Innovatsion rivojlanish vazirligi soliq kreditlari joriy etilishini taklif etdi

Innovatsion rivojlanish vazirligi soliq kreditlari joriy etilishini taklif etdi

O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida akademiya professor o‘qituvchilari, Davlat soliq qo‘mitasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi xodimlari ishtirokida yangi tahrirdagi soliq kodeksi muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir avvalida Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari M.Mirzayev va qo‘mita mutaxassislari tadbir ishtirokchilariga yangi tahrirdagi soliq kodeksiga kiritilayotgan o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berdi.

Bank moliya akademiyasi professor-o‘qituvchilari Yangi tahrirdagi soliq kodeksi bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar va kodeksga kiritilishi lozim bo‘lgan dolzarb masalalar xususida fikr almashadilar. Jumladan, mamlakatda soliq qonunchiligi barqarorligini ta’minlashning dolzarbligi, soliq tizimidagi o‘zgarishlar tadbirkorlik sub’yektlarining uzoq muddatli biznes rejalarini tuzishda qiyinchiliklarga duch kelishiga sabab bo‘layotgani, yashirin iqtisodiyotni kamaytirish mexanizmini kuchaytirish lozimligi qayd etildi.

Shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligi xodimi Rustam Ergashev vazirlik tomonidan soliq qonunchiligiga soliq krediti amaliyotini joriy etish bo‘yicha bir nechta takliflar chiqarilganini aytib, mazkur takliflar soliq islohotlari sharoitida ishbilarmonlik va tadbirkorlikni rivojlanishiga xizmat qilishini tahliliy ma’lumotlar bilan asoslab berdi. Shu munosabat bilan mazkur takliflar Soliq kodeksining yangi tahririga kiritilishi zarurligi ta’kidlandi. Soliqlar bo‘yicha to‘lovlarni keyinchalik bo‘lib-bo‘lib foizi bilan qaytarish orqali kamaytirishni nazarda tutuvchi “investitsiyaviy soliq kreditlari” institutining joriy etilishi tadbirkorlik sub’yektlarining ixtiyorida bo‘sh pul mablag‘larining qolishiga va bu mablag‘larning investitsion va innovatsion faoliyatga yo‘naltirilishiga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, tadbir jarayonida Yangi tahrirdagi soliq kodeksini ishlab chiqish komissiyasi tarkibiga mahalliy olim va professorlarni ham jalb etish to‘g‘risida takliflar berildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar