Bu boradagi eng asosiy vazifa – aholining real daromadini oshirish, dasturxoni to‘kinligini ta’minlash uchun sharoit yaratishdan iborat bo‘ldi. Shu maqsadda 72 nafar murojaatchiga 1,6 mlrd. so‘m imtiyozli kreditlar ajratishga qaror qilingan bo‘lsa, ulardan 57 nafariga 1,1 mlrd. so‘m kredit berilishi ta’minlandi.
Bu jarayonda tumandagi 14 ta tikuvchilik korxonasi bilan hamkorlikda 100 nafar ishsiz xotin-qiz kooperatsiya asosida o‘z uyida ishlab daromad topishi yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun shu ayollarga subsidiya asosida 100 ta tikuv mashinasi ajratildi, ularning 14 ta korxona bilan shartnoma imzolashiga yordam ko‘rsatildi. Shundan o‘quv kurslarini bitirgan 80 nafar xotin-qiz uyida ish boshlagan bo‘lsa, 20 nafar ayollar bir oylik o‘quv kursida o‘qiyapti.
Asosiysi, bunda tikuvchilik korxonalari “Beshariq tajribasi” asosida xonadonlarga xomashyo yetkazib berib, tayyor mahsulotni olib ketadi. Ayollar uyida ishlab daromad topaveradi. Ya’ni xomashyo bor, tayyor mahsulotni sotib oluvchi bor, faqat uyda ishlab mehnat qilinsa kifoya.
Misol uchun “Ozod” mahallasida yashovchi Muborak Eshonovaga subsidiya asosida tikuv mashinasi berilgach, oyiga o‘rtacha 14 tonna sochiq ishlab chiqarayotgan “Kushon zilol suv javohiri” korxonasi unga yarim tayyor sochiqlarni keltirib bermoqda. Muborak opa tikayotgan tayyor sochiqlar esa boshqa mahsulotlar bilan birga ichki bozor va Mustaqilik davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlariga yetkazib beriladi. Tikuvchining aytishicha, kuniga kamida 600-800 ta sochiq hoshiyasini tikish mumkin. Bitta sochiq uchun o‘rtacha 180 so‘mdan xizmat haqi beriladi va bu kuniga 150 ming so‘m atrofida, oyiga esa 3 million 600 ming so‘mgacha foyda olish imkoni degani.
Yoki “Bog‘i baland” mahallasida yashovchi Sanobar Sotvoldiyeva ham subsidiyaga tikuv mashinasi olib, “Kushon tekstil group” korxonasi bilan shartnoma imzolagach, uyida kiyim tikib, daromad topishni boshladi. Ayolning aytishicha, u kuniga o‘rtacha 50 donagacha yarim tayyor kiyimlarni tiksa, 100-150 ming so‘mgacha xizmat haqi to‘lanadi.
Eng muhimi, Kosonsoyda tikuvchilik mahsulotlari tayyorlash va eksport qilish uchun katta salohiyat-u imkoniyat bor. Aytaylik, 3 mingga yaqin kishi ishlayotgan “Barkas teks group” korxonasida tayyorlanayotgan trikotaj mahsulotlari 15 ta davlatga eksport qilinyapti. Bir hafta ichida yana 70 ga yaqin kosonsoylik ishsiz xotin-qizlar shu yerda doimiy ish va daromad manbaiga ega bo‘ldi. Muxtasar Abdullayeva ham yaqinda shu yerda ish boshladi.
Respublika ishchi guruhi o‘rganishlari davomida Muxtasar singari ishsizligi aniqlangan 500 nafardan ziyod xotin-qiz tumandagi 14 ta tikuvchilik korxonasiga ishga joylashtirildi. Bunga kooperatsiya asosida uyida ishlayotgan 100 nafar xotin-qizni ham ko‘shsak, hafta-o‘n kun ichida jami 600 nafardan ziyod kosonsoylik ayollar bandligi ta’minlandi.
Bundan tashqari, kosonsoylik 22 nafar xotin-qizga subsidiya asosida pishiriq pishirish pechlari berilib, ular “Kushon shirinliklari”, “Sevimli ochiq savdo” kabi yirik qandolatchilik korxonalariga kooperatsiya asosida biriktiriladigan bo‘ldi. Birgina “Kushon shirinliklari” korxonasini olsak, bu yerda mavsum payti kuniga 1 tonnagacha 36 turdagi pishiriqlar tayyorlab, bozorga chiqariladi. Korxona rahbari Qosimjon Maqsudov 200 dan ortiq xotin-qizni uy sharoitida ish bilan ta’minlagan bo‘lib, yaqinda yana 100 nafar ayollarga pechlar olib berilib, uyida ishlashi ta’minlanadi.
Shu bilan birga, Kosonsoyda issiqxonalar tashkil qilish, tomorqalarda ham mahsulot yetishtirishdan to sotib olishgacha kooperatsiya tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator loyihalar ishlab chiqildi.
Kosonsoyliklarning yo‘llar ta’miri, elektr energiyasi, gaz, issiqlik, ichimlik suvi bilan bog‘liq eng birlamchi hayotiy masalalarini hal qilish uchun ham bor kuch-imkoniyat safarbar qilindi. Xususan, bu jarayonda “Shayxon”, “Bo‘ston”, “Bog‘ko‘cha” singari mahallalardagi 14,4 km. ichki ko‘chalar tosh yo‘lga aylantirilgani aholining yo‘lini ravon, uzog‘ini yaqin qilyapti.
“Hurriyat”, “Obod”, “Xonqo‘rg‘on”, “Bog‘i baland”, “O‘rta ko‘cha”, “Soycha” singari mahallalardagi 200 dan ziyod eskirgan simyog‘ochlar beton ustunlarga almashtirilib, yangi tarmoqlar tortib berilishi bilan ko‘plab xonadonlar ham, insonlarning ko‘ngli ham nurafshon bo‘ldi.
Aholi talab-istaklari asosida qariyb 5 ming 770 suyultirilgan gaz balloni yangilangan bo‘lsa, 1 ming 65 tonna ko‘mir olib kelinib, aholiga yetkazildi.
Davlatimiz rahbari belgilab bergan “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyili Respublika ishchi guruhi faoliyatining asosiy mezonlaridan biriga aylandi. Xalq ta’limi sohasi faxriylari, uyda ta’lim olayotgan o‘quvchilar holidan xabar olinib, bir qator maktablar mebel jihozlari va kitoblar bilan ta’minlandi.
O‘rganishlar natijasida og‘ir ijtimoiy ahvoldagi xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash, yoshlarning iqtisodiy-ijtimoiy masalalarini hal qilish, ehtiyojmand, yakka-yolg‘iz insonlar turar-joylarini ta’mirlash va ularga moddiy yordam ko‘rsatish uchun mahalliy byudjetdan 6,6 mlrd. so‘m ajratdi, o‘nlab xonadonlarni ta’mirlash ishlari boshlandi.
E’tiborlisi, og‘ir turmush sharoitida qolgan, boquvchisini yo‘qotgan, uy-joysiz besh nafar ayol va farzandlari uchun 12 ta ijtimoiy xonadon ajratilib, ularning barchasi yangi uylarga ko‘chirildi. Turmush o‘rtog‘i vafot etgach, ikki farzandi bilan og‘ir ahvolga tushib qolgan Nodira Zokirova ham qish-qirovli kunlarda barcha sharoitga ega boshpanaga ega bo‘lganidan baxtiyor.
Bu jarayonda 323 nafar bemorga davolanishi uchun amaliy yordam ko‘rsatilgan bo‘lsa, 53 nafar murojaatchi reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlandi.
Bir so‘z bilan aytganda, Respublika ishchi guruhining Kosonsoydagi faoliyati davomida 59 ta mahalladagi qariyib 38 ming 200 xonadon va mingdan ziyod ijtimoiy soha ob’yektlari o‘rganilib, ularda aniqlangan 6 ming 180 dan ziyod masalaning 4,5 mingdan ortig‘i hal qilindi. Buning uchun 11 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ ajratildi. Qolgan masalalar bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, aniq muddat va mas’ullar belgilanib, nazoratga olindi.
Izoh qoldirish