Qish oldi aholini qanday muammolar qiynayapti?

Qish oldi aholini qanday muammolar qiynayapti?

Asosan Ohangaron, Olmaliq, Angren shaharlari va Ohangaron tumani aholisi vakillari bilan kechgan ochiq muloqotlarda uy kommunal xizmat ko‘rsatish, energetika, obodonlashtirish sohalariga mas’ul vazirlik va idoralar, hokimliklar mas’ullari ko‘tarilgan masalalarga joyida yechim topishga harakat qildi.

Ohangaronlik Abdurasul Cho‘lponov o‘zi istiqomat qilayotgan “Chetsuv” mahallasida yangi maktab qurilgani, ammo shu paytgacha elektr tarmog‘iga ulanmagani, buning oqibatida dars jarayonlarida noqulaylik keltirib chiqarayotgani yuzasidan qilgan murojaati joyiga chiqib o‘rganildi va maktab shu kunning o‘zida tarmoqqa ulandi.

Angrenlik Shahnoza Navro‘zova uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi mutasaddilari bilan suhbatda o‘zi yashayotgan uyning kanalizatsiya quvurlari nosoz holga kelib qolgani bois, chiqindi suv xonadon ichiga sizib chiqayotgani yuzasidan murojaat qildi. Bu masalani shu kunning o‘zida bartaraf etish yuzasidan zarur amaliy chora-tadbirlar belgilanib, tarmoqda zarur tozalash va ta’mirlash ishlari bajarildi.

Ohangaron shahri “Vatan” mahallasidagi ko‘pqavatli 21-uyda istiqomat qiluvchi fuqarolar uy tomi ta’mirtalab holatga kelib qolgani, yog‘in-sochinli kunlarda chakki o‘tayotganini aytib, murojaat qildi. Murojaat joyiga chiqib o‘rganilib, tomda to‘liq ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi.

Murojaatlar asosida mazkur mahalladagi 24- va 25-uylar yo‘laklariga yoritish chiroqlari o‘rnatib berildi.

Ohangaronning “Yangiobod” mahallasi ahli elektr ta’minotida tez-tez uzilishlar bo‘lishi, mavjud transformator quvvati ehtiyojni ta’minlash uchun yetmayotgani yuzasidan bir necha kun avval murojaat qilgan edi. Muammo mahallaning o‘ziga chiqib o‘rganildi va kerakli choralar belgilangach, eski transformator o‘rniga yuqori kuchlanishli yangi transformator o‘rnatildi. Natijada mahalladagi 200ga yaqin xonadon hamda bog‘cha va maktab elektr ta’minoti yaxshilanadi.

Ohangaron shahrining Guliston mahallasidan kelgan fuqarolar ichki yo‘llar ta’miri bilan bog‘liq masalani aytib, mas’ullarga yuzlandi. Masala joyiga chiqib o‘rganildi va ichki yo‘lning salkam 1 kilometr qismini betonlashtirishga tayyorlash ishlariga kirishildi.

Ommaviy qabul doirasida avvalgi muloqotlar davomida kelib tushgan murojaatlarni hal etish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosiga ham e’tibor qaratildi. Misol uchun, Angren shahridagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi ariza va shikoyatlaridan keyin 152 ta uyning tom qismi joriy va mukammal ta’mirlandi, 129 ta uy yerto‘lasidagi muhandislik va kommunikatsiya tarmoqlari ta’mirdan chiqarildi. Jumladan, “Dorilfunun” mahallasidagi16-va 26-uylarning tomi, yerto‘ladagi quvurlar ta’mirlandi. Mahalladagi gaz taqsimlash punktlari nazoratdan o‘tkazilib, soz holga keltirib qo‘yildi. “Bobotog‘” mahallasidagi yuqori kuchlanishli transformator ta’mirlandi. Bu bilan 300 xonadonga to‘liq quvvatda elektr energiyasi uzatish imkoni yaratildi.

Mahmud Pardayev Angren shahrining “Yoshlik” mahallasida istiqomat qiladi. Nogironligi bo‘lgan farzandi bor. Shu yil fevral oyida otaxonning uyida yong‘in sodir bo‘lib, boshpanasidan ajralib qoladi. Qo‘li kaltaligi tufayli hech iloj qilolmagach, Xalq qabulxonasiga murojaat qilishga majbur bo‘ladi. Shundan keyin shahar hokimligi madad qo‘lini cho‘zib, ichki imkoniyatlar hisobidan uy ta’mirlab berildi. Otaxon davlatimizning insonparvar siyosatidan mamnun ekanini aytadi.

Qabul doirasida mahallalardagi xonadonlar dudbo‘ronlari tozalash, alohida e’tiborga muhtoj oilalarga bepul ko‘mir yetkazib berish ishlari bajarildi.

Umumlashtirib aytganda, ommaviy qabul jarayonida ko‘rib chiqilgan 215 ta murojaatning 41 tasi joyida hal qilindi, 23 ta murojaat yuzasidan huquqiy maslahat va tushuntirish berildi, qo‘shimcha o‘rganish, vaqt va mablag‘ talab qiladigan 151 ta murojaat nazoratga olindi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar