O‘zbekistonda qora metallurgiyani rivojlantirishning ustuvor vazifalari

O‘zbekistonda qora metallurgiyani rivojlantirishning ustuvor vazifalari

Tarmoqning bugungi holati, erishilgan natijalar va asosiy muammolar

Prezident Shavkat Mirziyoyev qora metallurgiya sanoatini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Ta’kidlanganidek, mazkur tarmoq qurilish, qurilish materiallari sanoati, avtomobilsozlik, mashinasozlik, energetika va elektrotexnika kabi umumiy hajmi qariyb 50 mlrd dollarlik iqtisodiyot tarmoqlari uchun asosiy xomashyo manbai hisoblanadi.

Qayd etilganidek, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion rivojlanish modeliga o‘tkazish hamda 2030 yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 240 mlrd dollarga yetkazish uchun iqtisodiy o‘sish sur’atlarini yiliga kamida 8–9% darajasida ta’minlash zarur.

Shu bilan birga, Prezident tarmoq rivojlanishini cheklab turgan tizimli muammolarga e’tibor qaratdi. Jumladan, import xomashyosiga yuqori darajada qaramlik, mahsulot tannarxining yuqoriligi, energiya sarfining kattaligi, shuningdek raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish sur’atlarining yetarli emasligi qayd etildi. Geosiyosiy ziddiyatlar kuchayib, xalqaro logistikada muammolar saqlanib qolayotgan sharoitda milliy xomashyo bazasini mustahkamlash, metall mahsulotlari turini kengaytirish va sifatini oshirish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

So‘nggi o‘n yilda mamlakatda listli po‘lat, navli prokat, quvurlar va metall konstruksiyalarga bo‘lgan ichki ehtiyoj uch baravar oshib, 5,5 mln tonnaga yetdi.

Yaqin yillarda amalga oshiriladigan yirik investitsiya loyihalari ushbu talabning yanada o‘sishiga xizmat qiladi. Xususan, atom elektr stansiyasi, to‘rtinchi mis boyitish fabrikasi va yangi mis eritish zavodini qurish uchun qariyb 2,5 mln tonna listli po‘lat va armatura talab etiladi.

Kelgusi besh yilda mamlakatda umumiy qiymati 180 mlrd dollarlik yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilishi, 27 mlrd dollarlik infratuzilma loyihalari amalga oshirilishi hamda 800 ming xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar barpo etilishi rejalashtirilgan.

Natijada 2030 yilga qadar iqtisodiyotning metall mahsulotlariga bo‘lgan yillik ehtiyoji 1,5 baravarga oshib, 8 mln tonnadan ortiqni tashkil etadi. Shu munosabat bilan Prezident ushbu talab qaysi ishlab chiqarish quvvatlari hisobidan qoplanishi bo‘yicha aniq hisob-kitoblar tayyorlanishi lozimligini ta’kidladi.

Hozirgi kunda Bekobod metallurgiya kombinati metall prokatining 40%ini ikkilamchi metall hisobidan, 60%ini esa import xomashyosi asosida ishlab chiqarmoqda.

Respublika bo‘yicha har yili qariyb 700 ming tonna qora metall parchalari qayta ishlashga topshirilayotgan bo‘lsa, yana taxminan 500 ming tonna metall rasmiy aylanmadan tashqarida qolmoqda.

Shu bilan birga, mamlakat temir xomashyosining salmoqli zaxiralariga ega. Razvedka qilingan temir rudasi zaxiralari 1,5 mlrd tonna deb baholanmoqda. Bundan tashqari, Toshkent, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida ham temir rudasining qo‘shimcha zaxiralari mavjudligi prognoz qilinmoqda.

Yig‘ilishda zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilganidek, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha amaliy natijalarga erishilgan.

Xususan, karer samosvallarini onlayn kuzatish va sun’iy intellekt asosida eng maqbul harakat yo‘nalishlarini tanlash natijasida har yili 1,5 ming tonna dizel yoqilg‘isi tejalmoqda. Bu esa 22 mlrd so‘m iqtisod qilish imkonini bermoqda. Ekskavator tishlarining yeyilishini oldindan prognoz qilish texnologiyasi joriy qilinishi hisobidan texnologik yo‘qotishlar yana 4 mlrd so‘mga qisqargan.

Erishilgan mazkur natijalar raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt metallurgiya ishlab chiqarishining samaradorligini oshirish, tannarxni pasaytirish hamda resurslardan foydalanish samarasini yuksaltirishda katta imkoniyatlarga ega ekanini ko‘rsatmoqda.

Qora metallurgiyani rivojlantirish bo‘yicha yangi vazifalar va ustuvor yo‘nalishlar

Iqtisodiyotda metall mahsulotlariga bo‘lgan talabning jadal o‘sishini hisobga olgan holda Prezident xomashyo bazasini kengaytirish, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, yangi turdagi mahsulotlarni mahalliylashtirish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni keng joriy etish, shuningdek tarmoqning ilmiy salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

Eng avvalo, qora metall aylanmasini to‘liq tartibga solish choralari ko‘riladi. Metallolomni yig‘ish, topshirish va qayta ishlash bilan bog‘liq barcha jarayonlar real vaqt rejimida elektron monitoring tizimiga o‘tkaziladi. Sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, narxlar barqarorligini ta’minlash va samarali nazorat mexanizmlarini joriy etish maqsadida Hukumat huzurida alohida loyiha ofisi tashkil etiladi.

Mazkur ofis metall mahsulotlari bozorini har kuni tahlil qiladi, xomashyo va tayyor mahsulotlarga bo‘lgan talab hamda taklifni baholaydi, shuningdek mahsulotning sifati, kelib chiqishi, fizik va kimyoviy xususiyatlari aks ettirilgan raqamli pasportlarni yuritadi. Loyiha ofisining faoliyati bir oy ichida yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Shuningdek, 1 avgustdan boshlab qora metall aylanmasini nazorat qilish imkonini beradigan «E-lom» elektron platformasi ishga tushiriladi.

Yig‘ilishda mahalliy xomashyo bazasini kengaytirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. «Surun-ota» konida yiliga 650 ming tonna temir xomashyosini qazib olish bo‘yicha xitoylik hamkorlar bilan kelishuvga erishilgani qayd etildi. Ushbu kondan olinadigan temir konsentrati 2027 yildan boshlab Bekobod metallurgiya kombinatiga yetkazib berilishi shartligi belgilandi.

Shuningdek, «Tebinbuloq» konini uch-to‘rt yil ichida o‘zlashtirish orqali yiliga 1 mln tonna po‘lat ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Tojikiston bilan har yili 700 ming tonna temir xomashyosini xarid qilish bo‘yicha memorandum imzolangani qayd etilib, shartnomani qisqa muddatda rasmiylashtirish va kelgusi yildan xomashyo yetkazib berishni boshlash vazifasi qo‘yildi.

Xususiy sektorning ishtiroki ham kengaytiriladi. Yirik xususiy korxonalar geologiya-qidiruv ishlaridan tortib, xomashyo qazib olish va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq texnologik zanjirni shakllantirishga jalb etiladi. Samarqand viloyatidagi korxonalardan biri temir koni ajratilgan taqdirda xomashyo qazib olishga 500 mln dollargacha investitsiya kiritishga tayyorligini bildirdi. Bekobod metallurgiya kombinati esa Forish tumanidagi zaxirasi 32 mln tonna deb baholanayotgan «Temirkon» konini o‘zlashtirish taklifini ilgari surdi. Prezident ushbu tashabbuslarni amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shu bilan birga, Toshkent, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida temir rudasi zaxiralari mavjudligi prognoz qilinmoqda. Yirik metallurgiya loyihalari amalga oshirilishi munosabati bilan marganets va ferrosilitsiy kabi temir sifatini oshirish uchun zarur minerallarga bo‘lgan ehtiyoj ham ortadi.

Shu munosabat bilan istiqbolli hududlarni sun’iy intellekt yordamida tahlil qilish hamda bir oy ichida temir rudasi va uni boyitish uchun zarur minerallar zaxiralarini ko‘paytirishga qaratilgan geologiya dasturini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Hudud rahbarlariga ushbu ishlarga yirik tadbirkorlarni jalb qilish topshirildi.

Bugungi kunda metallurgiya tarmog‘ida 150 ga yaqin o‘rta va kichik xususiy korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning xomashyo bilan barqaror ta’minlanishini yo‘lga qo‘yish maqsadida markazlashgan holda metallurgiya xomashyosini import qiluvchi alohida kompaniya tashkil etiladi. Uning faoliyati uchun 200 mln dollar ajratiladi. Import qilinadigan barcha xomashyo birja orqali sotiladi.

Yig‘ilishda metall mahsulotlari turini kengaytirish va yangi ishlab chiqarishlarni mahalliylashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Prezident yirik metallurgiya kombinatlari bilan xususiy korxonalar o‘rtasidagi kooperatsiyani yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

Bugungi kunda mamlakat ichida choksiz quvurlarga bo‘lgan talab 280 mln dollarni tashkil etadi. O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari esa har yili 1,5 mlrd dollarlik shunday mahsulotni import qilmoqda. Choksiz quvur ishlab chiqarishni mahalliylashtirish uchun 275 mln dollar investitsiya talab etiladi. Loyiha amalga oshirilsa, yiliga 450 mln dollarlik mahsulot ishlab chiqarish, shundan 170 mln dollarlik qismini eksport qilish imkoniyati yaratiladi.

Foydalanishga topshirilgan quyish-prokatlash majmuasi hisobiga avtomobilsozlik, maxsus transport, texnologik uskunalar, maishiy va qishloq xo‘jaligi texnikalari hamda qurilish materiallari uchun umumiy qiymati 1,5 mlrd dollarlik mahsulotlarni mamlakatning o‘zida ishlab chiqarish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Shu munosabat bilan uch oy ichida choksiz quvurlar, sovuq prokat, metallni 3D usulida chop etish hamda yuqori aniqlikda metallga ishlov berish bo‘yicha loyihalar paketini tayyorlash va ularni amalga oshirishni boshlash topshirildi.

Metallurgiya sanoatining yangi o‘sish nuqtalaridan biri Bekobod shahrida shakllantiriladi. Bekobod metallurgiya kombinati hududidagi 90 gektar maydonda tayyor infratuzilmaga ega «O‘zbekiston ekologik texnologiyalar sanoat parki» barpo etiladi.

Uning tarkibida qora metallurgiya bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazi tashkil qilinib, yangi turdagi mahsulotlarni yaratish va ularni ishlab chiqarishga joriy etish ishlari yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, xalqaro sertifikat berish huquqiga ega zamonaviy laboratoriya ham ishga tushiriladi.

Joriy yilning o‘zida xususiy investorlar ishtirokida katta diametrali quvurlar, ko‘tarma kranlar, filtrlash uskunalari hamda boshqa yangi turdagi metall mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar boshlanadi.

Hududlarda ham sanoat kooperatsiyasini kengaytirish nazarda tutilgan. Samarqand, Jizzax, Namangan va Sirdaryo viloyatlaridagi yirik metallurgiya korxonalari atrofida umumiy qiymati 100 mln dollarlik kooperatsiya loyihalari dasturi ishlab chiqiladi. Bu loyihalar qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish, xususiy sektor ishtirokini oshirish va yangi turdagi metall mahsulotlarini mahalliylashtirishga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Barcha metallurgiya kombinatlari uchun maxsus dastur ishlab chiqilib, uskunalardan foydalanish samaradorligini 20%ga oshirish, mahsulot tannarxini 10%ga, energiya sarfini 15%ga qisqartirish, texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlari hamda texnologik to‘xtashlarni 20%ga kamaytirish vazifalari belgilandi.

Bekobod metallurgiya kombinatida metallolom tarkibidagi metall bo‘lmagan aralashmalarni sun’iy intellekt orqali aniqlash yiliga 25 mlrd so‘m iqtisod qilish imkonini beradi. Eritish pechlariga intellektual datchiklar o‘rnatish esa har yili 3 mln dollarlik elektr energiyasini tejash imkonini yaratadi.

Metallurgiya sohasini ilmiy va tahliliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash vazifasi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga yuklatildi. Markaz tarmoqning «aql markazi» sifatida belgilandi.

Ushbu ishlarga Navoiy kon-metallurgiya kombinatining Markaziy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Ilmiy-texnologik markazi, Texnologik metallar kombinatining «O‘zbekiston – Koreya» ilmiy-texnologik markazi, Toshkent davlat texnika universiteti, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, Olmaliq davlat texnika instituti hamda Moskva po‘lat va qotishmalar institutining Olmaliq filiali ham jalb etiladi.

Ushbu ilmiy muassasalar va oliy ta’lim muassasalari yangi materiallarga bo‘lgan talabni baholaydi, har bir hududda qanday loyihalarni amalga oshirish maqsadga muvofiqligini, qaysi texnologiyalardan foydalanish lozimligini hamda kadrlar tayyorlashning ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi. Har bir hudud uchun bir yillik, uch yillik va besh yillik rivojlanish dasturlari ishlab chiqilib, hokimlarga taqdim etiladi.

Kelgusi o‘quv yilidan Bekobod metallurgiya kombinatida qora metallurgiya kafedrasi ochilib, dual ta’lim tizimi joriy qilinadi. Mutaxassislar nazariy ta’lim bilan bir qatorda ishlab chiqarish amaliyoti asosida tayyorlanadi.

Shuningdek, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi metallurgiya sohasidagi muammolarni tahlil qilish, mavjud cheklovlarni aniqlash va rivojlanishning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilashga xizmat qiladigan raqamli platformani ishga tushiradi.

Ilmiy tadqiqotlar ishlab chiqarish ehtiyojlariga yo‘naltirilishi, texnologik yangilanishni jadallashtirishi va korxonalarning amaliy muammolarini hal etishi lozimligi ta’kidlandi. Ilmiy ishlanmalarni moliyalashtirish va amaliyotga joriy etish maqsadida venchur jamg‘armasi tashkil etiladi.

Belgilangan vazifalar amalga oshirilishi natijasida mahalliy xomashyo bazasi kengayadi, importga qaramlik qisqaradi, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega metall mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi ortadi, xususiy sektorning ishtiroki kengayadi, hududiy sanoat kooperatsiyasi rivojlanadi, ishlab chiqarish xarajatlari va energiya sarfi qisqaradi, raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellekt keng joriy etiladi, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiya mustahkamlanadi.

Prezident metallurgiya sohasida texnologik sakrashni amalga oshirish zarurligini ta’kidlab, barcha rahbarlar zimmasiga belgilangan topshiriqlarni so‘zsiz bajarish mas’uliyati yuklatilishini qayd etdi. Yil yakuni bo‘yicha har bir mas’ulning faoliyati va shaxsiy javobgarligi qat’iy baholanadi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar