Ommaviy qabullar davom etmoqda

Ommaviy qabullar davom etmoqda

Ochiq-jonli muloqotlarda asosan elektr energiyasi, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, mehnat va bandlik, tadbirkorlik, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya kabi yo‘nalishlarda murojaatlar ko‘p bo‘ldi.

Nukus shahridagi “Qutlimakon” mahallasida yashovchi Alisher Yo‘ldoshev va Yunus Abdullayev murojaatlari asosida hududdagi 64 ta eskirgan simyog‘ochlarni beton ustunlarga, eskirgan transformatorni yangisiga almashtirish belgilab olindi. Beton tayanchlar o‘rnatish ishlari esa shu kunning o‘zida boshlab yuborildi.

Muloqotlar davomida avvalgi murojaatlar bo‘yicha sektorlar kesimida belgilangan vazifalar ijrosi ham o‘rganilib, bu boradagi ishlar jadallashtirildi. Aytaylik, Nukus shahridagi 21-daha 12 “b” uy aholisi murojaatlari asosida mazkur uyning tomini ta’mirlash belgilangan bo‘lib, ayni paytda bu boradagi ishlar yakuniga yetkazilyapti. E’tiborlisi, bu uyning tomi yarim asrdan ziyod vaqt o‘tib, ilk marta yangilanyapti. Shuningdek, 3-sektorda joylashgan mazkur hududdagi 51-uyning yerto‘lasi tozalanib, yo‘laklar, fasadlar ta’mirlanmoqda.

Nukus shahri 4-sektoridagi “Qattiag‘ar” mahallasi aholisi murojaatlari tahlilidan so‘ng ham ko‘p qavatli uylarning tomi ta’mirlanyapti.

“Xalqlar do‘stligi” mahallasidagi 9 qavatli mana bu uyda yashovchi aholini esa lift masalasi anchadan beri o‘ylantirib kelardi. Bu boradagi murojaatlar asosida ayni kunlarda mazkur lift ham yangilab berilyapti. Bu galgi qabullarda ayni shunga o‘xshash aholi hayoti va kayfiyatiga bevosita daxldor yangi-yangi masalalarni hal qilish bo‘yicha aniq muddatli vazifalar belgilandi.

Qoraqalpog‘iston 2-sektori mas’ullariga murojaatlar asosida nukuslik Jalg‘as Yesenbayevning kompyuter xizmatini, Orolboy Qozoqovning tikuvchilik korxonasi, Temur Saparovning esa avtomobillarni yuvish shoxobchalarini tashkil qilishi uchun imtiyozli kreditlar ajratish bilan bog‘liq masalalari hal qilib berildi.

Nukuslik Biybigul Jalolovaga uyida go‘zallik saloni ochib o‘zini-o‘zi band qilishi uchun yordam ko‘rsatishga qaror qilingan bo‘lsa, Yernazar Maksetovga veb dasturlash va axborot texnologiyalari yo‘nalishida o‘z ishini yo‘lga qo‘yishi uchun subsidiya hisobidan zamonaviy kompyuter jamlamasi olib beriladigan bo‘ldi.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining sirtqi bo‘limi 4-bosqich talabasi Ulzoda Taumurodova esa murojaatidan so‘ng o‘zi ta’lim olayotgan universitetga ishga qabul qilindi.

Jurnalistika ixtisosligi bo‘yicha oliy ta’lim olgan nukuslik Guljayna Aynazarova esa Qoraqalpog‘iston teleradiokompaniyasi tizimida ish boshladi.

Nukus shahridagi Teleoray mahallasida yashovchi Indira Amandiliyevaning esa bir murojaati asosida bir yo‘la uch masalasiga yechim topildi. Og‘ir ijtimoiy ahvoldagi ayolning o‘zi maktabgacha ta’lim tashkilotiga, turmush o‘rtog‘i esa qurilish korxonasiga ishga qabul qilinadigan, nogironligi bor farzandini davolatishga amaliy yordam beriladigan bo‘ldi.

Nukusning “Qumbiz” mahallasida yashovchi Gulbahor Sarsenboyevaning ham to‘rt masalasi shu yerda bitdi: maktabgacha ta’lim tashkilotlardan biriga tarbiyachi bo‘lib ishga olingan Gulbahorga ishdan so‘ng uyida maktabga tayyorlov kursini yo‘lga qo‘yishi uchun sharoit yaratiladigan, talaba singlisiga kontrakt to‘lovining yarmi to‘lab beriladigan, ular o‘zini tiklab olguniga qadar ipoteka kreditiga olingan uy-joyi to‘lovini to‘lashga ham ko‘mak ko‘rsatiladigan bo‘ldi.

Xuddi shunday muloqotlar asnosida og‘ir ijtimoiy ahvoldagi bir qator oilalar talaba farzandlarining shartnoma to‘lovlarini to‘lash bilan bog‘liq masalalarga ham shu yerda yechim topildi. Deylik, ikki farzandini oliy ta’lim muassasasida o‘qitayotgan nukuslik Dina Dariboyeva o‘g‘lining ham shartnoma to‘lovi Yoshlar ishlari agentligi jamg‘armasi hisobidan to‘lab berilishi belgilandi.

Nukusning Yo‘lchilar mahallasida yashovchi Diloram Ochilova, Shaydagul Majidova, “Janabazar” mahallasidan Bag‘dagul Izimova bir xil masalada murojaat qilishdi: uch ayolning ham uy-joyi termitlardan zarar ko‘rgan, uchalasining-da uylarini ta’mirlashga qurbi yetmayotir. O‘rganishlar asosida ularga bu borada amaliy ko‘mak berilib, ba’zilariga qurilish materiallari olib beriladigan, ayrimlariga esa mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.

Xuddi shunday murojaatlar bo‘yicha o‘rganishlar asosida nukuslik 2-guruh nogironi Rasul Nuriddinov, 1-guruh nogironi Qo‘nisboy Berdimurodov, boquvchisini yo‘qotgan, og‘ir ijtimoiy ahvoldagi Oygul Jumanazarova, Saltanat To‘laganova, Mayramgul Madreymova, Gulnoz Ayimbetova singari bir qator ehtiyojmand insonlarga uy-joyini ta’mirlashi, Alvina Yesbergenovaga hovlisida isitish tizimini yo‘lga qo‘yishi, Lola Norboyevaga tikuv mashinasi olishi, Dilafro‘z Davletovaga kredit qarzdorligini so‘ndirishi uchun moddiy yordam ko‘rsatilishi belgilandi.

Muxtasar aytganda, Prezident Xalq qabulxonasi Nukus shahrida tashkil qilgan navbatdagi ommaviy qabulda 360 nafar murojaatchining 402 ta masalasi ko‘rib chiqilib, ularning 165 tasi yoki 41 foizi joyida hal qilindi, 40 nafar murojaatchiga huquqiy tushuntirish va maslahat berilgan bo‘lsa, 197 ta murojaat nazoratga olindi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar