Markaziy bank tomonidan 2020 yilda asosiy e’tibor ichki narxlar o‘sishini sekinlashtirish orqali aholining xarid qobiliyatini saqlab qolish hamda koronavirus pandemiyasi tadbirkorlik sub’yektlari va banklarning moliyaviy holatiga salbiy ta’sirini yumshatish hisobiga iqtisodiyotda muvozanatlashgan moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisi Senatning o‘n to‘rtinchi yalpi majlisidagi hisobot berdi.
Qolaversa, tijorat banklariga zarur bo‘lgan moliyaviy resurslarni taqdim etish orqali bank va to‘lov tizimlarining barqaror faoliyat yuritishi ta’minlanmoqda.
2020 yilda Markaziy bank asosiy stavkasining 2 marotaba 1 foiz banddan (yillik 16 foizdan 14 foizgacha) pasaytirilishi hamda maqbul foiz stavkalari mexanizmining kiritilishi iqtisodiyotdagi pul-kredit sharoitlarini biroz yumshatib, karantin cheklovlari yumshatilgandan keyingi davrda inflyasiya darajasiga xavf tug‘dirmagan holda iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qildi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida so‘nggi 3 yil davomida jami 15,7 trln. so‘mdan ko‘p imtiyozli kreditlar ajratildi va bu orqali 633 mingdan ziyod oilalar tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yib, daromad topishga qaratilgan faoliyat bilan shug‘ullanishiga zamin yaratilgan.
Moliyaviy qiyinchilikka uchragan tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2020 yilning mart-dekabr oylarida banklar tomonidan 59 235 ta korxona aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun 26,8 trln. so‘mlik revolver kreditlar ajratilgan.
Pandemiya davrida moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining kredit to‘lovlari muddatining uzaytirilishi natijasida bank tizimida muammoli kreditlar ulushi 0,6 foiz bandga oshib, 2020 yil yakuni bo‘yicha 2,1 foizni (5,8 trln. so‘m) tashkil etganligi qayd etildi.
Jami muammoli kreditlarning 73 foizi yoki 4,2 trln. so‘mi tadbirkorlik sub’yektlari, 17 foizi yoki 961 mlrd. so‘mi jismoniy shaxslar, 10 foizi yoki 586 mlrd. so‘m davlat va byudjet tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Jismoniy shaxslarning muammoli kreditlari tarkibida ipoteka kreditlari ulushi 42 foizni (405 mlrd. so‘m), iste’mol kreditlari 20 foizni (194 mlrd. so‘m), mikroqarzlar 14 foizni (132 mlrd. so‘m), avtokreditlar 7 foizni (59 mlrd. so‘m) tashkil etgan. Bundan esa fuqarolar turmush sharoitini yaxshilash uchun ajratilgan kreditlar miqdorining yuqoriligi ko‘rinadi.
Davlat dasturlari doirasida aholining bandligini ta’minlash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadlari uchun 281 mingdan ortiq loyihaga jami 48,4 trln. so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan.
Terminallar orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar hajmida HUMO tizimi orqali o‘tkazilgan to‘lovlar ulushi 2020 yilda 2019 yildagi 3 foizdan 15 foizgacha oshgan.
Aholi uchun qulay HUMO kontaktsiz bank kartalari 5,3 mln., tadbirkorlik sub’yektlariga o‘rnatilgan hisob-kitob terminallari soni 203 ming, shuningdek bank infratuzilmalari, turizm ob’yektlari, dehqon bozorlari va savdo majmualariga o‘rnatilgan bankomatlar soni 4 mingga yetkazilgan.
Naqd pullarning banklar orqali aylanmasi 2020 yilda 360,2 trln. so‘mni tashkil etib, 2019 yilga nisbatan 1,3 barobarga oshgan.
Izoh qoldirish