Koronavirusga chalingan fuqarolar soni yanada oshib borishi hech gap emas – Shavkat Mirziyoyev

Koronavirusga chalingan fuqarolar soni yanada oshib borishi hech gap emas – Shavkat Mirziyoyev

20 iyul kuni “Toshkent shahri va poytaxt viloyatida pandemiya bilan bog‘liq holat hamda uni barqarorlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar” to‘g‘risida Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda koronavirusni davolaymiz deb, deyarli barcha ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari to‘ldirib tashlandi, dedi davlatimiz rahbari. Natijada surunkali kasalligi bor bemorlar malakali tibbiy xizmatdan deyarli mahrum bo‘ldi.

Muasaddilarga surunkali kasalliklarni davolashga ixtisoslashgan shifoxonalardagi koronavirusga chalingan bemorlarni boshqa joylarga, shu jumladan xususiy klinikalarga ko‘chirish orqali surunkali xastaligi bor bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilishini qayta tiklash choralarini ko‘rish topshirig‘i berildi.

Koronavirusga chalingan fuqarolar soni yanada oshib borishi hech gap emas, deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev. Shu munosabat bilan qisqa muddatlarda ushbu kasallikka chalinganlarni davolash uchun yaratilgan qo‘shimcha o‘rin-joylar sonini, birinchi navbatda oliygohlar yotoqxonalari, yopiq sport maydonlari va boshqa sig‘imi katta bino-inshootlar hisobiga, kamida ikki-uch barobarga oshirilishini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Pandemiyaning salbiy oqibatlarini jilovlash va har bir rahbarning mas’uliyatini oshirish, fidokorlik ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish ishlari davom ettiriladi.

Kasallik o‘chog‘ida o‘z jonini garovga tikib har bir kasalni o‘lim yoqasidan olib chiqayotgan shifokorlarimizni davlat mukofoti bilan taqdirlash bo‘yicha takliflar kiritish topshirig‘i berildi.

Prezidentimiz qayd etganidek, bugungi kunda respublika va mahalliy byudjetlardan moliyalashtiriladigan har qanday xarajat ustuvor ravishda pandemiyaga qarshi kurash tadbirlariga qaratilishi shart. Bundan muhim xarajatlar bo‘lishi mumkin emas.

Shahar va tuman xokimlari 24 soat davomida har bir kasalxonadagi vaziyatni jilovlab turishga mas’ul hisoblanadi hamda ularni uzluksiz va muammosiz ishlashiga sharoit yaratib berishiga javobgar deb belgilandi.

Shuningdek, yangi xarid qilinayotgan tez tibbiy yordam avtomobillari faoliyati uzluksizligini ta’minlash maqsadida iqtisodiyotning turli sohalaridan, birinchi navbatda, faoliyati to‘xtatilishi oqibatida daromadsiz qolgan yo‘lovchi tashuvchi jamoat transporti uyushmalarining malakali haydovchilari jalb etilishi yuzasidan vazifalar qo‘yildi.

Barcha sektor rahbarlari ish kunini ertalabdan o‘z hududlarida kasalxonalardagi ahvolni o‘rganish bilan boshlashi qat’iyan belgilandi.

Har bir rahbar bugungi kunda fuqarolarimizning sog‘ligini saqlab qolishdan muhim vazifasi yo‘qligini anglashi shart, dedi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar