“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga ko‘ra 7 794 ta qishloq va mahalla ta’mirlanib obodonlashtiriladi

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga ko‘ra 7 794 ta qishloq va mahalla ta’mirlanib obodonlashtiriladi

AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot kotibi Saodat Boymirzayeva aholini ijtimoiy himoya qilish va sohaga oid qonunchilikdagi so‘nggi o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga qaysi hududlar kiritiladi, buning aniq mezonlari qanday?

Ushbu dasturlar doirasida quyidagi mezonlar asosida qishloq va mahallalar ro‘yxati shakllantiriladi va ushbu hududlardagi ijtimoiy infratuzilma muammolari o‘rnatilgan tartibda bartaraf etiladi:

- birinchisi, olis va iqlimi og‘ir hududdaligi;

- ikkinchisi, xalq qabulxonalari va hokimliklarga aholi tomonidan yo‘l transport tuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’yektlari bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar soni;

- uchinchisi, aholi va tadbirkorlar o‘zlari istiqomat qilayotgan yoki joylashgan qishloq va mahalla hududini birgalikda obodonlashtirish yuzasidan tashabbuslarining mavjudligi;

- to‘rtinchisi, hududning “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlog‘i” yoki “Turizm ovuli” maqomiga egaligi;

Qarorga ko‘ra, joriy yilda mazkur toifalarga kiruvchi 7 794 ta qishloq va mahallalarda qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 710 ta mahalla binosi, 114 ta mahalla guzari quriladi va ta’mirlanadi.

Joriy yilning yanvar oyidan boshlab, mamlakatimizdagi sharoiti og‘ir, ko‘p millatli, eng olis va chegara hududlarida joylashgan, ijtimoiy ahvoli og‘ir bo‘lgan 968 ta qishloq va mahallalarda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilayapti.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va hududiy hokimliklar tomonidan aholiga qulayliklar yaratish maqsadida, yangi tashkil etilgan aholi yashash mavzelari hamda mavjud mahallalarda oilalar va fuqarolar sonining ko‘payishi natijasida qator mahallalar tashkil etildi.

Joriy yilning 15 mart holati bo‘yicha mahallalar soni 31 taga ko‘payib, respublika bo‘yicha jami fuqarolar yig‘inlari soni 9 199 taga yetdi. Ularning: 8 900 tasi mahalla fuqarolar yig‘ini; 161 tasi ovul fuqarolar yig‘ini; 95 tasi qishloq fuqarolar yig‘ini; 43 tasi shaharcha fuqarolar yig‘inlaridan iborat.

Eslatib o‘tamiz, «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini moliyalashtirish uchun 2 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar