O‘zbekistonda kannabis yetishtirish bilan shug‘ullanish uchun to‘lanadigan boj miqdori tasdiqlandi

O‘zbekistonda kannabis yetishtirish bilan shug‘ullanish uchun to‘lanadigan boj miqdori tasdiqlandi

O‘zbekistonda texnik kannabis bilan bog‘liq ayrim faoliyat turlari bilan shug‘ullanish maqsadida litsenziyalar olish uchun to‘lanadigan bojlar miqdori tasdiqlandi. O‘simlikni yetishtirish uchun 3000 ta bazaviy hisoblash miqdori (BHM), import (eksport), qayta ishlash, saqlash, sotish (chiqarish), sotib olish va tashish uchun - bularning har biri uchun 200 BHM (taxminan 44,6 million so‘m)dan to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonda texnik kannabis yetishtirishga 2020 yilda ruxsat berilgan edi. 2019 yil mart oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklariga tashrifi chog‘ida ikki tomonlama investitsiya shartnomasi imzolangan. Unga O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev va “Industrial Innovation Group” kompaniyasi bosh direktori Taryam Matar Taryam imzo qo‘ygan edi. Oradan bir yil o‘tgach, mamlakatimizda sanoat maqsadlarida texnik kannabis yetishtirish, qayta ishlash va saqlashga ruxsat beruvchi Qonun qabul qilindi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, bundan buyon litsenziyalangan yuridik shaxslar texnik kannabis yetishtirish, uni sanoat asosida qayta ishlash, sotish va boshqalar bilan bog‘liq faoliyat turlari bilan shug‘ullanishlari mumkin.

Ushbu turdagi faoliyat bilan shug‘ullanish uchun litsenziyalar olish maqsadidagi bojlar miqdori 2020 yil 3 dekabrdagi O‘RQ-653-sonli "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qonunining 17-moddasida ko‘rsatilgan. Litsenziyalar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan beriladi.

Texnik kannabis katta salohiyatga ega bo‘lib, sanoat sohasida tibbiyot, yoqilg‘i, to‘qimachilik, oziq-ovqat, qog‘oz, qurilish va boshqa tarmoqlar uchun xom ashyo sifatida faol foydalanib kelinadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar