriy etish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Izoh qoldirish