Hukumatning 17 yanvardagi qarori bilan Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Mehr daftari” tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Nizomga muvofiq, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar tuman (shahar) hokimi qarori asosida «Mehr daftari»ga kiritiladi va undan chiqariladi.
«Mehr daftari»ga kiritishning axborot tizimidan foydalanish tartibi Milliy gvardiya tomonidan belgilanadi. 2022 yil 1 fevralgacha mazkur axborot tizimi ishga tushiriladi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar 25 yoshga to‘lganda tegishli qaror asosida «Mehr daftari»dan chiqariladi. Bunda daftardan chiqarilayotgan shaxslarning bandligi ta’minlangan va uy-joyi mavjud bo‘lishi shart. Bandligi ta’minlanmagan holatlarda, «Mehr daftari» hisobida turish muddati bandligi ta’minlangungacha, biroq 5 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga uzaytiriladi.
O‘quv-tarbiya muassasalari hamda tuman (shahar) hokimliklarining Bolalarni himoya qilish shu’balari «Mehr daftari»ni shakllantirishga mas’ul hisoblanadi.
Izoh qoldirish