Notariat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazorat qilish tartibi belgilandi

Notariat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazorat qilish tartibi belgilandi

Hukumat qarori (464-son, 27.07.2021 y.) bilan Notariat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga notariuslar tomonidan rioya etilishi ustidan nazorat qilish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, notariuslarning notariat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etishi ustidan nazorat qilish quyidagi tekshirishlar orqali amalga oshiriladi:

- rejali tekshirish – adliya organlari tomonidan tasdiqlangan yillik (choraklik) ish rejasiga kiritilgan va har uch yilda bir marta o‘tkaziladigan nazorat shakli;

- qisqa muddatli tekshirish – notariuslar faoliyati adliya organi tomonidan reyd (har yili kamida bir marta), “sirli mijoz” hamda xizmat tekshiruvi tarzida amalga oshiriladigan nazorat shakli;

- kameral tekshirish – adliya organlari tomonidan o‘zi joylashgan manzil bo‘yicha notariuslarning notarial harakatlarni rasmiylashtirishda qonunchilikka rioya etilishini “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimidagi ma’lumotlar hamda adliya organida mavjud bo‘lgan boshqa hujjatlarni o‘rganish, tahlil qilish va umumlashtirish orqali amalga oshiriladigan nazorat shakli.

Notarius ish faoliyatini dastlabki tekshirish u ish boshlaganidan bir yil o‘tgandan so‘ng amalga oshiriladi.

Rejali tekshirish muddati bir notarius faoliyatini o‘rganish uchun 5 ish kunidan oshmasligi shart.

Reyd tadbiri adliya organi rahbarining buyrug‘iga asosan amalga oshirilib, uni o‘tkazish muddati 1 ish kuni etib belgilanadi.

“Sirli mijoz” tadbiri quyidagi hollarda o‘tkaziladi:

- notarial harakatlarning sifati va tezkorligi adliya organida shubha uyg‘otganda, ushbu sohada huquqbuzarliklar sodir etilayotganligi haqidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritish zarurati tug‘ilganda;
- huquqiy xizmat ko‘rsatish jarayonidan noroziligi haqidagi murojaatlar kelib tushganda.

“Sirli mijoz” tadbirini o‘tkazish uchun 1 ish kuni, davomli notarial harakatlar uchun – ushbu harakatning oxirgi kuniga qadar muddat belgilanadi.

Kameral tekshirish adliya organi rahbarining buyrug‘i asosida amalga oshiriladi va u muntazam ravishda o‘tkaziladi.

Barcha turdagi tekshirish natijasi bo‘yicha tegishli ma’lumotnoma tuziladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar